Konstitutsiyaviy islohotlarning oldingilaridan qanday farqli jihatlari bor?

Konstitutsiyaga taklifimiz...

Konstitutsiya – dogma emas. U ham zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarga hamohang tarzda takomillashtirilib borilmog‘i zarur. Agar dunyo konstitutsiyaviy amaliyotiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, so‘nggi 30 yillikda 90 ga yaqin davlatda demokratik konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilib, ularning 53 tasida yangi konstitutsiyalar qabul qilinganligini ko‘ramiz.

Bundan xulosa qilish mumkinki, muayyan vaqt o‘tgandan so‘ng davlatning Asosiy qonuniga ham tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritish hayotiy zaruriyatga aylanib boradi. Mazkur jarayon, ayniqsa, mamlakatimizda 2017 – 2022 yillarda va inson qadrini yuksaltirish maqsadida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar sharoitida muhim ahamiyat kasb etadi.

Yurtimizda konstitutsiyaviy islohotlarning boshlanishini quyidagi asosiy omillar va sabablar taqozo etdi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Birinchi sabab – ilgari amalda bo‘lib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini “inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga o‘zgartirish zaruriyati mazkur islohotlarning boshlanishiga birlamchi asos bo‘ldi.

Ikkinchi sabab – mamlakatimiz taraqqiyotining so‘nggi yillarida amalga oshirilgan islohotlar natijasida yuzaga kelgan yangi ijtimoiy munosabatlarning konstitutsiyaviy-huquqiy maqomini mustahkamlash. 2017-2022 yillarda davlatimiz rahbari boshchiligida barcha sohalarni raqamlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Tan olib aytish kerakki, bugungi kunimizni raqamli texnologiyalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Xususan, bugungi taraqqiyotimizning asosini raqamli iqtisodiyot, raqamli turizm, raqamli sud, raqamli davlat xizmatlari kabi tushunchalar tashkil etayotganligi ayni haqiqat.

Uchinchi sabab – so‘nggi yillarda xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash borasida joriy etilgan yangi mexanizmlarni Bosh qomusimizda mustahkamlash zaruriyati. Ma’lumki, mulkdor bo‘lish har bir insonning ajralmas huquqlaridan biridir. Shu sababli mulkdorlarning huquqlarini himoya qilish, bu borada kafolatli tizim joriy etish va har qanday sharoitda ham mulk daxlsizligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.

To‘rtinchi sabab – ekologiya va atrof tabiiy muhitning sofligini saqlash, uni kelajak avlodga bezavol yetkazish borasidagi ulug‘vor maqsadlarni Konstitutsiyada belgilashni hayotning o‘zi taqozo etmoqda. Beshinchi sabab – yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash borasidagi davlat tomonidan yaratib berilgan kafolatlar tizimini bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish ham Bosh qomusimizga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritish zaruratini yuzaga keltirdi.

Xususan, Yangi O‘zbekistonda so‘nggi yillarda xalqaro standartlarga to‘la javob beruvchi ta’lim tizimi joriy etilganligi, jamiyatning yoshlar qatlamini har jihatdan barkamol avlod sifatida voyaga yetishi uchun amalga oshirilayotgan bugungi keng ko‘lamli islohotlarning konstitutsiyaviy-huquqiy maqomini belgilash g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi.

Yuqoridagilardan tashqari, Bosh qomusimizga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish uchun davlat va jamiyat boshqaruvida mahalla instituti va xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining maqomini yanada mustahkamlash, ularning vakolatlarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar ham sabab bo‘lganligini alohida ta’kidlash o‘rinli.

Ma’lumki, o‘tgan yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga 16 marotaba turli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Biroq Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha boshlangan yangi konstitutsiyaviy islohotlar oldingilaridan bir qator jihatlari bilan farq qiladi. Birinchi farqli jihati, avvalo, hozirgi konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati keng qamrovli bo‘lib, Konstitutsiyaning barcha bo‘limlari, boblari va moddalarini keng muhokama qilish asnosida amalga oshirilmoqda. Buni joriy yilning 26 may kunidan e’tiboran fuqarolardan takliflar olish jarayonining boshlanishi misolida ham ko‘rishimiz mumkin.

Ikkinchi farqli jihati, Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha amalga oshirilayotgan hozirgi islohotlar “Jamiyat islohotlar tashabbuskori” degan ezgu g‘oyaga asoslangan holda olib borilmoqda. Uchinchi farqli jihati esa o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish jarayoni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda amalga oshirilmoqda. Mazkur holat ham Bosh qomusimizda belgilangan “Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir” degan oltin qoidaning hayotiyligini isbotlamoqda.

Yaratilib berilayotgan mazkur imkoniyatlardan “Adolat” SDP jamoasi ham unumli foydalanmoqda. Taklif berish jarayoni boshlangandan to hozirga qadar “Adolat” SDPning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamda partiya tizimidagi xodimlar va faol yoshlar tomonidan 500dan ziyod takliflar turli manbalar orqali Konstitutsiyaviy komissiyaga yuborilganligini aytish joiz.

Shu o‘rinda “Adolat” SDP jamoasi partiyaning ustuvor maqsadlari va vazifalaridan kelib chiqqan holda, davlat va jamiyat boshqaruvining barcha sohalarida adolatni qaror toptirish, korrupsiya illatiga qarshi murosasiz kurash olib borish, adolat va odil sudlovni amalga oshirish, yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Bosh qomusimizda quyidagi muhim masalalar o‘z ifodasini topishi kerak, deb hisoblaydi.

Birinchi taklif. Konstitutsiyaning 7-moddasi ikkinchi qismidagi “manfaatlarini ko‘zlab” degan so‘zlardan keyin “ijtimoiy adolat tamoyillariga tayanib” degan so‘zlarni kiritish. Mazkur taklifning mohiyatida Yangi O‘zbekistonda davlat hokimiyatini amalga oshirish ijtimoiy adolat tamoyillariga asoslangan holda amalga oshirilishi nazarda tutilayotganligi bilan ahamiyatlidir.

Ikkinchi taklif. Konstitutsiyaning VII bobida “Fuqarolarning sud himoyasida bo‘lish huquqiga ega” ekanligiga doir normani belgilash taklif etiladi. O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi qonuni 14-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar davlat organlari hamda boshqa organlarning har qanday g‘ayriqonuniy qarorlari, ularning mansabdor shaxslarining xatti-harakatlaridan (harakatsizligidan), shuningdek, hayoti va sog‘lig‘i, sha’ni hamda qadr-qimmati, shaxsiy erkinligi va mol-mulki, boshqa huquq va erkinliklariga tajovuzlardan sud himoyasida bo‘lish huquqiga ega. Yuridik shaxslar ham sud himoyasida bo‘lish huquqiga ega” ekanligi belgilangan. Mazkur normani Bosh qomusimizda umumiy xarakterdagi norma sifatida belgilash maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb hisoblaymiz.

Uchinchi taklif. Partiya tizimidagi faol yoshlarning tashabbuslariga asosan Konstitutsiyada “Yoshlar” deb nomlangan yangi bobni kiritish va unda yoshlar O‘zbekistonning eng katta va bebaho boyligi ekanligi, Yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, yoshlar uchun davlat tomonidan yaratib berilayotgan kafolatlar tizimini belgilash taklif etiladi. Aholisining qariyb 57 foizini yoshlar tashkil etadigan Yangi O‘zbekistonning Asosiy qonunida yoshlarga atalgan muhim masalalarning belgilanishi dolzarb ahamiyat kasb etadi.

To‘rtinchi taklif. Konstitutsiyaning 41-moddasida belgilangan ta’limga oid normani batafsil tarzda ifodalash maqsadida Konstitutsiyada “Ta’lim” deb nomlangan yangi bobni kiritish, mazkur bobda maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim (professional ta’lim) hamda oliy ta’limga doir normalarni alohida tarzda ifodalash taklif etiladi.

Beshinchi taklif. Konstitutsiyaning oltinchi bo‘limi nomini “Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish” deb qayta nomlash taklif etiladi. Milliy konstitutsiyaviy amaliyotimiz tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritilishi bilan bir qatorda, unga bir necha marotaba turli qo‘shimchalar ham kiritilganligini ko‘rish mumkin. Shu sababli Bosh qomusimizga qo‘shimchalar kiritish jarayonining ham konstitutsiyaviy-huquqiy maqomini belgilash maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Bir so‘z bilan aytganda, bugungi amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar qator ijobiy jihatlari bilan xalqimiz va davlatimiz taraqqiyoti uchun beqiyos ahamiyatga egadir. Jumladan, mazkur islohotlar tom ma’noda “inson qadri uchun” degan ezgu tamoyilning hayotda o‘z isbotini topishiga, davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda xalqning xohish-irodasini batamom qaror toptirish borasidagi demokratik islohotlarning tadrijiyligini hamda adolatli va odil sudlovni ta’minlashga zamin bo‘ladi.

Shuningdek, zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning konstitutsiyaviy-huquqiy maqomi belgilanishiga hamda Yangi O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatidagi o‘rni va nufuzi yanada ortib, jonajon yurtimizning ijobiy imidji yanada yuksalishiga xizmat qilishi, shubhasiz.

Umidjon SULAYMONOV,

“Adolat” SDP Siyosiy Kengashi

raisi o‘rinbosari.

O‘zA

Powered by GSpeech