O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMTda ilgari surilgan tashabbuslarini amalga oshirish bo‘yicha idoralararo ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

2022 yil 24 iyun kuni Oliy Majlis Senatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan tashabbuslarini tatbiq etish “yo‘l xaritasi” hamda  BMT va uning ixtisoslashgan idoralari bilan hamkorlikni rivojlantirish “yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish bo‘yicha idoralararo ishchi guruhning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishdan ko‘zlangan maqsad davlat rahbari tashabbuslari ijrosining borishini monitoring qilishdan iborat.

Yig‘ilishda senatorlar, qator vazirlik va idoralar rahbarlari, BMTning O‘zbekistondagi tuzilmalari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston BMT bilan o‘zaro hamkorlikka katta e’tibor qaratayotgani, u bilan hamkorlik qilish mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangani ta’kidlandi. Respublika tashkilot va uning Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro mehnat tashkiloti, Butunjahon intellektual mulk tashkiloti, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkilot, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot, Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon banki, MAGATE kabi ixtisoslashtirilgan muassasalari faoliyatida tizimli va faol ishtirok etib kelmoqda.

O‘zbekistonning BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan hamkorligi keyingi bir necha yilda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida ta’kidlandi. O‘zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 72, 75 va 76-sessiyalarida, shuningdek, 2021 yilda BMT Inson huquqlari kengashining 46-sessiyasida so‘zlagan nutqlari buning dalilidir. Ularda O‘zbekistonning xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, ta’lim, ma’naviyat, ekologiya, turizmni yanada rivojlantirish, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi tashabbuslari o‘z aksini topgan.

Yig‘ilish doirasida vazirlik va idoralarning yuqorida qayd etilgan ikkita “yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishning borishi to‘g‘risidagi axboroti eshitildi. Xususan, 2022 yilgacha 104 ta bandni bajarish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 60 ta ob’ekt yakuniga yetkazilgani, 3 tasi esa ijro bo‘yicha ortda qolayotgani ta’kidlandi.

Senatorlar vazirlik va idoralarning BMT tuzilmalari bilan ishlarini muvofiqlashtirishni chuqurlashtirish zarurligini qayd etdilar.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha “yo‘l xaritalari”dagi ortda qolayotgan bandlarnining ijrosini tezlashtirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbuslarini amalga oshirish ishlarini faollashtirish bo‘yicha aniq topshiriqlar aks etgan bayonnoma qabul qilindi.

 

 

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati

 

Powered by GSpeech