O‘zbekiston ikkinchi ixtiyoriy milliy hisobotni taqdim etdi

O‘zbekiston ikkinchi ixtiyoriy milliy hisobotni taqdim etdi

Qaror va ijro

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI)da O‘zbekistonda 2030 yilgacha milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha Ikkinchi ixtiyoriy milliy hisoboti taqdimoti o‘tkazildi.

Manfaatdor vazirlik, idoralar, mahalliy va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etgan tadbirda hisobotning mazmun-mohiyati, tayyorlanish jarayoni va hujjatda ko‘rsatib o‘tilgan masalalar yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.

Ta’kidlash kerak, 2015 yil sentyabrda 193 mamlakat, jumladan, O‘zbekiston ham Birlashgan Millatlar Tashkilotining barqaror rivojlanish bo‘yicha 2030 yilgacha global kun tartibiga qo‘shilgan. Shu tariqa davlatimiz 2030 yilgacha barqaror rivojlanish maqsad va vazifalari yuzasidan majburiyat olgan.

Shu asosda 2019 yil tayyorlangan O‘zbekistonning Birinchi ixtiyoriy milliy hisoboti BMT xalqaro forumida taqdim etilgan.

2022 yil 21 fevralda Vazirlar Mahkamasining “2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. PMTI direktori o‘rinbosari Tursin Ahmedovning qayd etishicha, mazkur hujjat ijrosi doirasida 2022-2026 yillarda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarga samarali erishish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi, Ikkinchi ixtiyoriy milliy hisobotga tayyorgarlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan.

– Institutimizda “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq, O‘zbekiston bo‘yicha Ikkinchi ixtiyoriy milliy hisobotning dastlabki nusxasi tayyorlandi, – dedi T.Ahmedov. – Mazkur hisobot mamlakatimizning barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirish, xususiy sektor va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, demografik rivojlanish bilan bog‘liq o‘ziga xos milliy jihatlarga moslashish, ayollar va yoshlarni, gender tenglikni qo‘llab-quvvatlash siyosatini kuchaytirish bo‘yicha salohiyati va imkoniyatini ochib beradi. Hujjatda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi hamda Barqaror rivojlanish maqsad va vazifalari o‘rtasidagi muvofiqlik, o‘zaro bog‘liqlik muhim o‘rin egallagan. Loyihada barcha yo‘nalishlar bo‘yicha keltirilgan ko‘rsatkichlar Statistika qo‘mitasi ma’lumotiga asoslangan. Xususan, 190 ta indikator bo‘yicha 2015-2021 yillarga doir barcha ko‘rsatkichlardan foydalanilgan. Ikkinchi bosqichda vazirliklar ma’lumotlari asosida hisobot boyitilib, joriy yil fevral oyida Iqtisodiyot va moliya vazirligiga loyihaning yangi varianti taqdim etiladi. Shundan so‘ng hisobot muhokamadan o‘tkazilib, mart oyida loyiha parlamentga taqdim etiladi.

Tadbirda qayd etilganidek, yurtimiz sharoitiga moslashtirilgan barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishni baholash uchun 126 vazifa, 193 ko‘rsatkich tasdiqlangan. O‘zbekiston bo‘yicha Ikkinchi ixtiyoriy milliy hisobot loyihasi 17 maqsadni o‘z ichiga olgan. Hujjatda barqaror rivojlanish yo‘lidagi mavjud ichki va tashqi tahdidlar, so‘nggi yillarda alohida milliy maqsadlarga erishish va muayyan vazifalarni bajarishda erishilgan yutuqlar, natijalar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, bu borada yaqin vaqt ichida qo‘yilajak aniq qadamlar aks etgan.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri

Powered by GSpeech