Konstitutsion islohotlar – ekologik huquqlar kafolati

Demokratik islohotlarni amalga oshirishda muhim qadamlarni qo‘yayotgan O‘zbekiston ham adolatli jamiyatni qurish yo‘lida dadil qadamlarni tashlamoqda. Ochiqlik siyosati, so‘z erkinligi, xalq bilan muloqot, aholining dardu tashvishlarini eshitish – bularning barchasi so‘nggi besh-olti yilda hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar doirasida ham inson manfaatlariga xizmat qiladigan mana shunday keng ko‘lamli omillarning barchasini davlatimiz Bosh qomusida aks ettirish muhim ahamiyatga ega.

Mamlakatimizda bo‘lib o‘tayotgan muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarda fuqarolarimiz, keng jamoatchiligimiz vakillarining, ayniqsa yoshlarning befarq bo‘lmasdan, o‘z taklif va mulohazalari bilan faol qatnashayotgani ham jamiyatimizda insonparvarlik muhitining mevasi deyish mumkin. Bugun befarq bo‘lmasdan, Bosh qonunga o‘zining takliflari bilan ishtirok etayotgan qatlam ertaga uning ijrosi uchun ham qat’iy pozitsiyada turadi. Bu esa mamlakatda qonun ustuvorligining muhim ko‘rinishini ifoda qiladi.

Kuni kecha mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan o‘tkazgan uchrashuvida bu borada alohida to‘xtalib o‘tdi.

Ochig‘ini aytganda, konstitutsiyaviy islohotlar mohiyatini haligacha unchalik anglamagan yurtdoshlarimiz ham davlatimiz rahbari aytgan fikrlarni eshitib, bu naqadar hayotiy zarurat ekanini tushinib yetdi, desak xato bo‘lmaydi. Chunki, Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha mamlakat rahbarining shaxsan o‘zi aytgan o‘nlab takliflar xalqimiz yillar davomida kutgan, orzu qilgan masalalar ifodasi, odamlar duch kelayotgan ko‘plab muammolarning ayni yechimi sifatida yangradi. Bu masalalarning Bosh qomusimizda aks etishi esa chinakamiga inson manfaatlariga xizmat qiladi.

Prezidentimiz ta’kidlab o‘tgan ustuvor yo‘nalishlar negizini tashkil etuvchi “Inson qadri uchun” g‘oyasi hamda hozirgi islohotlarimizning bosh tamoyili bo‘lgan “Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuv Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirilmoqda. Yangi jamiyat – Yangi O‘zbekiston hayotida inson qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi oliy darajada o‘z ifodasini topmoqda.

Yurtboshimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan xalqimizga bayram tabrigida konstitutsiyaviy islohotning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida ekologik masalalarga e’tibor qaratib, “hozirgi vaqtda ko‘plab rivojlangan davlatlar, tabiatdagi global o‘zgarishlarni hisobga olib, o‘z konstitutsiyasiga ekologiyaga oid maxsus boblar kiritmoqda. O‘zbekiston Konstitutsiyasida ham ushbu dolzarb masalaga doir huquqiy normalar ustuvor o‘rin egallashi lozim”, – deya alohida ta’kidlagan edi.

Kecha bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham davlatimiz rahbari bu masalaga yana bir bor to‘xtalib, ekologik masalalar Asosiy qonunda keng aks etishi naqadar hayotiy zarurat ekanini ifodalab berdi. “Tabiatdagi global iqlim o‘zgarishlari, Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq vaziyatning tobora keskin tus olayotgani ekologik xavfsizlikni g‘oyat dolzarb masalaga aylantirdi. Shu bois, Konstitutsiyamizda ushbu yo‘nalishga doir ekologik-huquqiy normalar o‘z ifodasini topishi lozim. Hech shubhasiz, bunday konstitutsiyaviy o‘zgarishlar jamiyatimizda fuqarolarning ekologik huquqlari va majburiyatlari, ayniqsa, mansabdor shaxslarning tabiat himoyasi uchun mas’uliyatini keskin oshirish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Bu, o‘z navbatida, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarni yanada kuchaytirish imkonini beradi”, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoev.

Bosh Qomusimizga ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasi bo‘yicha taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni so‘nggi yillarda mamlakatimizda mazkur sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy yechimi sifatida ko‘rish mumkin.

O‘rni kelganda aytish kerak, yaqin besh yil davomida qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini umumiy energiya balansida uch barobar ko‘paytirilishi mamlakatimiz aholisi va iqtisodiyot tarmoqlarining elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash yanada yaxshilanishiga imkoniyat yaratish bilan bir qatorda, mintaqada energetik barqarorlikni ta’minlashga hamda respublikamizning Iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha Parij bitimi doirasida olgan majburiyatlari ijrosini ta’minlashga xizmat qiladi.

Muxtasar aytganda, global tusdagi ekologik muammolarni bartaraf etishda ekologik innovatsiyalarni joriy etish, ekologik toza, energiya samarador va resurstejamkor loyihalarni amalga oshirish, “yashil iqtisodiyot”ga amaliyotga tadbiq etish, mamlakatimizning ekologik xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishlariga moslashish imkonini berish bilan bir qatorda iqtisodiyot tarmoqlari rivojlanishiga, bu esa aholimiz farovonligi yanada oshishiga xizmat qiladi. Buning negizida esa inson huquqlari va erkinliklari, yangi O‘zbekistonimizni kelgusidagi barqaror taraqqiyotini ta’minlovchi Konstitutsiyaviy islohotlar turishi barchamizga ma’lum.

 

Xayrillo G‘AFFOROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari,

O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari

 

Powered by GSpeech