Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

“IQTISODIY HAMKORLIK TASHKILOTI O‘ZBEKISTON RAISLIGIDA MINTAQAVIY O‘ZARO BOG‘LIQLIKNI MUSTAHKAMLASH BO‘YICHA  SEZILARLI NATIJALARGA ERISHDI”

O‘zbekiston 2022 yilda birinchi marotaba Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga (IHT) raislikni qabul qildi. 1985 yil Turkiya, Eron va Pokiston ishtirokida tashkil etilgan mazkur xalqaro tuzilmaga mamlakatimiz 1992 yilda a’zo bo‘lgan. Xuddi shu yili tashkilotga Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Afg‘oniston ham qo‘shilgan. IHT tuzilishidan ko‘zlangan maqsad mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga ko‘maklashishdan iborat.

“Dunyo” AA muxbiri IHT bosh kotibi Xusrav Noziriy bilan mazkur tashkilotning ustuvor vazifalari, O‘zbekistonning IHT faoliyatidagi o‘rni va hissasi, shuningdek, mamlakatimizning ushbu tuzilmaga birinchi raisligining yakunlari haqida suhbatlashdi.

— O‘zbekistonning Iqtisodiy hamkorlik tashkilotidagi raisligi nihoyasiga yetmoqda. Siz uning yakunlarini qanday baholaysiz?

— O‘zbekiston IHTga a’zo bo‘lgan juda muhim davlatdir. Tashkilot O‘zbekistonning 2022 yildagi raisligi davrida IHTni yanada rivojlantirish va mintaqadagi o‘zaro taraqqiyot va farovonlik yo‘lidagi asosiy rolini va mukammal rahbarligini yuqori baholaydi.

O‘zbekistonning IHTdagi o‘suvchanlik roli, ayniqsa, birgalikda mintaqaviy rivojlanish jarayonini ilgari surish uchun mamlakatning raisligi davrida juda muhim ahamiyat kasb etdi. O‘zbekistonning Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti faoliyatidagi roli ortib borayotganini, bu tuzilmaning o‘sishi va rivojlanishiga juda katta hissa qo‘shayotganini qayd etishdan mamnunmiz.

Prezident Shavkat Mirziyoev Janobi Oliylari o‘z vaqtida 2022 yilni Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti mintaqasida “O‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash yili” deb e’lon qildi. Shu nuqtai nazardan, IHT O‘zbekiston raisligida mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash bo‘yicha  sezilarli natijalarga erishdi. Ularning ayrimlarini quyidagi tartibda sanab o‘tish mumkin:

— 2022 yil fevral oyida IHTning transport bo‘yicha 11-vazirlar uchrashuvi tashkil etilishi;

— Islomobod — Tehron — Istanbul (ITI) yo‘lagini to‘la ishga tushirish va tartibga solish;

— Islomobod — Tehron — Istanbul poezd xizmatini tartibga solish;

— Geografik axborot tizimi (GIT) loyihasini joriy qilish;

— Xalqaro avtomobil tashuvi kafolat birlashmasi maslahat guruhi (ECO-TIRACG)  yaratilishi;

— Qozog‘iston — Turkmaniston — Eron yo‘lagi uchun yo‘lakni boshqarish mexanizmi yaratilishi;

— IHT Dengiz muvofiqlashtiruv markazlari tarmog‘ining yaratilishi;

— Fuqaro aviatsiyasi bo‘yicha yuqori darajadagi ishchi guruhning tashkil etilishi;

— IHT mintaqasining sharqiy qismida aviatarmoqni tashkil etish bo‘yicha konseptual yo‘riqnoma tayyorlanishi;

— Transkaspiy yo‘lagi va Istanbul — Olmaota yo‘lagi bo‘yicha BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi bilan muvofiqlashtirish qo‘mitasi tuzilishi;

— Ikki muhim, ya’ni Qirg‘iziston — O‘zbekiston — Turkmaniston — Eron va Tojikiston — O‘zbekiston — Turk-maniston — Eron — Turkiya yo‘lagini yaratish.

O‘zbekiston raisligida tashkilot, ayniqsa, energetika, savdo, qishloq xo‘jaligi va sayyohlik sohalarida mintaqaviy integratsiyani yanada mustahkamlash uchun muhim qadamlarni tashladi. 2022 yil davomida O‘zbekistonda qator yo‘nalishlarda bir necha vazirlar uchrashuvi hamda boshqa yuqori darajadagi uchrashuvlar tashkil etildi va o‘tkazildi.

Masalan, energetika jabhasida biz Toza energiya markazini hamda IHT mintaqaviy elektr energiyasi bozorini yaratishda sezilarli natijalarga erishdik. Joriy yilda O‘zbekiston energetika bo‘yicha IHT 5-vazirlar uchrashuvini o‘tkazishni rejalashtirmoqda va biz ushbu muhim jabhada yanada katta rivojlanishga erishishga umid qilmoqdamiz.

O‘zbekiston raisligi turizm sohasida ham juda faol kechdi. 2022 yil O‘zbekiston tomonidan IHTning turizm bo‘yicha 4-vazirlar uchrashuvi tashkil etildi. Bundan tashqari, o‘tgan yilda Ozarbayjon, Eron, Pokiston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston va O‘zbekistonning 240 dan ortiq turoperatori va sayyohlik agentligini birlashtiradigan IHT  turoperatorlari tarmog‘i tuzildi.

Biz mintaqa ulkan sayyohlik salo-hiyatiga ega ekanini yaxshi bilamiz. Ayniqsa, O‘zbekiston o‘zining buyuk tarixiy va tabiiy diqqatga sazovor maskanlari bilan ajralib turadi. Shu bois, biz O‘zbekistonni 2024 yilda Shahrisabz shahrining IHT turizm poytaxti etib saylangani bilan qutlaymiz va Jahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi joriy yil Samarqand shahrida o‘tkazilishidan juda mamnunmiz. Bular butun dunyo e’tiborini O‘zbekistonga jalb qiladi va mamlakatning sayyohlik salohiyatini olg‘a yetaklaydi.

Ushbu fursatdan foydalanib, Prezident Shavkat Mirziyoevga atrof-muhitini muhofaza qilish sohasida hamkorlik bo‘yicha IHT doirasida yuqori darajadagi muloqotni yo‘lga qo‘yish yuzasidan O‘zbekistonning yana bir yangi va muhim tashabbusi uchun minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz. Atrof-muhit va iqlim o‘zgarishining oqibatlari tashkilotning tarmoqlararo ustuvor yo‘nalishi sifatida bergilandiki, bu turli masalalar va turli darajadagi barcha ekologik tadbirlarda jiddiy ravishda hisobga olinmog‘i lozim.

Biz O‘zbekistonning tashkilotning ekologik doiradagi faoliyatida, masalan, ishchi guruhlarda, shuningdek, bioxilma-xillik, yer degradatsiyasi va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha yangi loyihalarni ilgari surishdagi faol o‘rnini yuqori baholaymiz.

— O‘zbekiston so‘nggi yillarda IHT faoliyatida izchil ishtirok etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan tashkilot doirasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirishga qaratilgan qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Ular kotibiyat ishiga va umuman, IHT mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik kengayishiga qanday ta’sir qildi?

— O‘zbekiston so‘nggi yillarda IHTda faol ishtirok etmoqda — bu haqiqat. Lekin ta’kidlashni istardimki, O‘zbekistonning IHTdagi faol pozitsiyasi mamlakatning so‘nggi yillardagi ajoyib rivojlanish harakatlarining bir qismidir. O‘zbekiston o‘zining global va mintaqaviy miqyosdagi nufuzini sezilarli darajada mustahkamladi. Men mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga guvoh bo‘lganimdan juda xursandman, uning istiqbollari va kutilayotgan natijalar ham juda yaxshi bo‘lishini qayd etishni istardim.

O‘zbekiston xalqaro forumlarda ham o‘z yetakchilik fazilatini namoyon etdi. Shu ma’noda, tashkilotimiz kun tartibiga yangi va foydali tashabbuslarni kiritgani tufayli IHT O‘zbekiston raisligidan katta naf ko‘rdi.

IHTning 2021 yilda bo‘lib o‘tgan 14- va 15-sammitlari chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti mintaqaviy integratsiyani yanada kengaytirish ta’minlanishi uchun hamkorlikni kengaytirishning hisobidan kun tartibimizni boyitish bo‘yicha bir qancha konstruktiv takliflarni ilgari surdi. Bu takliflar, jumladan, savdo, transport va energetika sohalarini qamrab olgan va asosan, IHTni yuzaga kelayotgan mintaqaviy va global tendensiyalarga moslashtirishga yo‘naltirilgan. O‘zbekistonning barcha takliflari juda dolzarb deb tan olindi va shuning uchun barcha a’zo davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Masalan, IHT tarixida birinchi marotaba raislik qiluvchi mamlakat o‘zi raislik qiladigan yilga nom berdi. Shu nuqtai nazardan, 2022 yil Prezident Shavkat Mirziyoev taklif etganidek, “O‘zaro uzviy bog‘liqlikni mustahkamlash yili” bo‘ldi va shunga monand ravishda mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash bo‘yicha aniq-ravshan natijalarga erishildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti IHT doirasida  atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik bo‘yicha yuqori darajadagi muloqotni yaratishni taklif qildi, bu ham juda muhim global masaladir. Barcha a’zo davlatlar ushbu taklifni mamnuniyat bilan olqishladi va tashkilot atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim  o‘zgarishi bilan bog‘liq ishlarda IHT va boshqa yetakchi xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni faollashtirishga intilmoqda.

O‘zbekiston tomonidan o‘z raisligi doirasida IHT faoliyatining turli sohalarida, jumladan, savdo, transport va energetika tarmoqlarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha belgilangan maqsadlarga tayangan holda tashkilot mintaqamizni jamoaviy rivojlanti-rish borasida eng kerakli natijalarga erishish uchun faol sa’y-harakatlarni amalga oshirdi.

— Savdo va investitsiya, transport logistikasi va boshqa sohalarda a’zo mamlakatlarning iqtisodiy hamkorligini kengaytirish va mustahkamlash masalalari IHT faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi. Shu bois, sizningcha, barchamizga tegishli bo‘lgan ushbu yo‘nalishlarda davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishning istiqbollari qanday?

— O‘zbekiston Prezidentining taklif va tashabbuslari muhimligini inobatga olgan holda, IHT kotibiyati ularning izchil amalga oshirilishini ta’minlash uchun tizimli sa’y-harakatlarni bajardi. Tashkilot ustuvor yo‘nalishlarda, jumladan, savdoni erkinlashtirish, savdo tartibotlarini soddalashtirish va savdo to‘siqlarini bartaraf etish, transport aloqalarini yaxshilash, mintaqaning sayyohlik salohiyatini ilgari surish, energetika aloqalarini mustahkamlash va ekologik muammolar, iqlim o‘zgarishi, yer degradatsiyasi hamda oziq-ovqat xavfsizligi kabi dolzarb masalalarni hal qilish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni jadallashtirdi.

Bizning oldimizda ustuvor yo‘nalishlarda mintaqaviy hamkorlikni va integratsiyani yaxshilash bilan bog‘liq qator o‘ta muhim masalalar turibdi. Mintaqaviy aloqalarni va integratsiyani sezilarli darajada kengaytirish uchun bizda ulkan imkoniyatlar mavjud. Dunyo aholisining 6,6 foizi mintaqamiz hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, 2021 yilda mintaqaning jahon savdosidagi ulushi 927,8 milliard AQSh dollarini, mintaqamiz ichidagi savdo hajmi 76,5 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Bu IHT savdosi butun dunyo savdosining 8,2 foizi deganidir. Ushbu raqamlar dunyo aholisidagi ulushi, shuningdek, boy tabiiy va inson resurslariga egaligi nuqtai nazaridan mintaqaning munosib salohiyatiga mos emas.

Bizning iqtisodiyotimiz hali ham Covid-19 pandemiyasi sabab yuzaga kelgan global inqirozning salbiy ta’sirini boshdan kechirmoqda. Xususan, inflyatsiya sur’atlarining global o‘sishi moliyaviy sharoitlar keskinlashishiga va yashash narxi oshishiga olib keldi. Qolaversa, yaqinda yuzaga kelgan global siyosiy vaziyat ta’minot zanjirlari buzilishi hamda oziq-ovqat va energiya xavfsizligi nuqtai nazaridan tashvishlanishni yuzaga keltirdi. Ta’minot zanjirlaridagi har qanday buzilish butun dunyo bo‘ylab mahsulot yetkazib berish jarayoni va narxlarga ta’sir ko‘rsatadi, xomashyoni qidirishdan tortib, to transport xarajatlari, qo‘shimcha qiymat va nihoyat, iste’molchilarga yetkazib berishgacha bo‘lgan yuqori xarajatlar tufayli iqtisodiy faoliyatni xavf ostiga qo‘yadi. Shu bois, 2022 yilda O‘zbekiston raisligida tashkilot mintaqaviy rivojlanish uchun muqarrar ravishda zarur bo‘lgan o‘zaro bog‘liqlikka ulkan ahamiyat qaratdi.

Bundan tashqari, biz loyihalar asosidagi yondashuvga ko‘proq e’tibor qaratdik. Hozirgi paytda IHT loyihalarining umumiy soni 37 tani tashkil etadi, ulardan 23 tasi amalga oshirishning turli bosqichlarida turibdi. Taklif etilayotgan yangi loyihalar soni 14 ta.

Barcha ustuvor yo‘nalishlarda bizning kun tartibimiz mintaqamiz va uning aholisi uchun farovonlikni yaxshilashga ko‘maklashadigan juda istiqbolli loyihalarni o‘z ichiga olgan. Oldimizda barcha manfaatdor tomonlarning umumiy to‘g‘ri tushunishi va jamoaviy sa’y-harakatlar bilangina erishish mumkin bo‘lgan ulkan vazifalar va ezgu maqsadlar turibdi.

Shu bois, mintaqaviy hamkorligimiz istiqbollariga katta ishonch bilan qarayman. IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining Toshkentda bo‘lib o‘tadigan 26-yig‘ilishida a’zo davlatlarning yuqori martabali rasmiylari tomonidan bizga juda yaxshi e’tibor qaratiladi, deb o‘ylayman. Iqtisodiy hamkorlikning mintaqaviy forumi sifatida IHTning rolini yanada oshirish maqsadiga yo‘naltirilgan samarali uchrashuvlar va konstruktiv munozaralar o‘tkazilishini kutmoqdamiz. Shuning uchun men barcha a’zo davlatlarga bu muhim uchrashuvda tashkilotni qo‘llab-quvvatlagani, ayniqsa, hozirgi murakkab global iqtisodiy va siyosiy voqealar sharoitida mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga yo‘naltirilgan yig‘ilish o‘tkazilishiga ko‘maklashgani uchun O‘zbekiston rahbariyatidan minnatdorman.

“Dunyo” AA

Powered by GSpeech