O‘zbekiston – Fransiya parlamentlararo diplomatiyasining yangi bosqichi

“Ishonchim komil, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi ezgu hamkorlik an’analarini nafaqat tiklash, har ikki davlat taraqqiyotiga xizmat qiladigan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, ayni paytda ularni bugungi globalizatsiya sharoitiga mos keladigan yangi, yuksak darajaga ko‘tarish vaqti keldi. Mamlakatlarimiz oldida turgan vazifalar va amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlarning mushtarak xususiyatlarga ega ekani va bu o‘zgarishlardan kutilayotgan natijalar ham ko‘p jihatdan o‘xshash ekanini inobatga oladigan bo‘lsak, bunday hamkorlik yanada muhim ahamiyat kasb etadi”.

Ushbu fikrlar Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron qalamiga mansub “Revolyutsiya” nomli kitobning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2019-yili o‘zbek tiliga tarjima qilingan va chop etilgan nashriga davlatimiz rahbari yozgan so‘zboshidan iqtibos olindi. O‘tgan davrda, haqiqatan ham, O‘zbekiston bilan Fransiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari har tomonlama izchil rivojlanib bormoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Emmanuel Makronning taklifiga binoan shu yil 11-13-mart kunlari davlat tashrifi bilan Fransiya mamlakatida bo‘ldi. Tashrif doirasidagi muloqotlar kun tartibidan ko‘p qirrali O‘zbekiston-Fransiya munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari o‘rin oldi.

Bunga qadar O‘zbekiston Prezidenti 2018 va 2022-yillarda Fransiyaga  rasmiy tashrif buyurgan bo‘lsa, o‘z navbatida, Fransiya Prezidenti 2023-yili O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi. Oliy darajadagi ushbu tashriflar hamkorlik munosabatlarining barcha soha va yo‘nalishlarida yangi davrni, ya’ni yuksalish bosqichini boshlab berdi.

Bu haqda fikr yuritganda, turli sohalardagi manfaatli aloqalarimiz rivojini ko‘rsatadigan ko‘plab raqamlaru tafsilotlarni keltirishdan tiyilmoqchimiz. Buning o‘rniga madaniy sohadagi hamkorligimizning yorqin yutug‘i bo‘lgan ikkita misolga e’tibor qaratish bilan kifoyalanamiz.

Birinchi misol: 2022-yilda Parijning naq markazida – dunyodagi eng mashhur muzeylardan biri, Fransiyaning noyob durdonasi hisoblanuvchi Luvr muzeyida O‘zbekistonning madaniy merosiga bag‘ishlangan dastlabki yirik ko‘rgazma yuqori darajada o‘tkazildi.

Ikkinchi misol: 2024-yilda Fransiya mezbonlik qilgan yozgi Olimpiya va Paraolimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilari faol ishtirok etib, tarixiy natijalarga erishdilar. Ya’ni, o‘z tarixida ilk bor eng ko‘p medallar jamg‘argan O‘zbekiston bu borada katta yutuqlarni qo‘lga kiritib kelayotgan 15 ta peshqadam davlat safidan o‘rin oldi.

O‘zbekiston Fransiyani dunyoning siyosiy va iqtisodiy yetakchilaridan biri deb biladi. Fransiya Yevropa siyosatida katta rol o‘ynaydi va parlamentarizm bo‘yicha boy tajribaga ega. Shu ma’noda, Prezident Shavkat Mirziyoyev bu galgi davlat tashrifi doirasida Parij shahrining Burbon saroyida Fransiya Milliy majlisi Raisi Yael Braun-Pive bilan uchrashuv o‘tkazgani alohida ahamiyatga ega.

Muloqot avvalida Yael Braun-Pive xonim parlament – fransuz demokratiyasining yuragi, deya ta’kidladi. O‘zbekiston Fransiyaning do‘sti, strategik hamkori, deb hisoblaymiz. O‘zbekistonga yaqin hamkor ekanimiz bilan g‘ururlanamiz, dedi Fransiya Milliy majlisi Raisi.

Fransiya O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi, binobarin, keyingi yillarda mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit vujudga keldi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ularning natijalari ham e’tirofga sazovor. Bunday natijalarga birgina aniq misol – bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berilganidir. O‘zbekistonning bu boradagi tajribasi ko‘plab davlatlar uchun o‘rnak va namuna bo‘lishga munosibdir.

Shuningdek, Yael Braun-Pive xonimning fikricha,  parlament diplomatiyasini, ayniqsa, parlamentlarimizning do‘stlik guruhlari faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish lozim. Zero, parlamentlararo muloqot – davlatlarimiz o‘rtasidagi strategik hamkorlikning “katalizatori” bo‘lishi kerak.

O‘zbekiston Prezidenti Fransiya parlamenti Milliy majlisi Raisining fikrlarini ma’qullar ekan, men o‘zim ham 15-yil parlament a’zosi bo‘lganman, shuning uchun parlament hayotini ich-ichidan his etaman, parlament – bu xalq uyi, xalq ovozi, deya uqtirdi. Parlament islohotlarimizning huquqiy asoslarini yaratishda faol ishtirok etmoqda. Shu bois yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda Prezidentning ayrim vakolatlari parlamentga berildi.

Bundan ikki yil avval qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qilish yuzasidan o‘tkazilgan referendumda 85 foiz saylovchi qatnashdi, dedi Prezidentimiz. Biz uchun eng muhimi – xalq ovozini eshitish, xalqimiz muammolarini hal etishdir. Chunki Yangi O‘zbekistonda xalqchil davlat qurayapmiz. Mahalla institutiga katta e’tibor qaratmoqdamiz.

O‘zbekiston Prezidenti mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar endilikda ortga qaytmas tus olganligiga e’tiborni qaratdi. Qat’iy siyosiy iroda bilan odamlarni bunday yashash endi mumkin emasligiga ishontira oldik. Xalq bizga ishongani uchun ham islohotlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Yangi O‘zbekistonning islohotlar strategiyasida hamma uchun teng imkoniyatlar yaratish, inson huquqlarini hurmat qilish, xalq farovonligini oshirish va aholiga munosib turmush sharoitini ta’minlash ustuvor yo‘nalishlar hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, haqiqatan ham, bugungi kunda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bundan necha asrlar ilgari yashab o‘tgan shavkatli ajdodlarimiz Amir Temur va Sharl VI orzularini real voqelikka aylantirmoqdalar.

O‘zaro suhbat asnosida Prezidentimiz uchta aniq taklifni olg‘a surdi.

 Birinchisi, Fransiya Milliy majlisi Raisi va fransuz deputatlarni joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga taklif qildi.

Ikkinchisi, “O‘zbekiston–Fransiya” parlamentlararo forumini o‘tkazish taklifini bildirdi.

Uchinchisi, O‘zbekiston parlamentining Qonunchilik palatasi va Fransiya parlamentining Milliy majlisida “O‘zbekiston–Fransiya” do‘stlik guruhlari qayta tuzilgani munosabati bilan ularning faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish muhimligini qayd etdi.

Davlatimiz rahbarining taklif va tashabbuslarini Fransiya tomoni to‘la qo‘llab-quvvatladi. Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirdi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Fransiya Respublikasi Milliy Assambleyasi o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalar jadal rivojlanmoqda. Yaqinda O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fransiya Milliy Assambleyasi bilan parlamentlararo hamkorligi bo‘yicha guruh tuzilgani,  keyingi sakkiz yil ichida parlamentlarimiz vakillari o‘rtasida yigirmaga yaqin ikki tomonlama tashrif va muloqotlar tashkil etilgani bu fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.

Ma’lumki, Yangi O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga mos keladigan 2030-yilgacha bo‘lgan strategiya izchil amalga oshirilmoqda. Mamlakatimiz BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash bilangina cheklanib qolmasdan, balki ushbu maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ham ilgari surmoqda.

BMT Bosh Assambleyasi “Barqaror rivojlanish maqsadlariga  erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyani aynan O‘zbekistonning tashabbusi asosida qabul qildi. Shu o‘rinda xalqaro hamjamiyatning oliy minbaridan ilgari surilgan ushbu taklifimizni qo‘llab-quvvatlagani uchun fransuz hamkasblarimizga alohida minnatdorchilik bildiramiz.

Bundan ikki yil avval mamlakatimizda yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilingani munosabati bilan o‘tkazilgan umumxalq referendumida Fransiya Parlamenti Senati a’zolari R.Rishar va A.Vallini xalqaro kuzatuvchilar maqomida ishtirok etgandi. Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti saylovi jarayonlarida xalqaro kuzatuvchilar maqomida ishtirok etgan “Fransiya – O‘zbekiston” do‘stlik guruhi raisi E.Morey rahbarligidagi Fransiya parlamenti Senati delegatsiyasi a’zolari bilan 2023-yil 8-iyulda sermazmun muloqot qilganmiz.

Ayni vaqtda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Yurtimizda gender tenglik, so‘z va e’tiqod erkinligini ta’minlash, qiynoqlarga qarshi kurashish borasida aniq va samarador qadamlar qo‘yilmoqda. Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan har qanday zo‘ravonlikka barham berishga katta e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekistonda 2024-yil oktyabr oyida parlament saylovlari ilk bor aralash saylov tizimi asosida o‘tkazildi. BMT tavsiyalariga muvofiq, ayol nomzodlar kvotasi 40 foizgacha oshirildi. Islohotlar natijasida parlament quyi palatasidagi xotin-qizlar soni 38 foizga yetdi, bu ko‘rsatkich xalqaro tashkilotlar tavsiyalariga hamohangdir.

Saylov arafasida, 2024-yil 6-8-oktyabr kunlari kamina rahbarligidagi O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi delegatsiyasi Parijga tashrif buyurgandi. Biz o‘shanda Fransiya keng jamoatchiligiga mamlakatimizdagi saylovlarning mazmun-mohiyati haqida atroflicha ma’lumot berish uchun bir qator uchrashuvlarda qatnashganmiz.

O‘zbekistonning yangi parlamenti milliy qonunchilikni Konstitutsiya normalariga muvofiq yangilash, dunyoviy va ijtimoiy davlat tamoyillarini hayotga tatbiq etish borasida faol ish olib bormoqda. Yaqinda Fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohada davlat siyosati konsepsiyasi qabul qilindi.

Keyingi davrda sayyoramizdagi keskin iqlim o‘zgarishlari, suv va boshqa tabiiy resurslarning kamayishi jiddiy muammoga aylanmoqda. O‘zbekiston tomoni Fransiyaning 2050-yilgacha uglerod neytralligiga erishish orqali Yevropani uglerodsiz rivojlanadigan dastlabki yirik iqtisodiyotga aylantirish borasidagi yondashuvini, umuman olganda, ushbu hamkor mamlakatning ekologiyani asarab-avaylashga doir qat’iy va oqilona yo‘lini qo‘llab-quvvatlaydi.

Bu haqda fikr yuritganda, ekologiya va atrof-muhit masalalarini biz ham inson huquqlarini ta’minlashning ajralmas qismi sifatida ko‘rishimizni ta’kidlash o‘rinlidir. Binobarin, qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquq yangilangan Asosiy qonunimizda alohida konstitutsiyaviy normalar bilan mustahkamlab qo‘yildi.

Yana bir muhim qadam: O‘zbekistonda 2025-yil – “Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” iqtisodiyot yili”, deb e’lon qilindi. Mamlakatimiz Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij bitimiga va Orxus konvensiyasiga qo‘shilgan. Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni samarali hal qilish uchun Prezident huzurida Iqlim kengashi tuzilmoqda.

O‘zbekistonda “Yashil makon” umumxalq tashabbusi amalga oshirilayotganiga uch yil bo‘ldi. O‘z navbatida, qo‘shni va qardosh davlatlar bilan hamkorlikda Mintaqaviy iqlim strategiyasini amalga oshirishga kirishdik. Toshkentda Atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish bo‘yicha Markaziy Osiyo universiteti tashkil etildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston BMT tomonidan ushbu sohada qabul qilingan ikkita muhim rezolyutsiyaning tashabbuskori sanaladi.

Hozirgi kunda insoniyat juda og‘ir davrni boshidan kechirmoqda. Xalqaro munosabatlarda o‘zaro ishonchga darz ketmoqda, qarama-qarshilik va mojarolar tobora kuchaymoqda, barqarorlik va taraqqiyotga turli tahdidlar xavf solmoqda. Afsuski, bu muammolar O‘zbekiston va Fransiyani ham chetlab o‘tmayapti.

BMT 2025-yilni – Xalqaro tinchlik va ishonch yili deb e’lon qilgani bejiz emas. Chunki murakkab geosiyosiy tanglik, qurolli to‘qnashuvlar va moliyaviy bosimning kuchayishi global iqtisodiy tanazzulga sabab bo‘ldi. O‘z navbatida, bunday nomaqbul ahvol  hayotiy ehtiyojlarini qondirish uchun intilayotgan millionlab odamlarni chuqur tahlikaga solib, turli muammolar girdobiga tashladi.

Shunday ekan, BMT tashkil topganining 80-yilligi nishonlanadigan yilda dunyo parlamentlari hal qiluvchi o‘rinni egallashi zarur. Milliy parlamentlar butun jahon miqyosida har tomonlama hamkorlikni ta’minlash, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, barqaror rivojlanish va ishonchni tiklashda alohida rol o‘ynashi taqozo etiladi.

Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston tashabbusi bilan 5-6-aprel kunlari Parlamentlararo Ittifoqning 150-yillik yubiley assambleyasi ilk bor Markaziy Osiyo zaminida – aynan Toshkent shahrida bo‘lib o‘tishi diqqatga sazovor. Assambleyaning asosiy mavzusi “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” ekanligi ham bejiz emas. Biz hamkasblarimiz, Fransiya parlamenti a’zolarining ushbu xalqaro parlamentariylar forumida faol ishtirok etishlariga umid qilamiz.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining har ikki palatasiga an’anaviy qonun ijodkorligi funksiyalaridan tashqari, yanada keng vakolatlar berildi. Xususan, ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan parlament nazorati kuchaytirildi, hukumatning hisobotlari muntazam eshitib borilmoqda.

Davlat qurilishi jabhasidagi bunday zamonaviy yondashuv milliy parlamentning mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotini rivojlantirishda muhim o‘rin egallayotganidan dalolat beradi. Binobarin, O‘zbekiston bu borada Fransiya bilan tajriba almashishdan manfaatdor.

Biz Fransiya bilan erishilgan parlamentlararo hamkorlik darajasini qadrlaymiz. Ikki mamlakat parlamentlarida parlamentlararo do‘stlik guruhlari faoliyat ko‘rsatayotgani tomonlar munosabatlarning ushbu muhim yo‘nalishini rivojlantirishdan manfaatdor ekanining tasdig‘idir. O‘tgan davr mobaynida faol tashriflar almashinuvi amalga oshirildi, xususan, “O‘zbekiston –Fransiya” guruhi a’zolari o‘rtasida muntazam ravishda muzokaralar olib borilmoqda.

Eng asosiysi, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga davlat tashrifi doirasidagi muloqotlar asnosida mamlakatlarimiz qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

 Bu borada ilgari surilgan amaliy takliflar, xususan, joriy yilda fransuz hamkasblarimiz ishtirokida Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi qabul qilinganining 30-yilligiga bag‘ishlab “O‘zbekiston – Fransiya: gender tenglikni ta’minlashda parlamentning roli” parlamentlararo forumini o‘tkazish taklifi alohida e’tiborga molik.

Yevropaning qoq yuragida joylashgan Fransiya davlati bilan o‘zaro hamkorlik istiqbollari haqida so‘z borganda, albatta, ushbu mamlakat sun’iy intellekt bo‘yicha global hamkorlik borasida nafaqat ko‘hna qit’ada yetakchi, balki bu borada butun jahonning markazi ham ekanini alohida qayd etish darkor. Joriy yil fevralida Fransiya tashabbusi bilan “Sun’iy intellekt sohasidagi sa’y-harakatlar bo‘yicha sammit” muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bu fikrimizning amaliy isbotidir.

Aslida ham, sun’iy intellekt butun dunyomizni o‘zgartirmoqda. Bu shunchaki texnologiya emas, balki bizning yashash, ishlash va o‘zaro munosabatlarimizni o‘zgartirishlarga chog‘layotgan qudratli vositadir.

Yer yuzida tinchlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’min etish uchun sun’iy intellektdan unumli foydalanish zarurligi borasida mamlakatlarimizning yondashuvlari o‘xshash. Binobarin, O‘zbekistonda Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi.

Biz ilm-fan sohasi va fuqarolik jamiyati ishtirokiga asoslangan sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash uchun mustahkam huquqiy asos yaratish kerak, deb hisoblaymiz. Shuning uchun bu boradagi umumiy standartlarni ishlab chiqishda fransiyalik hamkasblarimiz bilan hamkorlikdan manfaatdormiz.

Davlatimiz rahbarining Fransiyaga davlat tashrifi O‘zbekistonning muloqot uchun har doim ochiqligi va ikki tomonlama kun tartibining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni kengaytirish niyatida qat’iy va sobit ekaniga o‘ziga xos dalildir. Yanada muhimi, ushbu oliy darajadagi tashrif yakunida imzolangan hamkorlik hujjatlari O‘zbekiston va Fransiya davlatlari o‘rtasidagi sheriklik va do‘stlik aloqalari rivojiga shiddatli sur’at hamda boy mazmun-mohiyat bag‘ishlaydi.

Xulosa qilib aytganda, xalqaro va davlatlararo munosabatlarda o‘zaro ishonch yo‘qolib borayotgan bugungi tahlikali va notinch davrda Fransiya bilan strategik hamkorlikni nihoyatda qadrlaymiz. Ikki tomonlama, mintaqaviy va global muammolar yuzasidan qarashlarimiz yaqinligi ham juda muhim. Bu omillarning barchasi, o‘z navbatida, hamkorlikning boshqa sohalari qatori parlamentlararo munosabatlarimizni ham yangi bosqichga ko‘tarishni taqozo etadi.

 

Akmal SAIDOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputati,

“O‘zbekiston-Fransiya” do‘stlik guruhining raisi

 “Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2025-yil 14-mart kungi 52 (1378)-soni

Powered by GSpeech