Mehnat munosabatlari va kasaba uyushmalari sohasidagi xalqaro hamkorlik

Mehnat munosabatlari va kasaba uyushmalari sohasidagi xalqaro hamkorlik

Shu kunlarda Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasi vakillari, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mo‘g‘uliston kasaba uyushmalari rahbarlari mamlakatimizda bo‘lib turibdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun yurtimizga tashrif buyurgan delegatsiyalar a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi. 

Tadbir avvalida respublikamizda Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuskorligi natijasida mehnat munosabatlari tizimida sezilarli o‘zgarishlar bo‘lgani, sohada tashkiliy-huquqiy, qonunchilik hamda xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgani ma’lum qilindi. 

Bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashish, munosib mehnat tamoyillarini amaliyotga tatbiq etilishida xalqaro maydonda tan olingan O‘zbekiston tajribasi alohida qayd etildi. 

Shuningdek, bolalar mehnati va majburiy mehnatni oldini olish borasida fuqarolik jamiyati institutlari, kasaba uyushmalari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan samarali hamkorlik olib borilayotgani ta’kidlandi. 

Bu borada Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlik alohida o‘rin tutadi. So‘nggi yillarda bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashish, munosib mehnat sharoitini takomillashtirish borasida samarali ishlar amalga oshirilgan.

Muloqot chog‘ida tomonlar mehnat munosabatlarida mintaqaviy hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ushbu jarayonda kasaba uyushmalari faoliyatini mustahkamlash masalasini muhokama qildi. 

Xususan, 2021 yil O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashining faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Yakunda mehnat munosabatlari yo‘nalishida hamkorlikdagi loyihalarni faollashtirishga kelishib olindi. 

Delegatsiyalar tashrifi davom etmoqda. 

 

B.Xudoyberdiyev, 
N.Haydarov (foto), 
O‘zA

Powered by GSpeech