“Ipak yo‘li: Zarafshon–Qoraqum koridori” YUNESKO ro‘yxatiga kiritildi

Saudiya Arabistonining Ar-Riyoz shahrida o‘tayotgan YUNESKO Butunjahon merosi qo‘mitasining 45-sessiyasi kun tartibiga insoniyatning tabiiy va madaniy merosi bilan bog‘liq 55 ta ob’ektni YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritish masalasi ham qo‘yilgan. Shulardan biri O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston tomonidan hamkorlikda taqdim etilgan “Ipak yo‘li: Zarafshon–Qoraqum koridori” (Silk Roads: Zarafshan-Karakum Corridor) dir.

–Kuni kecha Ar-Riyozdan ajoyib xushxabar oldik,–deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Buxoro viloyatidan saylangan deputat, Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining raisi Jahongir Shirinov. – “Ipak yo‘li: Zarafshon–Qoraqum koridori” YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi.

Mazkur nomzodnomaga kiritilgan barcha obidalar turli davrlarda bunyod etilgan bo‘lib, tarixdagi eng muhim savdo yo‘llaridan biri – Buyuk ipak yo‘lida joylashgan. Ular Markaziy Osiyo xalqlarining boy madaniy-tarixiy merosi durdonalari hisoblanadi.

Nomzodnoma O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistonda joylashgan jami 31 ta tarixiy obidani o‘z ichiga oladi. Shulardan 15 tasi O‘zbekiston, 9 tasi Tojikiston va 7 tasi Turkmaniston hududida joylashgan. 

O‘zbekiston hududida joylashgan 15 obida, ya’ni Jartepa otashparastlar ibodatxonasi, Sulaymontepa, Kofirqal’a qo‘rg‘oni, Dabussiya qo‘rg‘oni, Qosim Shayx me’moriy majmuasi, Mirsaid Bahrom maqbarasi, Raboti Malik karvonsaroyi va Sardoba, Deggaron masjidi, Chashmai Ayyub maqbarasi, Vardanze qo‘rg‘oni, Vobkent minorasi, Bahouddin Naqshband me’moriy majmuasi, Chor Bakr nekropoli, Varaxsha qo‘rg‘oni, Poykent qo‘rg‘onidir. 

“Ipak yo‘li: Zarafshon–Qoraqum korridori”ning YUNESKO ro‘yxatiga kiritilishi, bir tomondan, har bir yurtdoshimizga o‘z tarixiy o‘tmishi bilan faxrlanish tuyg‘usini baxsh etadi. Ikkinchi tomondan esa, ushbu obidalarni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga mas’uliyat bilan yondashishimiz zarurligini bildiradi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri

Powered by GSpeech