O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi PF-6012-son Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining 5-bo'limi 2-qismi 1-bandiga muvofiq, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi PF-6012-son Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining 5-bo'limi 2-qismi 1-bandiga muvofiq, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi”da belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi yuzasidan 2022 yil 1 yanvar holatidagi monitoring natijalariga ko'ra quyidagilar ma'lum qilinadi.
1. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi”ning jami 78 bandidan 50 bandi bo'yicha ijro muddati yakunlangan, shundan 5 band bo'yicha ijro muddati uzaytirilgan, 51 band bo'yicha ishlar bajarilgan, 27 bandni amalga oshirish bo'yicha ishlar davom etmoqda.
2. Milliy strategiyada jami 33 ta qonun hujjatlari loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilgan, jumladan yangi qonun hujjatlari loyihalari – 20 ta, amaldagi qonunlarga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish bo'yicha qonun hujjatlari loyihalari – 4 ta, amaldagi qonunlarning yangi tahrirdagi loyihalari – 9 ta.
3. O'tgan davr mobaynida O'zbekiston Respublikasining 10 ta qonunlari (“O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to'g'risida”gi Konstitutsiyaviy qonuni (yangi tahriri), “Favqulodda holat to'g'risida”gi Konstitutsiyaviy qonun, “Ta'lim to'g'risida”gi qonuni (yangi tahriri), “Odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida”gi qonuni (yangi tahriri), “Aholi bandligi to'g'risida”gi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida”gi (yangi tahriri), “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi, “O'zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarning huquqiy holati to'g'risida”gi, “O'zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi, “Bola huquqlarining kafolatlarini ta'minlash tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi) qabul qilindi.Bundan tashqari, 8 ta yangi qonunlar (“Sud`yalar hamjamiyati organlari to'g'risida”gi, “Xususiylashtirish to'g'risida”gi, “Bepul yuridik yordam to'g'risida”gi, “Ijtimoiy tadbirkorlik to'g'risida”gi, “Majburiy tibbiy sug'urta to'g'risida”gi, “Teng muomala qilish va kamsitmaslik to'g'risida”gi, “Advokatura va advokatlik faoliyati to'g'risida”gi, “Mehnat migratsiyasi to'g'risida”gi, “Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to'g'risidagi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi) loyihasi ishlab chiqilgan. Shuningdek, 3 ta yangi kodeks (Sog'liqni saqlash kodeksi, Nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risidagi kodeks, Ekologiya kodeksi) loyihasi, 7 ta amaldagi kodeksning yangi tahriri (Fuqarolik kodeksi, Mehnat kodeksi, Jinoyat kodeksi, Jinoyat-ijroiya kodeksi, Jinoyat protsessual kodeksi, Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeks, Uy-joy kodeksi) loyihasi ishlab chiqildi va 2 ta yangi kodeks (Axborot kodeksi, Tadbirkorlik kodeksi) loyihasini ishlab chiqilmoqda.
4. 2021 yil davomida inson huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga bevosita qaratilgan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 10 ta farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 6 ta qarori qabul qilinib, amalga oshirilmoqda.Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining:
- “Aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni;
- “Kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam ko'rsatish hamda kambag'allik bilan kurashish ko'lamini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni;
- “2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmoni;
- “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta'minlash va kambag'allikni qisqartirish bo'yicha davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlari to'g'risida”gi farmoni;
- “O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni;
- “Bola huquqlarining kafolatlarini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni;
- “Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori;
- “Zo'rlik ishlatishdan jabr ko'rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori;
- “Nogironligi bo'lgan shaxslarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko'maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori;
- “2021-2030 yillarda O'zbekiston Respublikasi aholisini itimoiy himoya qili tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoyishi qabul qilindi. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining:
- “O'zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi qarori;
- “Odam savdosidan jabrlangan yoki odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni identifikatsiya qilish va qayta yo'naltirish tartibi to'g'risidagi nizom” qarori;
- “Odam savdosidan jabrlanganlarning ijtimoiy reabilitatsiyasi va moslashuvini amalga oshirish hamda ularga yordam ko'rsatish va ularni himoya qilish tartibi to'g'risidagi nizom” qarori;
- “Kambag'al va ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o'qitish tizimini takomillashtirish hamda mehnat organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori qabul qilindi.
5. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi “Yo'l xaritasi”ning 4-bandi ijrosini ta'minlash maqsadida 2021 yil davomida idoralar va tashkilotlar xodimlarining inson huquqlari sohasidagi bilimini yanada mustahkamlash maqsadida quyidagi seminar-treninglar va o'quv kurslari tashkil etildi, xususan:
-Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan Ichki ishlar vazirligi tizimida faoliyat olib boruvchi tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar, jazoni ijro etish muassasalarining 1214 nafar xodimlari,
- Andijon, Namangan, Farg'ona, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridagi jazoni ijro etish muassasalarining 30 nafar xodimlari,
- xotin-qizlar axloq tuzatish muassasalarining 30 nafar xodimlari,
- Bosh prokuratura, Oliy sud, Statistika davlat qo'mitasi, yuridik yo'nalishdagi oliy o'quv yurtlarining 28 nafar mutaxassislari,
- Qoraqalpog'iston Respublikasi, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Navoiy, Samarqand viloyatlari jazoni ijro etish muassasalarining 35 nafar xodimlari,
- Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi va uning viloyat bo'linmalarining 30 nafar xodimlari o'qitildi.
6. “Yo'l xaritasi”ning 6-bandi ijrosini ta'minlash doirasida 2021 yil davomida Inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlarga rioya etish masalalariga bag'ishlangan 31 ta amaliy qo'llanma, sharh va uslubiy adabiyotlar nashr etildi va 50 dan ortik davlat organlari, tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlariga tarqatildi.
7. “Yo'l xaritasi”ning 20-bandi ijrosini ta'minlash doirasida Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 8 fevraldagi 60-son qarori bilan “Odam savdosidan jabrlangan yoki odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni identifikatsiya qilish va qayta yo'naltirish tartibi to'g'risidagi nizom” hamda “Odam savdosidan jabrlanganlarning ijtimoiy reabilitatsiyasi va moslashuvini amalga oshirish hamda ularga yordam ko'rsatish va ularni himoya qilish tartibi to'g'risidagi nizom” tasdiqlandi. Mazkur qaror odam savdosidan jabrlangan shaxslarning tibbiy, psixologik, huquqiy, ijtimoiy va boshqa turdagi yordam olish huquqlarini ta'minlash mexanizmlarini yaratdi.AQSH Davlat departamentining 2020 yilda odam savdosiga qarshi kurashning dunyo bo'yicha holati to'g'risidagi ma'ruzasida O'zbekiston 2021 yilda ikkinchi toifaga (Tier 2) o'tkazildi. Ilgari, 2018-2020 yillar davomida O'zbekiston ikkinchi guruhi tarkibida (Tier 2 Watch List) bo'lib kelgan. Ma'ruzada ta'kidlanganidek, “O'zbekiston odam savdosiga barham berish uchun sezilarli darajada sa'y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Hukumat hisobot davrida, COVID-19 pandemiya sharoiti uning odam savdosiga qarshi kurashish borasidagi imkoniyatlariga salbiy ta'sir ko'rsatganiga qaramay, ayni sohada hal qiluvchi yutuqlarga erishdi; shuning uchun O'zbekiston Nazoratning 2-toifasi ro'yxatiga o'tkazildi”.
8. “Yo'l xaritasi”ning 21-bandi ijrosini ta'minlash doirasida 2021 yil 8 fevralda “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun hamda 2021 yil 31 may kuni «O'zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi qonun qabul qilindi. Shuningdek, 2021 yil 7 iyunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati Kengashining “Aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish bo'yicha Milliy harakatlar dasturi to'g'risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu normativ-huquqiy hujjatlar asosida 2021 yil 24 oktyabr` kuni O'zbekistonda Prezidentlik saylovlari o'tkazildi.
9. “Yo'l xaritasi”ning 28-bandi ijrosini ta'minlash doirasida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 4 martdagi PF-6181-son Farmoni bilan “2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasi” tasdiqlandi. Kontseptsiya inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilishda davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o'rtasida ijtimoiy sheriklik munosabatlarini kuchaytirish masalalarini o'z ichiga oldi.
10. “Yo'l xaritasi”ning 29-bandi ijrosini ta'minlash doirasida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta'minlash va kambag'allikni qisqartirish bo'yicha davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlari to'g'risida”gi Farmoni hamda “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta'minlash va kambag'allikni qisqartirish masalalari bo'yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, doimiy daromad manbaiga ega bo'lmagan va ishsiz aholining, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning qiziqishlarini o'rganish orqali ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka o'rgatuvchi o'quv markazlariga yo'naltirish hamda o'qishni tamomlagan bitiruvchilarning bandligini ta'minlashga yordam berish, ishsizlarni, birinchi navbatda, “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar va xotin-qizlarni bo'sh (vakant) ish o'rinlariga joylashtirish hamda haq to'lanadigan jamoat ishlariga, tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish mexanizmlari belgilandi.
11. “Yo'l xaritasi”ning 44-bandi ijrosini ta'minlash doirasida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021 yil 28 maydagi SQ-297-IV-sonli Qarori bilan "2030 yilga qadar O'zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi" tasdiqlandi. Strategiyada barcha sohalarda xotin-qizlar va erkaklar o'rtasida tenglik tamoyilini tatbiq etishga hamda iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotda gender tenglik targ'ib qilinishini ta'minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan. Strategiyada barcha uchun teng huquqli va sifatli ta'limni ta'minlash, qishloq joylarida qizlarning oliy ma'lumotga ega bo'lishi, xotin-qizlar gender tengligiga erishish, zo'ravonlikka yo'l qo'ymaslik, odam savdosining oldini olish kabi masalalar qamrab olingan. Mazkur strategiyadagi yo'nalishlar BMTning 2030 yilgacha mo'ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq holda belgilangan.O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 19 maydagi “Zo'rlik ishlatishdan jabr ko'rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga muvofiq, 29 ta Zo'rlik ishlatishdan jabr ko'rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazi tashkil etildi. Huqumatning qarori bilan tazyiq va zo'ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga ichki ishlar organlari tomonidan himoya orderini berish tartibi belgilandi. Shuningdek, Xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg'armasi faoliyati tashkil etildi. Moddiy yordam va ko'makka muhtoj oilalar, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar belgilandi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan va tadbirkorlik qilish istagida bo'lgan 68 ming 281 nafar xotin-qizga 837 mlrd. 931 mln. so'm miqdorida imtiyozli kredit mablag'lari ajratilib, bandligi ta'minlandi.
12. “Yo'l xaritasi”ning 45-bandi ijrosi ta'minlanib, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2021 yil 17 fevraldagi Farmoyishi bilan "2021 - 2030 yillarda aholini ijtimoiy himoya qilish milliy strategiyasi Kontseptsiyasi" tasdiqlanib, unga ko'ra ijtimoiy nafaqa olish jarayonini soddalashtirish rejalashtirilgan, ijtimoiy himoya sohasida yagona mas'ul organ tuzilgan. Kontseptsiya bilan ijtimoiy nafaqalarni tayinlash uchun ariza beruvchilarning muhtojlik darajasini aniqlash jarayonlarini soddalashtirish hamda ijtimoiy nafaqalarni tayinlash va to'lash jarayonlarini tezlashtirish rejalashtirilgan.
13. “Yo'l xaritasi”ning 47-bandi ijrosi ta'minlanib, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 18 yanvardagi “O'zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi Qarori qabul qilindi. Kontseptsiya BMTning “Yoshlar – 2030” strategiyasida belgilangan “Yoshlar manfaatlarini ko'zlab, ular bilan ishlash” bosh tamoyiliga asoslandi. Shuningdek, Kontseptsiyani 2021-2022 yillarda amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi” tasdiqlandi. Kontseptsiyada yoshlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan huquqiy bazani takomillashtirish, yoshlarga sifatli ta'lim, munosib mehnat, tadbirkorlik, madaniyat, san'at, sport faoliyati uchun keng shart-sharoitlar yaratish, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qo'llab-quvvatlash, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish kabi vazifalarni amalga oshirish nazarda tutilgan.
14. “Yo'l xaritasi”ning 58-bandini hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 22 fevral kuni BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasining oliy darajadagi Segmentida bildirilgan tashabbuslarini amalga oshirish maqsadida 2021 yil 26 iyun kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PQ-5163-son Qarori qabul qilindi.Qaror bilan Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo'yicha jamoatchilik guruhlarini tashkil qilish, ularning vazifalarini aniq belgilash, monitoring tashriflarini muntazam ravishda amalga oshirish orqali ularda qiynoq holatlarining bartaraf etilishiga erishish, “Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarning yagona reestri” elektron tizimini yuritishni yo'lga qo'yish, O'zbekiston Respublikasining BMT Qiynoqlarga qarshi konventsiyasi Fakul`tativ protokoliga qo'shilishi yuzasidan takliflarni ishlab chiqish, qiynoqdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik yordam ko'rsatish belgilangan. Qiynoqqa solishdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilish tartibini huquqiy mustahkamlash maqsadida “O'zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo'shimchalar kiritish to'g'risidagi”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi, hozirgi kunda Oliy Majlis Senatida ko'rib chiqilmoqda.
15. “Yo'l xaritasi”ning 66-bandi ijrosini ta'minlash doirasida “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” mutaxassisliklari bo'yicha magistr kadrlarni tayyorlash yo'lga qo'yildi. Xususan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Bosh prokuratura akademiyasi hamkorlikda 2021 yil 9 dekabrda «Inson huquqlari bo'yicha qo'shma magistrlik dasturini yaratish bo'yicha Konsortsium tashkil etish haqida»gi qo'shma qarorni imzoladi. Ushbu yo'nalishda Bosh prokuratura Akademiyasida 2021-2022 o'quv yili uchun 10 ta qabul kvotasi tasdiqlanib, magistrantlar qabul qilingan.
16. “Yo'l xaritasi”ning 69-bandi ijrosini ta'minlash doirasida Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz huzurida oliy ta'limdan keyingi ta'lim instituti tashkil qilinib, mustaqil tadqiqotchilar qabuli tashkil qilindi. 2021 yilda jami 13 nafar mustaqil tadqiqotchilar rasmiylashtirildi. Shuningdek, Markaz huzurida 12.00.01 - “Davlat va huquq nazariyasi va tarixi. Huquqiy ta'limotlar tarixi”, 12.00.10 - “Xalqaro huquq” hamda 12.00.13 - “Inson huquqlari” (yuridik fanlar, sotsiologiya fanlari) ixtisosliklari bo'yicha doktorantura tashkil qilinib, 1 nafar doktorantura, 4 nafar tayanch doktoranturaga talabgorlar qabul qilindi. 2021 yil 28 iyul kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistan Respublikasi Milliy markazi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.39/30.11.2020.Yu/S.128.01 raqamli ilmiy kengash yig'ilishida 12.00.13 – Inson huquqlari ixtisosligi bo'yicha dastlabki dissertatsiya himoyasi bo'lib o'tdi.
17. “Yo'l xaritasi”ning 72-bandi ijrosini ta'minlash doirasida 2021 yil 7 iyun kuni O'zbekiston Respublikasi Nogironlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyani (Nyu York, 2000 yil, 13 dekabr) ratifikatsiya qildi. Konventsiyaning ratifikatsiya qilinishi nogironlarni ijtimoiy himoya qilish milliy tizimini ilg'or xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, nogironlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish uchun xalqaro va xorijiy grant mablag'larini jalb qilish imkoniyatlarini yaratish hamda aholini ijtimoiy himoya qilish borasida O'zbekistonning xalqaro imijini yaxshilash imkonini beradi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 21 dekabrdagi “Nogironligi bo'lgan shaxslarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko'maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori bilan har yili 500 nafargacha nogiron yoshlarga axborot texnologiyalari, kompyuterda dasturlash amaliyoti, umumta'lim fanlari va xorijiy tillarni o'rgatish, tadbirkor yoki o'zini o'zi band qilgan shaxs sifatida davlat ro'yxatidan o'tganlarga asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratiladi. 2022 yildan har yili tanlov asosida 20 nafargacha nogiron yoshlar xorijiy oliy ta'lim muassasalarida, onlayn kurslarda ta'lim olishi tashkil etiladi. Bundan tashqari, nogironligi bo'lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga subsidiya beriladi. Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 apreldagi qarori bilan Hukumat huzurida doimiy faoliyat yurituvchi Nogironligi bo'lgan shaxslar ishlari bo'yicha idoralararo kengash tashkil qilindi.
18. “Yo'l xaritasi”ning 73-bandi ijrosini ta'minlash doirasida 2021 yil 4 iyunda O'zbekiston Respublikasining Xalqaro mehnat tashkilotining “Mehnat xavfsizligi va gigienasi to'g'risida”gi 187-son konventsiyasi ratifikatsiya qilindi. Shuningdek, Xalqaro Mehnat tashkilotining “Onalikni himoya qilish to'g'risida”gi 183-son konventsiyasini ratifikatsiya qilish bo'yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi.
19. “Yo'l xaritasi”ning 74 va 76-bandlarini amalga oshirish doirasida 2021 yil 12-13 avgust kunlari Toshkentda “Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish” mavzuidagi Yoshlar huquqlari bo'yicha butunjahon konferentsiyasi o'tkazildi. Konferentsiya yakunida Toshkent Yoshlar deklaratsiyasi qabul qilindi.
20. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida yoritish ishlari davom ettirildi. Bugunga qadar jami 283 ta, shu jumladan 201 ta elektron, 42 ta bosma mahalliy ommaviy axborot vositalari, 40 ta xorijiy ommaviy axborot vositalaridagi maqola va ma'lumotlarda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi yoritilgan.