Parlament komissiyasi ustuvor vazifalarni belgilab oldi

Parlament komissiyasi ustuvor vazifalarni belgilab oldi

Inson huquqlari har narsadan ustun. Dunyo tajribasida islohotlar, rejalar, rivojlanish tendensiyalari markazida inson va uning huquqlarini ta’minlash masalasi tursa, albatta ijobiy yutuqlar bardavom bo‘ladi.

2023 yil 25 yanvar kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da Parlament komissiyasining oldida turgan muhim vazifalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Parlament komissiyasi raisi Akmal Saidov “Avval inson, keyin jamiyat va davlat”degan g‘oyani Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga, kundalik hayotimizga chuqur singdirish, bu borada qilinayotgan ishlar ko‘lamini kengaytirish va natijadorligini oshirish borasida komissiya bir necha maqsadlarni o‘z oldiga vazifa qilib belgilab olishi lozimligini qayd etdi. Shuningdek, barqaror rivojlanish sohasidagi maqsadlarga erishishni jadallashtirishda parlamentning rolini oshirishga alohida urg‘u berdi.

Jumladan, parlament faoliyatida, rahbarlik lavozimlariga tayinlashda, barcha darajadagi muhim qarorlarni qabul qilishda ayollarning teng huquqlilik asosida ishtirokini ta’minlash, COVID-19 pandemiyasi odamlar salomatligi, xavfsizligiga va farovonligi darajasiga hamda insonlarning hayoti, tirikchilik qilish imkoniyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini inobatga olib 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibini to‘liq amalga oshirishni tezlashtirish uchun barqaror va keng qamrovli tiklanish strategiyalarini ishlab chiqish, barqaror rivojlanish sohasidagi maqsadlarga erishish bo‘yicha sa’y-harakatlar samaradorligini oshirish kabi yo‘nalishlar komissiya faoliyatida muhim deb topildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi va Inson huquqlari bo‘yicha Kengashining 46-sessiyasida ilgari surgan g‘oyalarini ijro etish maqsadida 2022 yil 5-6 dekabrda Samarqand shahrida “Inson huquqlari sohasida ta’lim” Global forumi o‘tkazildi. Unda inson huquqlari sohasida Yangi O‘zbekiston siyosatini keng yoritish masalalariga alohida e’tibor berildi. Global forum so‘ngida yakuniy hujjat — Inson huquqlari sohasida markaziy Osiyoda ta’limni rivojlantirish bo‘yicha Samarqand xarakatlar rejasi qabul qilindi.

Global forumda 120 dan ortiq xalqaro ekspertlar, 2000 dan ortiq milliy tashkilotlar vakillari qatnashdi. Shuningdek, inson huquqlari yo‘nalishida ta’lim bo‘yicha adabiyotlar ko‘rgazmasida inson huquqlari ta’limiga bag‘ishlangan 250 ga yaqin nomdagi mingdan ortiq kitob va ilmiy jurnallar namoyish etildi.

Mazkur forum va uning yakuni bo‘yicha qabul qilingan harakatlar rejasining ahamiyati shundaki, sifatli va rivojlangan ta’lim orqali hayotni, kerak bo‘lsa dunyoni o‘zgartirish mumkin. Bu maqsad atrofida birlashish va o‘zaro tajriba almashish esa, ko‘zlangan marraga erishishni tezlashtiradi. Komissiya a’zolari Samarqand global forumini ijobiy baholashdi.

Shu bilan birga, komissiya a’zolari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining “2022 yilda O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishining holati to‘g‘risida”gi axborotini ham eshitishdi.

Qayd etilganidek, 2022 yilda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarning bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining 3 ta milliy ma’ruzasi BMT shartnomaviy qo‘mitalarida eshitildi:

1. BMTning Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi bajarilishi bo‘yicha O‘zbekistonning Oltinchi milliy ma’ruzasi;

2. Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktni bajarish bo‘yicha Uchinchi milliy ma’ruzasi;

3. Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi bajarilishi bo‘yicha Beshinchi milliy ma’ruzalarida ilgari surilgan takliflar ko‘pchilik ovoz bilan maqullandi.

Bundan tashqari, 2022 yilda 95 ta normativ huquqiy-hujjat loyihasi inson huquqlari bo‘yicha normalarga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazildi. Milliy markaz tomonidan xalqaro majburiyatlarni bajarishda to‘sqinlik qilayotgan masalalar va ularni bartaraf etish bo‘yicha berilgan takliflar komissiya a’zolari o‘tasida atroflicha muhokama qilindi.

Yig‘ilishda shuningdek, Parlament komissiyasining 2022 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi axborot ham ko‘rib chiqildi.

Axborotda keltirilganidek, Parlament komissiyasi tomonidan inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, milliy qonunchilikni inson huquqlari sohasidagi xalqaro-huquqiy standartlar bilan uyg‘unlashtirish, mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘sini yanada mustahkamlash, inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi, inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi bo‘yicha milliy harakat rejalarini (“yo‘l xaritalari”) o‘z vaqtida va sifatli bajarish, bu yo‘nalishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yo‘lga qo‘yish borasida tizimli ishlar qilindi.

O‘tgan davrda komissiyaning 7 ta yig‘ilishi o‘tkazilib, ularda 34 ta masala ko‘rib chiqildi. Shuningdek, Parlament komissiyasi tomonidan 13 marta davlat va nodavlat tashkilotlarining axboroti eshitildi, 1 ta xalqaro forum, 2 ta uchrashuv, 14 ta davra suhbati, 22 ta seminar, 10 ta konferensiya o‘tkazildi.

Tadbirda 2023 yilda Parlament komissiyasi tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

«Xalq so‘zi» gazetasining 2023 yil 26 yanvar kungi 17-son

Powered by GSpeech