JSST rahbari dunyoda qancha odam maymun chechagiga chalinganini ma’lum qildi

Dunyo bo‘yicha maymun chechagi bilan kasallangan kishilar soni 3,2 mingdan oshdi, dedi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adanom Gebreyesus.

"Bundan olti haftacha avval JSST Buyuk Britaniyada maymun chechagi bilan bog‘liq uchta holat haqida ma’lumot oldi. Eng qizig‘i, bemorlarning birortasi ham mamlakatdan tashqariga chiqmagan. Shundan buyon bizga maymun chechagi bilan bog‘liq holat bo‘yicha 48 ta mamlakatdan  3 ming 200 ta holat haqida xabar kelib tushdi", - deya bayonot berdi  Gebreyesus, JSSTning maymun chechagi bo‘yicha favqulodda qo‘mitasi majlisini ochar ekan.

JSSTning ma’lum qilishicha, kasallik asosan betartib jinsiy hayot kechirayotgan erkaklarda uchramoqda.  

Bosh direktorning ta’kidlashicha, infeksiya boshqa istalgan odamga ham yuqishi mumkin. Shu bois JSST rahbari Nigeriyada maymun chechagining yuqishi mexanizmini o‘rganishga chaqirdi, chunki Nigeriyada ayollarning infeksiya yuqtirish holatlari boshqa mamlakatlarga qaraganda ko‘proq.

Maymun chechagi noyob yuqumli infeksiya bo‘lib, odamlar orasida tarqaladi. Odatda u yengil kasallik hisoblanadi va aksariyat bemorlar bir necha haftadan keyin tuzalib ketadi, lekin ayrim odamlarda kasallik og‘ir oqibatlarga ham olib kelishi mumkin. 

O‘zA

Powered by GSpeech