Kecha, 24 may kuni Buxoro shahrida o‘z ishini boshlagan "Central Asia – 2023: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda Internet va axborot-kutubxona resurslari” XVI Xalqaro konferensiya bugun sho‘ba yig‘ilishlarida davom etdi.
Sho‘ba yig‘ilishlari 5 ta yo‘nalishda turli mavzularni o‘z ichiga olgan bo‘lib, ularda mamlakatimiz hamda xorijiy mutaxassislar ushbu masalalarning dolzarbligi, mavjud muammolar va yutuqlar, yechim va xulosalar yuzasidan o‘z tajriba va takliflari bilan o‘rtoqlashdi. Jumladan:
1- sho‘ba – Kutubxona menejmenti bo‘yicha kadrlar tayyorlashning dolzarb vazifalari;
2-sho‘ba – Mutolaa madaniyatini rivojlantirishning istiqbollari;
3-sho‘ba – MDH davlatlari bolalar kutubxonalarida kitoblarni ommalashtirish va mutolaani targ‘ib qilish;
4-sho‘ba – Arxivlar faoliyatini samarali tashkil etishda zamonaviy texnologiyalarning roli;
5-sho‘ba – Bibliografiya faoliyati va zamonaviy axborot texnologiyalari asosida bibliografik yozuvlarni yaratish masalalari yuzasidan turli mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Shuningdek, bugun "Axborot-kutubxona muassasalari faoliyatida nashriyotlarning roli" mavzusida davra suhbati tashkil etilib, unda AOKA mas’ul xodimlari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan nashriyot rahbarlari, muharrirlar, axborot-kutubxona mutaxassislari bu borada o‘zaro muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, imkoniyatlar doirasini kengaytirish va qator sohaga oid boshqa masalalarni muhokama qilishdi.
"Raqamli transformatsiya davrida bolalar va o‘smirlarning media-axborot savodxonligi va axborot madaniyati" mavzusidagi xalqaro davra suhbatida AOKA mas’ul xodimlari hamda xorijiy axborot-kutubxona markazlari direktorlari bolalar adabiyotini rivojlantirish va ommalashtirish masalalarini atroflicha tahlil qilishdi.
Kun dasturidan, shuningdek, axborot-kutubxona tizimidagi ishlarni samarali yo‘lga qo‘yish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishda ilg‘or axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish, dunyo elektron axborot resurslari, jahon yetakchi nashrlarining elektron ilmiy-ta’limiy resurslaridan ilmiy ishlarda foydalanish samaradorligini oshirish borasida mahorat darslari ham o‘rin egalladi.
Kun yakunida sho‘ba yig‘ilishlarining yakuniy hisoboti bo‘lib o‘tdi.
- Qo'shildi: 26.05.2023
- Ko'rishlar: 259
- Chop etish