O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bu gal Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasi avvalgilaridan butunlay farqli va o‘ziga xos bo‘ldi. Shu o‘rinda davlatimiz rahbarining o‘tgan haftaning uch kuni davomida Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senati birinchi majlislarida so‘zlagan nutqlari Murojaatnoma maqomida ekani haqida so‘z bormoqda.
“Murojaatnoma” mohiyati va tarixi
Dunyo tajribasi taraqqiy etgan aksariyat mamlakatlarda davlat boshlig‘ining milliy parlament a’zolari huzurida eng asosiy, dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy masalalar hamda jamiyatni demokratik rivojlantirish bo‘yicha Murojaatnoma bilan chiqish amaliyoti mavjud ekanini ko‘rsatadi.
Davlat rahbarining parlamentga Murojaatnomasi dasturiy siyosiy-huquqiy hujjatdir: birinchidan, Murojaatnomada Prezidentning mamlakatni yaqin istiqbolda rivojlantirishga doir strategik yo‘nalishlar bo‘yicha nuqtayi nazari bayon qilinadi; ikkinchidan, siyosiy, iqtisodiy, g‘oyaviy-mafkuraviy qoidalar bilan bir qatorda, parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatiga taalluqli aniq takliflar aytiladi; uchinchidan, Prezidentning parlamentga Murojaatnomasi jahon konstitutsiyaviy amaliyotida hokimiyat vakolatlari bo‘linishi prinsipini ta’minlashga qaratilgan muhim huquqiy institutdir.
Jahon parlamentarizmi amaliyotiga ko‘ra, bunday murojaatnomalarda, bir tomondan, Prezident yakuniga yetgan yilda davlat hokimiyati organlari erishgan yutuq va natijalar haqida hisobot beradi. Ikkinchidan esa kirib kelayotgan yangi yilda davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshiriladigan aniq chora-tadbirlar, ya’ni amaliyot dasturini taqdim etadi.
O‘zbekiston Prezidentining parlamentga Murojaatnomalari:
mazmuni va xususiyatlari
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda 2017-yildan boshlab ana shu ilg‘or siyosiy-huquqiy amaliyot – davlat boshlig‘ining Oliy Majlis palatalariga Murojaatnoma taqdim etishi an’anaga kirdi.
Birinchi Murojaatnoma. O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil 22-dekabrda milliy parlamentga taqdim etgan ilk Murojaatnomasi mamlakatimiz siyosiy-huquqiy tarixida tom ma’noda yangi voqea bo‘ldi. Zero, davlat boshqaruvining bunday demokratik usuli, bir tomondan, O‘zbekistondagi keng ko‘lamli va shiddatli islohotlar xalq bilan muloqot prinsipiga g‘oyat uyg‘un va hamohang ekanini namoyon etsa, ikkinchi tomondan, bu zamonaviy yondashuv bugun har birimizning faoliyatimiz samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Ikkinchi Murojaatnoma. Davlatimiz rahbari 2018-yil 28-dekabrda Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida, avvalo, yakuniga yetgan 2018-yilda davlat hokimiyati organlari erishgan yutuq va natijalar haqida axborot berdi. Xususan, “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” yakunlari atroflicha ko‘rib chiqildi. 2019-yil O‘zbekistonda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb e’lon qilindi.
Uchinchi Murojaatnoma. Davlatimiz rahbari 2020-yil 24-yanvarda Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga taqdim etgan Murojaatnomasida “Demokratik islohotlar yo‘li – biz uchun yakkayu yagona va eng to‘g‘ri yo‘ldir”, deb ta’kidladi. Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha keyingi uch yilda qilingan asosiy ishlar haqida ham atroflicha so‘z yuritildi. Mamlakatimizni 2020-yil – “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da va kelgusi 5-yilda rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalish va vazifalar belgilab olindi.
To‘rtinchi Murojaatnoma. Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga 2022-yil 20-dekabrda taqdim etgan Murojaatnomasida Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida mamlakatimizdagi keng ko‘lamli va shiddatli demokratik islohotlarning holati va rivojlanish istiqbollari, bu boradagi yutuqlar bilan birga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va muammolar, xususan, parlamentimizning islohotlardagi ishtiroki chuqur tahlil etildi. Butun dunyoda kuzatilayotgan iqtisodiy va siyosiy inqirozlar, ziddiyatlar, ekologik muammolar, kuchayib borayotgan radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi xatarlarni inobatga olgan holda markaz va joylardagi vakillik, ijroiya va sud hokimiyati, biznes hamjamiyat, fuqarolik jamiyati institutlari oldida turgan ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Beshinchi Murojaatnoma. Prezidentimizning 2024-yil 18, 19 va 20-noyabr kunlari parlamentga taqdim etgan Murojaatnomasi doirasida yangi saylangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining birinchi majlislarida nutq so‘zladi hamda parlament palatalarining rahbariyati tasdiqlandi, qo‘mitalar va komissiyalar tuzildi, hukumat tarkibi tasdiqlandi.
Beshinchi Murojaatnoma o‘ziga xos xususiyatlariga ko‘ra, bu borada orttirilgan milliy tajriba va ko‘p yillik xorijiy amaliyotdan mutlaqo farq qiladi.
Birinchi xususiyati. Murojaatnomada mamlakatimiz hayotining barcha sohasida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning ta’siri va ilk amaliy natijalari chuqur tahlil etildi. Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasini hayotimizning barcha sohasiga teran tatbiq etish istiqbollari belgilab berildi.
Ikkinchi xususiyati. Murojaatnoma parlamentga yaxlit va yagona dasturiy hujjat sifatida taqdim etilmasdan, balki Prezidentning “parlament haftaligi” doirasida uch kun davomida – yangi saylangan Qonunchilik palatasi va Senatning birinchi majlislarida alohida nutqlar tarzida e’lon qilindi.
Shunday qilib, keyingi sakkiz yilda Yangi O‘zbekiston tajribasi davlat rahbarining parlamentga Murojaatnomasi tom ma’noda hayotiy dastur, xalqimizga har tomonlama manfaati tegadigan salmoqli siyosiy-huquqiy hujjat ekani o‘z isbotini topdi.
Binobarin, besh Murojaatnomada Prezidentning mamlakatni yaqin istiqbolda rivojlantirishga doir strategik yo‘nalishlar bo‘yicha nuqtayi nazari bayon qilindi. Parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatiga taalluqli aniq taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Shuningdek, jahon konstitutsiyaviy amaliyotida namoyon bo‘lganidek, Prezidentning parlamentga Murojaatnomasi hokimiyat vakolatlari bo‘linishi prinsipini ta’minlashga qaratilgan muhim huquqiy institut ekani o‘z tasdig‘ini topdi.
Prezident – davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishi kafili
O‘zbekiston Respublikasining 2023-yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi 105-moddasida quyidagi muhim norma bor: “O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti davlat boshlig‘idir va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta’minlaydi”.
Parlamentga taqdim etilgan beshinchi Murojaatnoma timsolida yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi normalarini hayotga tatbiq etishda davlatimiz rahbari qanday o‘rnak va namuna ko‘rsatganiga e’tibor qaratish ayni muddaodir. Chunki ba’zi mamlakatlarda davlat boshlig‘i goh sud hokimiyati, gohida ijro etuvchi hokimiyat – hukumat bilan o‘zaro nizoda bo‘lsa, ba’zan qonun chiqaruvchi hokimiyat, ya’ni parlamentdan cho‘chib turishi holati uchraydi.
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston Prezidenti Konstitutsiyaning 11-moddasida belgilab qo‘yilgan davlat hokimiyati tizimidagi uch tarmoq – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini muvaffaqiyat bilan ta’minlab kelayotgani tahsinga sazovor. Buni Prezidentning yangi Murojaatnomasi taqdim etilishi bilan bog‘liq quyidagi omillar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Birinchidan, yangi saylangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan yangi tayinlangan hukumat o‘rtasida kelishilgan holda faoliyat yuritish amaliyoti muvofiqlashtirildi. Buning uchun o‘zaro hamkorlikni ta’minlaydigan eng maqbul takliflar o‘rtaga tashlandi.
Ikkinchidan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri, Senat raisi va Bosh vazir lavozimlariga eng munosib nomzodlar ilgari surildi. Parlament palatalari tomonidan ushbu nomzodlarning bir ovozdan ma’qullangani, o‘z navbatida, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasida kelgusidagi samarali hamkorlikni kafolatlaydi.
Uchinchidan, Yangi O‘zbekiston milliy taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari va eng asosiy vazifalari belgilab berildi.
To‘rtinchidan, istiqboldagi qonun ijodkorligi dasturi doirasida yaqin yillarda parlament ishlab chiqishi va qabul qilishi hamda hukumat amalga oshirishi kerak bo‘lgan eng muhim qonunlar ro‘yxati taklif etildi.
Beshinchidan, aholining ma’naviy-ma’rifiy madaniyatini yuksaltirish, ayniqsa, yoshlarni davlat ramzlariga hurmat ruhida tarbiyalash, jamiyatda vatanparvarlik tuyg‘usini oshirish yuzasidan amaliy takliflar bildirildi.
Oltinchidan, davlatimiz tashqi siyosatining tinchlik, barqarorlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyillariga asoslangan ustuvor sohalari rivojini ta’minlashga e’tibor qaratildi.
Bu haqda Prezidentimiz bunday dedi: “Parlamentimizda — “Xalq uyi”da deputatlar bilan muhokama qilingan barcha tashabbus va rejalarni, ularda ilgari surilgan g‘oya, maqsad va vazifalarni, mohiyat e’tiboriga ko‘ra, Oliy Majlis va xalqimizga navbatdagi Murojaatnoma desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz”.
Prezident va Qonunchilik palatasi
Prezidentimiz Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisidagi nutqida e’tirof etganidek, “Yangi O‘zbekistonni barpo etishga kirishganimizga sakkiz yil bo‘ldi. Bu davrda xalqimizning siyosiy tafakkuri tubdan o‘zgardi, siyosiy madaniyati sezilarli darajada yuksaldi”.
Davlatimiz rahbari dastavval parlament saylovining quyidagi xususiyatlariga e’tibor qaratdi:
– ushbu saylovlarda huquq va vakolati sezilarli darajada kengaygan, mas’uliyati bir necha karra ortgan yangi xalq vakilligi tizimi shakllantirildi;
– saylov yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga muvofiq o‘tkazilgan ilk saylov sifatida tarixga kirdi;
– O‘zbekistonda saylov ilk bor aralash tizim asosida o‘tkazildi;
– bu jarayonda siyosiy partiyalar faolligi oshdi, ular o‘rtasida kuchli raqobat sezildi;
– saylovlar to‘laligicha ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik muhitida o‘tdi;
– saylovning barcha bosqichi to‘liq raqamlashtirildi. E-saylov axborot tizimi joriy etildi. Ilk bor elektron ovoz berish tartibi sinovdan o‘tkazildi. Ovoz berish jarayonini onlayn kuzatish imkoni yaratildi;
– saylovda milliy va xorijiy kuzatuvchilar ishtirok etdi;
– Markaziy saylov komissiyasining mustaqilligi oshdi, professional saylov organlari tashkil etildi;
– saylovda 15 milliondan ziyod saylovchi qatnashdi. Bu natija islohotlarimizga ishonch ortganini ko‘rsatadi;
– saylov kampaniyasida ishtirok etgan siyosiy partiyalarning shiddati va shijoati ham qator yangicha jihatlari bilan e’tiborni tortdi. Xususan, siyosiy partiyalar saylovga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgani yaqqol sezildi, partiyalar saylovga aniq g‘oya va dasturlari bilan chiqdi. Shuningdek, har bir partiya o‘z a’zolari va elektorati talablariga asoslangan amaliy takliflarini ilgari surdi.
Saylov yakunlari asosida Qonunchilik palatasining yangi tarkibi shakllangani haqida fikr yuritganda, avvalo, parlamentimizning quyi palatasi 60 foiz yangilanganini ta’kidlash maqsadga muvofiq. Chunki Qonunchilik palatasiga 63 deputat qayta, 87 deputat esa yangi saylandi.
Quyi palata deputatlarining 38 foizi yoki 57 nafari ayollardir. Bu natija mintaqamizdagi eng yuqori ko‘rsatkich. Deputatlarning 11 nafari, ya’ni 7,5 foizi 35 yoshgacha bo‘lgan navqiron yurtdoshlarimizdir.
Qonunchilik palatasiga ilk bor nogironligi bo‘lgan shaxs saylandi. Natijada quyi palata tom ma’noda inklyuziv organga aylandi. Qolaversa, deputatlar safida turli millat vakillari borligi ham muhim ahamiyatga ega.
Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida to‘rtinchi chaqiriq quyi palataning besh yillik faoliyatiga baho berildi. O‘zbekiston Prezidenti qayd etganidek, bu davrda yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilindi, qonun ijodkorligi doirasida 130 dan ortiq yangi va yaxlit qonun qabul qilindi. Bu oldingi davrga nisbatan 1,5 karra ko‘pdir.
Prezidentimiz o‘tgan davrda Qonunchilik palatasi e’tiboridan chetda qolgan qator masalalarni ham ko‘rsatib o‘tdi. Qonun loyihalari sifati pastligicha qolayotgani, to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlaydigan va aniq ijro mexanizmlariga ega qonunlarimiz kamligi, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti takliflarini qonunchilik tashabbusi darajasiga olib chiqish lozimligi shular jumlasidan.
Prezident va Senat
Davlatimiz rahbari Oliy Majlis Senatining 2024-yil 19-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan birinchi yalpi majlisidagi nutqida davlat va xalq xizmatchisining mas’uliyatni o‘z zimmasiga olganidan so‘ng beg‘ambeparvo, loqayd bo‘lib yurishga, huzurhalovatga berilib yashashga ma’naviy haqqi yo‘qligini ta’kidladi. Ushbu nutq O‘zbekiston Prezidenti parlamentga taqdim etgan beshinchi Murojaatnomaning o‘zak qismini tashkil etdi.
Yangi tarkibdagi Senatning o‘ziga xos xususiyatlari nimada?
Birinchi xususiyati. Prezidentimiz yuqori palata a’zosiga nisbatan yangicha ta’rif berdi. Ya’ni “Senator degan nom – yuksak va sharafli maqom”.
Ikkinchi xususiyati. Senator yangi O‘zbekistonni barpo etish uchun xizmat qiladi.
Uchinchi xususiyati. Senatning yangi tarkibi sifat jihatidan yuqori darajada shakllandi.
To‘rtinchi xususiyati. Senatorlarning intellektual salohiyati juda yuqori – har uch senatordan biri ilmiy darajaga ega.
Beshinchi xususiyati. Senat a’zolarining 27 foizi yoki 16 nafari xotinqizlar.
Shu tariqa mahalliy kengashlar faoliyatida ham yangi davr boshlandi. Chunki aksariyat senatorlar bir vaqtning o‘zida mahalliy kengash deputati hamdir.
O‘z navbatida, davlatimiz rahbari o‘tgan chaqiriq Senatning faoliyatiga ham baho berdi. Ya’ni:
· Senat yangi O‘zbekistonni barpo etishga munosib hissa qo‘shdi, xotinqizlar va bolalarni zo‘ravonliklardan himoya qilish borasidagi samarali faoliyati buni yaqqol isbotlaydi;
· Senat besh yil davomida 106 marta hukumat mansabdor shaxslarining hisobotini eshitdi, ijro etuvchi organlarga 1 ming 300 ta so‘rov kiritdi;
· Senatning xalqaro maydondagi nufuzi ortdi, parlamentlararo do‘stlik guruhlari soni va samaradorligi oshdi;
· parlament diplomatiyasi rivojlandi, yirik xalqaro parlament forumlari o‘tkazildi, Parlamentlararo Ittifoqning 150assambleyasi 2025-yil aprelida Toshkentda tashkil etiladi;
· Senatda davlatlararo kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazoratini ta’minlash bo‘yicha ilk ijobiy amaliyot yo‘lga qo‘yildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga Senat faoliyati bilan bog‘liq ko‘plab yangiliklar kiritildi. Masalan, senatorlar soni 100 nafardan 65 nafarga qisqardi, ularning vakolati va mas’uliyati oshirildi. Shuningdek, Senatning parlament nazoratini amalga oshirishdagi roli kuchaytirilib, muhim davlat organlarini shakllantirishdagi ishtiroki kengaytirildi. Yana Senatga qonunchilik taklifini kiritish huquqi berildi.
O‘tgan davrda “Senat – hududiy vakillik palatasi” degan ta’rifning mohiyati yanada aniq ahamiyat kasb etishiga erishildi. Ya’ni, avvalo, Senatning mahalliy kengashlar bilan hamkorligi kengaydi.
Bugun mahalliy kengashlar 15 tadan ziyod masala bo‘yicha qaror qabul qilish vakolatiga ega. Ammo ularni tayyorlash, kelishish va tasdiqlash bo‘yicha yagona tartib yo‘q. Shu munosabat bilan mahalliy kengashlarning maqomi va vakolatini kuchaytirishga jiddiy e’tibor qaratilayotganiga qaramay, mahalliy kengash deputatlari tajriba almashadigan, malaka va ko‘nikmalarini oshiradigan tizim yo‘lga qo‘yilmagan.
Shu nuqtayi nazardan, mahalliy kengashlarning eng yaxshi tajribasini ommalashtirish, namunali kengashlar faoliyatini e’tirof etish amaliyotini yo‘lga qo‘yish talab etiladi.
Senat o‘z faoliyatida o‘nlab mansabdor shaxsning hisobotini eshitmoqda. Ammo hisobotlar chuqur tahlillarsiz ko‘rib chiqilmoqda. Senat “qizil hududlar”dagi vaziyatni parlament nazoratiga olishi lozim.
Keyingi davrda yangi O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rni yaxshilanmoqda. Mamlakatimiz nufuzli xalqaro minbarlarda kattakatta tashabbuslarni olg‘a surmoqda. Bu tashabbuslarning mazmunmohiyati va ahamiyatini xalqqa yetkazishda senatorlar faol bo‘lishi kerak.
Davlatimiz rahbari yangi tarkibdagi Senat oldida turgan qator eng muhim vazifalarni sanab o‘tdi.
Senat qonunlarni muhokama qilishda yangicha mexanizmlarni joriy qilishi lozim. Ya’ni, birinchi navbatda, qonun loyihalarini muhokama qilishga mahalliy kengashlar deputatlarini keng jalb qilishi zarur. Chunki mahalliy kengashlar deputatlari joylardagi haqiqiy ahvolni yaxshi biladi.
Shu bilan birga, hududlarning o‘ziga xos xususiyatlarini qonunlarda hisobga olish darkor. Zero, qonunlar hududiy va umumdavlat manfaatlarini uyg‘unlashtirishi kerak.
Mahalliy kengashlar faoliyatiga ko‘maklashish Senatning ustuvor vazifasi bo‘lishi lozim. Binobarin, hozir mahalliy boshqaruvda sifat jihatidan yangi model joriy etilmoqda. Endi viloyat kengashlariga hokimlar emas, saylangan kengash raislari boshchilik qiladi. Bunday tartib 2026-yildan tuman va shahar kengashlarida ham amal qila boshlaydi.
Bu yangiliklar asnosida hokimlarning 33 ta vakolati kengashlarga o‘tkaziladi va keyinchalik yana 17 vakolat beriladi. Misol uchun, kengash so‘rovi va kengash tekshiruvi kabi nazorat mexanizmlari joriy etiladi. Har yarim yilda mahalliy kengashlar matbuot anjumani o‘tkazadi. Prezidentimiz uqtirganidek, “Senat mahalliy hokimlik va kengashlar hamjihat faoliyat yuritishi, o‘zaro munosabatlarini to‘g‘ri tashkil etishi uchun ularga yaqindan yordam berishi lozim”.
Yaqinda hokimlarni lavozimiga tasdiqlashda ularning dasturlari ilk bor ko‘rib chiqilib, tegishli kengashlar tomonidan tasdiqlandi. Endi ushbu dasturlar ijrosi bo‘yicha deputatlik va kengash nazoratini amalga oshirish kerak. Mahalliy kengashlar vazirlik va idoralarning quyi bo‘g‘inlari, ya’ni tuman va shahar bo‘linmalari bilan ham yangicha yondashuv asosida ishlashi lozim.
Byudjet munosabatlari sohasida vakolatlar kengaytiriladi. Xususan, 2025-yilda yer, molmulk soliqlari va aylanma soliqlar to‘liq hamda daromad soliqlarining 50 foizini tuman va shaharlar ixtiyorida qoldiriladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada Senatga mahalliy kengashlarning qarorlari qonunchilikka muvofiq bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha katta mas’uliyat yuklangan. Bu haqda so‘z borganda faqat joriy yilning o‘zida mahalliy kengashlar 34 ming 400 ta qaror qabul qilganini qayd etish o‘rinli. Shunday salmoqli hajmdagi hujjatlarni ko‘rib chiqish borasida Senat huzurida tuzilgan Hududiy vakillik organlari faoliyatini o‘rganish markazi faol bo‘lishi talab etiladi.
“Senat qo‘mitalari – yuqori palataning yuragi, harakatlantiruvchi kuchidir”, dedi Prezidentimiz. Qo‘mitalardagi “eshituv instituti”ning qonuniy asoslarini yaratish kerak. Har bir qo‘mita o‘z yo‘nalishi bo‘yicha mahalliy kengashlarga yordam berishi lozim.
Senatorlar kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish borasida qabul qilingan dasturlarni amalga oshirishda faol bo‘lishi darkor.
Bunda “Ijtimoiy karta” tizimi yo‘lga qo‘yiladi va “Ijtimoiy sug‘urta to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinadi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘lami kengaytiriladi. Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim keng joriy etiladi, bunga maxsus pedagog va psixologlar jalb qilinadi. Bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini bartaraf qilish kerak. Sanab o‘tilgan mana shu barcha chorani amalga oshirishda senatorlar faol bo‘lishi shart.
Senat aholi va davlat xizmatchilarining huquqiy ongi hamda huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga murosasizlik muhitini shakllantirishda aniq choratadbirlar ko‘rishi kerak. Binobarin, o‘tgan davrda “Ochiqlik indeksi” joriy etilgan va 2023-yilda korrupsiyaga oid jinoyatlar 12 foiz kamaygan bo‘lsada, 6 ming 500 shaxs korrupsiyada ayblangani fakti bu sohada loqayd bo‘lmaslikni talab qiladi.
Senat Sudyalar oliy kengashining barcha a’zosini saylaydi. Endi Senatning ushbu konstitutsiyaviy vakolati faqat nomzodlarni tasdiqlash bilangina cheklanmasligi kerak. Senat qo‘mitalari nomzodlarning faoliyati bilan tanishishi va baho berishi, ular haqida xulosa ham taqdim etishi zarur. Shuningdek, sudyalarning maqomi va sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish kerak.
O‘zbekiston Prezidenti Senat oldida turgan vazifalar bilan bog‘liq fikrlariga xulosa yasar ekan, bunday deb ta’kidladi: “Donishmandlar aytganlaridek, “vijdonan qilingan mehnatdan – najot, adolatdan – yutuq va zafar hosil bo‘ladi”.
Prezident va hukumat
Prezidentimiz 2024-yil 20-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan majlisida nutq so‘zladi. Davlatimiz rahbari yangi hukumat faoliyatining eng muhim yo‘nalishlari haqida gapirib, asosiy e’tiborni makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga oid vazifalarga, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish istiqbollariga, iqtisodiyot va aholi daromadini oshirishda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan sanoat tarmoqlarini rivojlantirish hamda sanoat kooperatsiyasi masalalariga qaratdi. Shuningdek, kelgusi besh yilda iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini 85 foizga yetkazish, oziqovqat xavfsizligini ta’minlash va qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan ta’sirchan choratadbirlar ishlab chiqish hamda sog‘liqni saqlash, ta’lim va sportni rivojlantirish dasturlarini ro‘yobga chiqarish vazifalarini belgilab berdi.
Shu bilan bog‘liq holda Vazirlar Mahkmasining ustuvor vazifalarini ham ko‘rsatib o‘tdi.
Birinchi ustuvor vazifa: ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini odamlarga yanada yaqinlashtirish lozim.
Ikkinchi ustuvor vazifa: ijroiya organlari qarorlar qabul qilishda qonuniylikni ta’minlashi shart. Hozir esa qonunosti hujjatlarni jamoatchilik bilan maslahatlashishga rioya etilmayapti. Hukumat taqdim etayotgan qonun loyihalarining sifati pastligicha qolmoqda. Zotan, xitoy faylasufi Shan Yan aytganidek, “Yaxshi qonun xalqqa hurmat ifodasidir”.
Uchinchi ustuvor vazifa: hukumat va vazirliklar joylarda aniqlangan muammolarni hal etishda Qonunchilik palatasi qo‘mitalari bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi zarur. Nazorat organlari hisobotlarini parlament qo‘mitalarida muhokama qilish kerak. Bundan keyin vazir o‘rinbosarlaridan biri Qonunchilik palatasi qo‘mitalari bilan hamkorlik uchun mas’ul bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Parlament nazorati – bu, avvalo, xalq nazorati, xalq so‘rovi”. Shu ma’noda, parlament va deputat so‘roviga har bir rahbar shaxsan javob berishi shart.
To‘rtinchi ustuvor vazifa: samarali tashqi siyosat yuritish uchun, jumladan, Tashqi siyosat konsepsiyasini yangi tahrirda qabul qilish kerak. Markaziy Osiyo beshligi doirasidagi har tomonlama hamkorlikka ko‘maklashish ham doimiy e’tiborda turishi darkor.
Beshinchi ustuvor vazifa: davlatimiz suverenitetini, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash; milliy g‘urur va vatanparvarlikni kamol toptirish; yoshlar tarbiyasi kabi sohalardagi vazifalarni qamrab oladi.
Yangi O‘zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini qo‘yish yo‘lida boshlagan ishlarimizni yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarish maqsadida Prezidentimiz 2025-yilni yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilishni taklif etdi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Biz tabiat haqida so‘z yuritganda, ko‘pincha “ona tabiat” degan iborani ishlatamiz. O‘ylaymanki, bu shunchaki chiroyli, shoirona so‘z emas, balki uning zamirida chuqur hayotiy haqiqat bor. Biz mo‘tabar ona zotini qanday yuksak hurmat-ehtirom qilsak, o‘zimizni qurshab turgan tabiatga ham shunday munosabatda bo‘lishimiz zarur. Zero, tabiatni asrash — insonni asrash demakdir”.
Akmal SAIDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2024-yil 28-noyabr kungi 242 (1303)-soni
- Qo'shildi: 28.11.2024
- Ko'rishlar: 464
- Chop etish