Ombudsman: Muruvvat uyida yashovchi 31 nafar shaxsning hujjati yo‘qligi aniqlandi

Ombudsman: Muruvvat uyida yashovchi 31 nafar shaxsning hujjati yo‘qligi aniqlandi

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) va uning viloyatlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalar bilan birga Muruvvat uylariga monitoring tashriflari amalga oshirilmoqda.

Qayd etish lozimki, ushbu muassasalarda inson sha’ni va qadr-qimmati hamda huquqlarining kamsitilishiga sabab bo‘lmaydigan munosib sharoitlar yaratilishi lozim.  

Ombudsman vakillari o‘rganishlarda shu jihatlarga alohida e’tibor qaratmoqda hamda ushbu muassasalarda saqlanayotgan shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqmoqda.  

Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi nogironligi bo‘lgan erkaklar uchun tashkil etilgan Muruvvat uyiga amalga oshirgan monitoring tashrifida 31 nafar fuqaro fuqarolik pasporti olishda muammolarga duch kelayotgani, aksariyatining tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi mavjud emasligini aniqladi.  

Ta’kidlash lozimki, bu yerdagi ayrim shaxslar muloqot qilish, o‘z fikrlarini bayon etish imkoniyatiga ega emas.  

Ombudsman mintaqaviy vakili ushbu masalada tegishli tashkilotlarga murojaat qildi. Natijada 18 nafar fuqaroning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasini Davlat xizmatlari markazidan olish uchun to‘lov internat uyi va bojxona xodimlari tomonidan to‘lab berildi. 

5 nafar fuqaroning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasiga Davlat xizmatlari agentligi tomonidan aniqlik kiritilgan bo‘lib, internat uyi tomonidan to‘lovlar amalga oshirilgandan so‘ng pasport olish uchun tegishli tashkilotga taqdim etilishi rejalashtirilgan. 8 nafar fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritib bo‘lmayotgani sababli, Davlat xizmatlar agentligi tomonidan ma’lumotlar olish imkoni yo‘qligi ma’lum qilingan.  

Ombudsmanning Buxoro mintaqaviy vakili, Davlat bojxona qo‘mitasi viloyat boshqarmasi va IIB bilan hamkorlikda Qorako‘l tumanidagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan erkaklar uchun internat uyida tadbir tashkil etilib, vasiylikka olingan fuqarolarning 14 nafariga shaxsini tasdiqlovchi ID-kartalari topshirildi. Yana 7 nafar fuqaroning hujjatlari tayyorlanayotgani ma’lum qilindi.  

Ma’lumot uchun, internat uyida 306 nafar erkak davlat tomonidan vasiylikka olingan bo‘lib, muassasaning moddiy-texnik bazasi mustahkamlangan va infratuzilmasi yaxshilangan. Vasiylikka olingan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirishga qaratilgan zamonaviy uslub va ijtimoiy texnologiyalar tatbiq etilib, qulay shart-sharoitlar yaratilgan.  

Ijtimoiy moslashtirish va ularga o‘z qiziqishlaridan kelib chiqib kasb-hunar o‘rgatish yo‘lga qo‘yilgan. Bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda qobiliyatlarini rivojlantirish bo‘yicha amaliy ishlar qilinmoqda.  

 

O‘zA  

Powered by GSpeech