Yangilangan Konstitutsiya barqaror jamiyatni va bardavom taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladi

O‘tgan besh yillikda xalq va davlat o‘rtasida islohotlar bardavomligini ta’minlashda o‘ziga xos muloqot mexanizmi yaratildi.

Mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz turmush farovonligini ta’minlashga qaratilgan har bir tashabbus va islohot eng avvalo yurtdoshlarimiz bilan maslahatlashgan holda amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi.

Ayni kunlarda vatanimizning taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qiluvchi Bosh qomusimizni yanada takomillashtirish, inson qadrini ulug‘lashdek ezgu niyatni bosh Qomusimizda mustahkamlab qo‘yish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga taklif berish va uni hayotimiz talablaridan kelib chiqqan holda yanada takomillashtirish borasida ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, bundan bir oy oldin Oliy Majlis Qonunchilik palatasida faoliyat ko‘rsatayotgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyalari tomonidan kun tartibiga olib chiqilgan tashabbus bugun mamlakatimiz bo‘ylab keng quloch yoyib, nafaqat yurtimizdagi, balki xorijiy davlatlardagi yurtdoshlarimiz tomonidan ham taklif va mulohazalar bildirilmoqda.

Fuqarolarimizga o‘z yashash hududlari bo‘yicha hech bir to‘siqlarsiz o‘z takliflarini bildirishlari uchun Meningkonstitutsiyam.uz portali, maxsus Telegram-bot va koll-markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, yurtdoshlarimizga o‘zlari yashash manzili bo‘yicha mahalla idorasiga yoki Xalq deputatlari Kengashlariga borib ham takliflarini qoldirishlari uchun imkoniyatlar yaratib berildi. Bu esa qisqa vaqt ichida xalqimizni buyuk maqsadga erishishda o‘zaro birdamlikda va hamjihatlikka harakat qilishiga undadi. Natijada o‘tgan vaqt davomida fuqarolar tomonidan qarib 50 mingga yaqin taklif va tashabbuslar bildirildi.

Ushbu takliflar Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari tomonidan muntazam ravishda o‘rganilib, tegishli yo‘nalish va moddalar bo‘yicha asosliligi Parlament a’zolari, yetuk huquqshunoslar, ekspertlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokamadan o‘tkazilib, ko‘rib chiqilmoqda.

Yaqinda Davlatimiz rahbarining Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan o‘tkazgan muloqoti davomida ularga Bosh qomusimizning har bir moddasini xalqchil tarzda xalqimiz bilan maslahatlashgan holda takomillashtirish borasida bir qator ustuvor yo‘nalish va vazifalar belgilab berildi.

Xususan, Prezidentimiz tomonidan ushbu jarayonlarda birinchi ustuvor yo‘nalish sifatida inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmatini ulug‘lash, daxlsiz huquqlari va manfaatlarini himoya qilishni Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilishi lozimligi ta’kidlandi.

Jumladan, inson qadrini yuksaltirish davlat hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy burchi va ustuvor vazifasi bo‘lishi lozimligi, shuningdek, Konstitutsiyamizga «O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanadi», degan muhim normani kiritish, huquq-tartibot organlari tomonidan shaxs qo‘lga olinganda «Miranda qoidasi»ni qo‘llash, shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos bo‘lishi mumkin emasligini qat’iy yozib qo‘yish kabi bir qator hayotiy misollar aytib o‘tildi.

Shuningdek, ozodlikdan mahrum etilgan barcha shaxslarga nisbatan insoniy munosabat va ularning qadr-qimmati ta’minlanishi shartligi, ma’muriy, fuqarolik, iqtisodiy, jinoiy javobgarlik va boshqa yo‘nalishdagi ishlarni ko‘rib chiqishda insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari – qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli bo‘lishi hamda shaxsga imkon qadar yengillik yaratish, har bir O‘zbekiston fuqarosi mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar yoki yashash joyini erkin tanlash huquqiga ega bo‘lishi shartligi ta’kidlandi.

Sir emaski, so‘nggi yillarda aholini har tomonlama ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash Davlat siyosatining bosh maqsadiga aylandi. Davlatimiz rahbari ushbu islohotlar izchil davom ettirilishi  maqsadida ikkinchi ustuvor yo‘nalish sifatida asosiy qonunimizda «O‘zbekiston – ijtimoiy davlat» degan g‘oyani mustahkamlab qo‘yishni taklif qildi.

Xususan, barcha yurtdoshlarimiz uchun o‘z kelajagini qurishda avvalo, vatan ichra vatan bo‘lgan uy-joyga ega bo‘lish istagi ustuvorligiga alohida e’tibor qaratilib, Konstitutsiyamizda fuqarolarimizning uy-joyga bo‘lgan huquqlarini himoya qilish, uning daxlsizligini kafolatlash, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, muhtoj toifalarni uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha davlatning majburiyatlarini mustahkamlash lozimligi,bunda uy-joy bo‘yicha konstitutsiyaviy kafolatni belgilab qo‘yish, uy-joyga yoki shaxsning boshqa mol-mulkiga uning ruxsatisiz kirish, ularni ko‘zdan kechirish va tintuv o‘tkazishga faqat qonunda belgilangan holat va tartibda yo‘l qo‘yilishi Konstitutsiyada qat’iy belgilash zarurligi aytib o‘tildi.

Shu bilan birga, oila institutining konstitutsiyaviy asoslarini rivojlantirish maqsadida «oila ayol va erkakning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligi asosida shakllanishi», jamiyatning tabiiy va tayanch bo‘g‘ini, jamiyat va davlatning alohida himoyasida ekanini mustahkamlab qo‘yish, nogironligi bo‘lgan insonlar – jamiyatning to‘laqonli a’zolari, degan tamoyil negizida ularning konstitutsiyaviy huquq va kafolatlarini belgilash hamda har bir shaxsning qulay mehnat sharoitida ishlash, mehnati uchun munosib haq olish huquqini mustahkamlash, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning o‘zi va oilasi hayot kechirishi uchun yetarli miqdorda bo‘lishini belgilash taklif qilindi.

Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan ushbu islohotlar jarayonida erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, uchinchi ustuvor yo‘nalish doirasida mahallalarning davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi, joylardagi mahalliy ahamiyatga molik masalalarni mustaqil hal etish bo‘yicha vakolatlari alohida belgilanishi ta’kidlandi. Ushbu taklif 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida mahalla instituti faoliyatini yanada takomillashtirish borasida belgilab berilgan maqsadlarga hamohangligi bilan yanada ahamiyatlidir.

Yig‘ilishda Davlatimiz rahbari tomonidan to‘rtinchi ustuvor yo‘nalish sifatida O‘zbekistonda insonparvar, demokratik huquqiy davlat qurish tashabbusi yuzasida ham bir qator takliflar ilgari surildi.

Jumladan, «O‘zbekiston – huquqiy davlat» degan g‘oyani Konstitutsiyamizda aniq mustahkamlab qo‘yish, Konstitutsiyaga davlat organlari faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlikni, mazkur organlarning ixcham va tejamkor bo‘lishini ta’minlash yuzasidan qoidalar kiritish, xalq hokimiyatchiligini, hokimiyatlarni bir-birini tiyib turish va muvozanatda saqlash mexanizmlarini ta’minlashni yanada kuchaytirish hamda hukumatni shakllantirish va uning samarali faoliyat yuritishini ta’minlashda Oliy Majlisning vakolatlarini kengaytirish kabi tashabbuslar shular jumlasidandir.

Shuningdek, bu jarayonda hokimlar bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashlariga ham boshchilik qilishi haqidagi qoidani Konstitutsiyadan chiqarib tashlash, Fuqarolarning davlat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kengaytirish maqsadida qonunchilik tashabbusi huquqi institutini isloh qilish, yangi qonunchilik takliflarini kiritish institutini Oliy Majlis Senati, Ombudsman va Markaziy saylov komissiyasiga ham berilishi o‘ylaymanki, amalga oshirilayotgan xalqchil islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Maxfirat Xushvaqtova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Powered by GSpeech