Konstitutsiyaviy qonun loyihasi birinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatlandi

Bugungi kunda mamlakatimizda Konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishga qizg‘in hozirlik ko‘rilib, Asosiy qonunimizni takomillashtirish bo‘yicha qator takliflar, mulohazalar bildirilmoqda.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda bir qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvida ilgari surgan taklif va tashabbuslari, ularning mazmun-mohiyati, shuningdek, Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonining navbatdagi bosqichida O‘zLiDeP hamda O‘zMTDP fraksiyalarining o‘rni va roli haqida fikr almashildi. 

Fraksiya a’zolari Prezidentimizning Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda ilgari surgan takliflari va tashabbuslarini to‘la ma’qulladilar. Shuningdek, Konstitutsiyaviy komissiyaning faoliyatini ijobiy baholadilar. 

Yig‘ilishda bir guruh deputatlar tomonidan konstitutsiyaviy tashabbus orqali kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ham birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, qonun loyihasida davlat qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini, tadbirkorlikning rivojlanishi uchun shart-sharoitlarni ta’minlash, halol raqobat himoya qilinishini, iqtisodiy faoliyatda monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligini kafolatlash, tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, o‘z faoliyatining yo‘nalishlarini mustaqil tanlashga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqliligi belgilab qo‘yilmoqda.

Bundan tashqari, loyihada yer ham xususiy mulk bo‘lishi mumkinligi, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan, o‘rmon fondi yerlari davlatga tegishliligi va u ijara shartnomalari asosida fuqarolarga ajratib berilishi kabi masalalar aks etgan. Shuningdek, davlat byudjetini ko‘rib chiqish va qabul qilish tartib-taomili jamiyat uchun ochiqligi, davlat fuqarolarning byudjet jarayonida faol ishtirok etishi uchun zarur chora-tadbirlarni ko‘rishiga oid normalar o‘z ifodasini topgan.

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari yer munosabatlari Konstitutsiya darajasida mustahkamlab qo‘yilishiga alohida e’tibor qaratib, o‘z munosabatlarini bildirdilar. Ularning fikricha, bu  ishbilarmonlik va investitsiyaviy faollikni rag‘batlantirib, xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini hozirgi 67 foizdan 80 foizga yetkazishga xizmat qiladi.

O‘zMTDP fraksiyasi a’zolari esa qonun loyihasida nazarda tutilayotgan davlat maktabgacha ta’lim tizimining rivojlantirilishiga ko‘maklashish, har bir bolaning umumiy o‘rta ta’limga doir yillik tayyorgarlikdan o‘tishga bo‘lgan huquqini, davlat bepul umumiy o‘rta ta’lim, majburiy umumiy o‘rta ta’lim olish huquqini hamda iqtidorli yoshlarning moddiy ahvolidan qat’i nazar, ta’lim olishi davom ettirilishini kafolatlashiga oid normalar “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi saylovoldi dasturiga hamohang ekanligini qayd etdi.

Yig‘ilishda ushbu qonun loyihasi maromiga yetkazib tayyorlangani, loyihani tayyorlash jarayonida har ikkala partiya fraksiyasi a’zolari hamda takshilotlari o‘z takliflari bilan ishtirok etgani, partiya g‘oya va maqsadlaridan kelib chiqqan holda qator takliflar berilgani ta’kidlab o‘tildi. 

Fraksiyalar qo‘shma yig‘ilishda Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar atroflicha ko‘rib chiqilib, qonun loyihasi konseptual jihatdan birinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatlandi. 

M.Komilova, O‘zA

Powered by GSpeech