Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha siyosiy partiyalar fraksiyalari a’zolari qanday fikrda?

Konstitutsiyaviy komissiya Matbuot kotibi Odiljon Tojievning ma’lum qilishicha, Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatining birinchi bosqichi yakuniga yetdi. Ya’ni, ilk bosqichda Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha takliflarni qabul qilish, jamlash va tahlil qilish ishlari tashkillashtirildi.

Ikkinchi bosqich esa Parlament tomonidan ishlab chiqilgan yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasini umumxalq muhokamasida ko‘rib chiqishni nazarda tutadi.

Bugun, 23 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bir guruh deputatlar tomonidan konstitutsiyaviy tashabbus orqali kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari yig‘ilishlarida ko‘rib chiqildi.

Qonunchilik palatasidagi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov fraksiyalar yig‘ilishlarida Konstitutsiyaviy qonun loyihasining konsepsiyasi, uni qabul qilishning zarurati haqida ma’ruza qildi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalari hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish tashabbusi ilgari surilgani bois qonun loyihasi muhokamasi ham ikki fraksiyaning qo‘shma yig‘ilishida muhokama qilindi.

Muhokamalar avvalida deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 20 iyun kunidagi Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar, takliflardan olingan xulosalar va ta’surotlarini bildirib o‘tdi.

Shuningdek, fraksiya yig‘ilishlarida deputatlar qonun loyihasi yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bildirib o‘tishdi.

Alisher Qodirov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish”DP fraksiyasi rahbari, Konstitutsiyaviy komissiya raisi o‘rinbosari:

­ –Qonun loyihasining muhokamasi jarayonida Konstitutsiyamiz har bir odam uchun tushunarli, xalqchil bo‘layotganligi, Yangi O‘zbekistonning o‘zgarish ruhiga mos bo‘lgan yangiliklarning kiritilayotganiga guvoh bo‘ldik va fraksiya a’zolarimiz buni alohida e’tirof etishdi.

2016 yildan keyin boshlangan Yangi O‘zbekiston islohotlari davlatning insonga xizmat qilish konsepsiyasini ilgari suradi va inson qadrining ustuvor ekanligini ta’kidlaydi. Bugun qilinayotgan barcha ishlar, avvalo inson va davlatning asosini tashkil qiluvchi xalqning farovonligini ta’minlashga qaratilgan.

Shu nuqtai nazardan qonunlarimizda ham bu jarayonlarning aks ettirilishi, ayniqsa Konstitutsiyamizda bu maqsadning aks ettirilishi qonun loyihasi bilan kiritilayotgan har bir o‘zgartishlarda yaqqol ko‘rinib turibdi.

Insonning haq-huquqlari, erkinliklarini ta’minlash, uning mehnat huquqi, ma’muriy huquqlari, O‘zbekistondagi fuqarolik erkinliklari va huquqlari nuqtai nazaridan kiritilayotgan normalarning har-xil talqinlarga olib kelinmaydigan qilib ochiq-oydin ta’minlanishi muhim ahamiyatga ega.

Oila instituti, madaniy-ma’naviy va tarixiy meroslarimizni asrab-avaylash bo‘yicha davlatning burchlari belgilanishi, har bir fuqaroning mehnat huquqlarini ta’minlash bo‘yicha davlatning majburiyatlari mustahkamlanishi va bugungi o‘zgarayotgan dunyoda O‘zbekistonning manfaatlari himoya qilinishi nuqtai nazaridan samarali va foydali qonun loyihasi, deb topildi.

Shuxrat Bafaev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi:

­ – Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalarining qo‘shma yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonun loyihasida bir qator normalar o‘z ifodasini topgan.

Qonun loyihasida nazarda tutilayotgan yangiliklar haqida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, bu bevosita mulkiy munosabatlar bilan bog‘liq masalalardir. Shu bois, endi davlatning o‘zi mulkdorlarning mulk huquqini ishonchli himoya qilinishini o‘z zimmasiga olyapti. Bu borada davlat tadbirkorlikni rivojlantirish va qulay ishbilarmonlik muhitini yaratadi.

Tadbirkorlar qonunchilikda ta’qiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish, o‘z faoliyatining yo‘nalishini mustahkam tarzda tanlash va tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda foyda olishlari Konstitutsiyada alohida mustahkamlab qo‘yilmoqda. Bu normalar esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydi.

Aytish joizki, xalqimiz orasida “snos” degan nom bilan mashhur bo‘lgan muammo bor edi. Yaqin yillarga qadar ushbu muammo tadbirkorlarimizni katta tashvishga solib kelgan. Prezidentimiz Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda bu masalaga alohida to‘xtaldi.

Ushbu masalaning Konstitutsiya darajasida belgilanayotgani har bir tadbirkor doimo davlat, Konstitutsiya, qonunlar hamda Prezident himoyasida ekanidan dalolat beradi. Bu borada qonun loyihasida yangi 531-modda kiritilgani minglab tadbirkorlarning ayni dilidagi gap bo‘ldi.

Shubhasiz, mulkdorlarning huquqlarini, erkinliklarini, mulkka bo‘lgan huquqlarini davlat tomonidan himoya qilinishi tadbirkorlarda davlatga nisbatan ishonchni yanada kuchaytiradi. Eng muhimi, tadbirkorlik sub’ektlarining soni keskin oshib, ishlab chiqarish ko‘lami kengayadi, yangi-yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, mulkiy munosabatlarning Konstitutsiya darajasida mustahkamlab qo‘yilishi tadbirkorlikni jadal rivojlanishiga, har bir shaxsning qulay mehnat sharoitida ishlash, mehnati uchun munosib haq olish huquqini mustahkamlashga xizmat qiladi. 

Firdavs Sharipov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi:

– Bosh qomusimizga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bilan bog‘liq Konstitutsiyaviy qonun loyihasi fraksiyamiz a’zolari tomonidan har tomonlama muhokama qilindi.

Fraksiyamiz a’zolarining e’tiborini tortgan eng asosiy jihatlar haqida ma’lumot berishdan oldin bir masalaga to‘xtalsam. E’tibor berilsa, Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi haqidagi yangiliklar tarqalgan vaqtda keng jamoatchilik, OAV vakillarida qonun loyihasining mazmun-mohiyati bilan bog‘liq ko‘plab savollar yuzaga keldi.

“Qanaqa loyiha, unda nimalar mavjud?” degan savollar uchradi. Vaholanki, u loyiha yo‘q edi. Chunki Konstitutsiyaning muallifi xalq bo‘lishi kerak, unga kiritiladigan o‘zgartishlar xalqning taklifi asosida shakllantirilishi kerak edi. Sababi, boshidanoq Konstitutsiya chinakamiga xalqning Konstitutsiyasi bo‘lishi kerak, degan nuqtai nazar bilan ishlandi.

Dastlab fuqarolardan takliflar kelib tushdi va takliflar norma shakliga tushirildi. Bu, birinchisi.

Ikkinchidan, biz Taraqqiyot Strategiyasini qabul qilganmiz va Strategiyada belgilangan 100 ta maqsadlardan kelib chiqib, qonun loyihasining normalari shakllantirildi.

Uchinchidan, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi nafaqat o‘zimizdagi tajriba, balki jahon konstitutsiyaviy tajribasini chuqur o‘rganish, tahlil qilish asosida ishlab chiqildi.

Yana bir jihati, loyihada fuqarolarimizning mulki bilan bog‘liq huquqlari mustahkamlanayapti, mulkni himoya qilish konstitutsiyaviy darajada kafolatlanayapti. Shu nuqtai nazardan aytish mumkinki, to‘la ma’noda xalqimiz bu Konstitutsiyani “Bu mening Konstitutsiyam” deb aytishga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Nosirjon Aminov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi:

–Fraksiyamiz a’zolari yig‘ilishda Konstitutsiyamizning zamon talablari asosida takomillashtirilishini, ayniqsa Bosh qomusimizda ekologik masalalar bilan bog‘liq normalar o‘z aksini topishini bir ovozdan ma’qulladi.

Ma’lumki, joriy yilning 20 iyun kuni Davlatimiz rahbari Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda tabiatdagi global iqlim o‘zgarishlari, Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq vaziyatning tobora keskin tus olayotganiga alohida to‘xtalib o‘tgandilar.

Konstitutsiyamizda ushbu yo‘nalishga doir ekologik-huquqiy normalar o‘z ifodasini topishi lozimligi bo‘yicha bildirgan tashabbuslari bugun muhokama qilingan qonun loyihasida o‘z aksini topganligining guvohi bo‘ldik.

Qayd etish kerak, Bosh qomusimiz bilan bog‘liq qonun loyihasida ekologik normalarning aks ettirilishi O‘zbekiston Ekologik partiyasining dasturiy maqsadlariga to‘la mos keladi.

Fraksiyamiz a’zolari bunday konstitutsiyaviy o‘zgarishlar jamiyatimizda fuqarolarning ekologik huquqlari va majburiyatlari, ayniqsa, mansabdor shaxslarning tabiat himoyasi uchun mas’uliyatini keskin oshirish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilishini alohida ta’kidlashdi.

Muxtasar aytganda, fraksiyamiz a’zolari Konstitutsiyaviy qonun loyihasini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi.

Inomjon Qudratov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi:

–Xabaringiz bor, bundan bir oy avval Konstitutsiyaviy komissiya o‘z faoliyatini boshlagan edi. O‘tgan davrda komissiyaga fuqarolarimiz, keng jamoatchilik tomonidan ko‘plab takliflar kelib tushdi.

Takliflarning salmog‘i kun sayin ortib borayotganidan bilish mumkinki, konstitutsiyaviy islohotlarga fuqarolarimiz befarq emas, o‘zlari tashabbuskor bo‘lib, ko‘plab takliflar bermoqda. Bu esa ularning daxldorlik hissi oshib borayotganligidan dalolat beradi.

Zero, konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida birinchi navbatda “Inson qadri uchun”, “Inson oliy qadriyat” hamda “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida izchil islohotlar amalga oshirildi. Bu borada qonun loyihasi tayyorlanib, bevosita fraksiyalarga muhokamalar uchun taqdim etildi.

Mazkur qonun loyihasining maqsadiga to‘xtaladigan bo‘lsak, loyihaning 1-moddasida “O‘zbekiston — suveren, ijtimoiy, huquqiy va dunyoviy davlat, degan norma belgilanmoqda. Ushbu normaning o‘zi Konstitutsiyadagi amalga oshirilayotgan islohotlar hamda takliflarning barchasini qamrab olyapti, desak mubolag‘a emas.

Shu bilan birga, insonlarning huquq va erkinliklari va qonuniy manfaatlarini muhofaaza qilish, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish, sog‘liqni saqlash, ta’lim tizimini takomillashtirishga doir qator takliflar ilgari surildi. O‘z navbatida, ushbu takliflar Konstitutsiyaviy qonun loyihasida o‘z aksini topdi.     

Xususan, qonun loyihasining 13-moddasida insonning haq-huquqlari bilan bog‘liq bo‘lgan, shu jumladan, insonning davlat bilan munosabatlarida barcha qarama-qarshiliklar, nomuvofiqliklar insonning foydasiga talqin etilishiga oid normalar belgilanmoqda. 15-moddada esa Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega ekanligi va bu O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida amal qilishiga oid normalar mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Mamlakatimizda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni ta’lim olishi uchun zarur sharoitlar yaratish masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani hammamizga ma’lum.

Taklif etilayotgan qonun loyihasida davlat va jamiyat bugungi kunda yetim va ota-onalar vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni barkamol qilib tarbiyalashga qaratilgan normalar belgilanayotgani e’tiborga molik. Shubhasiz, bu islohotlarni amalga oshirishda davlat kafil bo‘ladi. Buni loyihada davlat kafolatlaydi, davlat ta’minlaydi, davlat imtiyozlar yaratadi, degan takliflar o‘z aksini topgani misolida ham ko‘rish mumkin.

Aytish joizki, Konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda birinchi navbatda ustuvor bo‘lgan takliflar bu barcha qatlam vakillari, siyosatchilar mutaxassislar, ziyolilar, ayniqsa, yoshlar tomonidan kelib tushgan takliflardir. Qonun loyihasi ham bevosita ularning takliflariga tayangan holda ishlab chiqildi.

Umuman olganda, qonun loyihasini ishlab chiqishda keng jamoatchilik vakillari, yoshlar o‘z takliflari bilan faol ishtirok etdi. Ushbu takliflarning loyihada aks etishi inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish, aholining turmush farovonligini yaxshilashga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

Powered by GSpeech