AQSh Senati qurol qonunlarini biroz qat’iylashtirishga qaror qildi

Qonun loyihasi 21 yoshga to‘lmagan qurol sotib oluvchilarni tekshirishni kuchaytirishni nazarda tutadi. Bu qurol haqidagi qonunlarning qariyb 30 yil ichida birinchi marta qat’iylashtirilishidir.

AQSh Senati o‘tgan oy maktablarda sodir bo‘lgan ikki qonli voqeadan so‘ng, qurol-yarog‘ga oid qonunlarni biroz qat’iylashtirishni yoqlab ovoz berdi. 23 iyun, payshanba kuni kechqurun tegishli qonun loyihasini 65 nafar senator qo‘llab-quvvatladi, 33 nafari qarshi chiqdi. Ushbu hujjat Kongress Vakillar palatasi tomonidan tasdiqlansa va AQSh prezidenti Jo Bayden tomonidan imzolansa kuchga kiradi.

AQShda so‘nggi 30 yil ichida birinchi marta qurol to‘g‘risidagi qonunlar kuchaytirilmoqda. Qonun loyihasi 21 yoshga to‘lmagan qurol sotib oluvchilarni tekshirishni kuchaytirishni nazarda tutadi. Ayrim shtatlar potensial xavfli fuqarolardan qurollar vaqtincha tortib olingani uchun moliyaviy mukofotlar olishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, maktablarda xavfsizlikni yaxshilash va jabrlanganlarga psixologik yordam ko‘rsatish uchun milliardlab dollar ajratish ko‘zda tutilgan.

Demokratlar qonunchilikni yanada jiddiyroq kuchaytirish tarafdori bo‘lishdi, ammo Senatda bloklovchi ozchilikka ega respublikachilarning qarshiliklariga duch kelishdi. Shunga qaramay, ekspertlar demokratlar va respublikachilar Qo‘shma Shtatlardagi jamiyatning hozirgi chuqur qutblanishi fonida qurol-yarog‘ to‘g‘risidagi qonun loyihasi matni bo‘yicha umumiy kelishuvga erishganini muvaffaqiyat deb hisoblamoqda.

May oyida AQShda sodir bo‘lgan ikki qonli voqea qurolga oid qonunlarni kuchaytirish borasidagi munozaralarning yangi bosqichiga sabab bo‘ldi. Nyu-York shtatida 18 yoshli yigit supermarket va uning atrofida 10 kishini otib o‘ldirdi, Texasda esa yana bir 18 yoshli yigit boshlang‘ich maktabda 19 nafar bola va ikki o‘qituvchini otib tashladi.

Kun.uz

Powered by GSpeech