O‘zbekiston va Eron birodarlikning ajoyib namunasini yaratadi

So‘nggi yillarda ikki do‘st va birodar davlat – Eron Islom Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi munosabati barcha soha va yo‘nalishlarda rivojlanib bormoqda. Davlatlarimiz oliy rahbariyati o‘rtasida turli darajadagi samarali uchrashuvlar tashkil etildi.

Hatto, do‘stona aloqa koronavirus pandemiyasi davrida ham uzilmasdan, mutasaddilar, mutaxassislarning telefon muloqoti, videokonferensiya shaklidagi uchrashuvlar ko‘rinishida davom etdi.

Ikki tomonlama muloqot siyosiy maslahatlashuvlar, tashqi ishlar vazirlarining Toshkentdagi uchrashuvi bilan mustahkamlanib, boshqa sohalardagi aloqa ham jonlanishi uchun turtki berdi.

Siyosiy maslahatlashuvning oltinchi davrasi olti yillik tanaffusdan keyin O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarining Tehronga tashrifi chog‘ida tashkil etildi. Bundan buyon ayni shakldagi tadbir yiliga bir martadan muntazam o‘tkazilishi rejalashtirildi.

Ikki davlat tashqi ishlar vazirlari o‘n yillik tanaffusdan keyin Toshkentda ikki tomonlama muzokara olib bordi. Bu uchrashuv Eron va O‘zbekiston munosabatini ko‘pgina sohalarda rivojlantirish uchun bir debocha bo‘lib xizmat qildi.

2022 yil 20-21 fevral kunlari Tehron shahrida Eron Islom Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning o‘n to‘rtinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, uch vazir, bir necha vazir o‘rinbosarlari, vazirliklar boshqarma boshliqlari hamda turli uyushma va kompaniyalar rahbarlaridan tashkil topgan oltmish kishidan iborat yuqori darajali delegatsiya ishtirok etdi. Bu munosabatlarimiz tarixida Eron Islom Respublikasiga tashrif buyurgan eng yirik O‘zbekiston delegatsiyasi bo‘ldi.

O‘zbekiston delegatsiyasi ushbu tashrif davomida Eron Islom Respublikasi rahbariyati, jumladan, Prezidentbilan, davlat rahbarining iqtisodiy masalalar, fan va texnologiyalar bo‘yicha o‘rinbosarlari, sanoat, kon va savdo, qishloq xo‘jaligi vazirlari va boshqa mulozimlar bilan uchrashdi. Eron Savdo-sanoat palatasida bo‘lib o‘tgan biznes forumi ham yuqori saviyada tashkillashtirildi. Hukumatlararo komissiyaning o‘n to‘rtinchi majlisi yakuni bo‘yicha turli sohalarga oid qator muhim hujjatlar imzolangani alohida e’tiborga molik.

Prezidentlarimiz Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining 2021 yil 16-17 sentyabr kunlari Dushanbe shahrida va Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining 2021 yil 28 noyabr kuni Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan sammitlari doirasidagi uchrashuvlarda o‘zaro aloqani rivojlantirishga alohida urg‘u berib, barcha vazirlik, idoralarga tegishli ko‘rsatma berdi. Hozir har tomonlama strategik sheriklikni kengaytirishga qaratilgan yo‘l xaritalari tayyorlanyapti.

Ma’lumki, so‘nggi yillarda rivojlanib borayotgan aloqalarimizga xos xususiyatlardan biri – hamkorlikning diversifikatsiyalashgani. bugungi kunda ikki mamlakat namunali siyosiy va savdo-iqtisodiy munosabat, transport sohasidagi mustahkam aloqa, mintaqaviy va xalqaro masalalardagi hamkorlikdan tashqari parlamentlararo, oliy ta’lim, madaniyat, san’at va turizm sohalarida ham yaqin muloqotni yo‘lga qo‘ygan. Eron va O‘zbekiston o‘rtasida madaniyat, turizm hamda fan va texnologiya bo‘yicha hujjatlar imzolanishi o‘zaro munosabatda yangi hodisa sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Muhim hujjatlardan biri – Madaniyat sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Anglashuv memorandumi ikki mamlakatda ham madaniyat haftaliklarini uyushtirish imkonini yaratadi. Joriy yil oxirigacha Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivada Eron madaniyati haftasi tantanali o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Eron va O‘zbekiston o‘rtasida Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik bo‘yicha qo‘shma komissiya tashkil etilishi mamlakatimizning nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatini yangi bosqichga ko‘tardi. Eron mintaqada birinchi bo‘lib O‘zbekiston bilan shunday tuzilma faoliyatini yo‘lga qo‘ygani quvonarli. Mazkur komissiyani tuzish to‘g‘risidagi hujjat Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Shamxoniyning O‘zbekistonga tashrifi davomida imzolangandi. Ayni sohadagi hamkorlik boshqa yo‘nalishlardagi umumiy sa’y-harakat sur’atiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiy.

Eron va O‘zbekiston parlamentlararo munosabati yaqin ikki yil ichida boshlandi. Har ikki davlatda parlamentlararo do‘stlik guruhi tuzildi. 2022 yil 12-14 iyul kunlari Eron Islomiy Kengash Majlisi raisi birinchi marta O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Eron parlamenti rahbari boshchiligidagi delegatsiya ushbu diyorda iliq kutib olindi. Kelgusi bir necha oy ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri hamda Eron Islom Respublikasi Islomiy Kengash Majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi raisining Eronga tashrif buyurishi kutilyapti. Parlamentlararo hamkorlik, qolaversa, parlamentlar delegatsiyalarining o‘zaro tashriflari ko‘plab sohalardagi ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik rivojlanishi uchun zamin yaratadi.

Savdo-iqtisodiy sohada ham rishtalar mustahkamlanmoqda. O‘tgan yili Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo ayriboshlash hajmi oldingi yilga nisbatan 73 foiz oshib, 431 million dollarni tashkil etdi. Bu hajm o‘rtadagi qardoshligimiz va ikki mamlakatda mavjud iqtisodiy salohiyatga mos emas. Shu bois bu yo‘lda tashlanishi kutilayotgan navbatdagi qadam yillik savdo ayriboshlash hajmini yaqin kelajakda 2 millard yevroga yetkazish maqsadidan iborat.

Ikki mamlakat bozori va salohiyati bilan yaqindan tanishish maqsadida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya majlislari hamda qo‘shma ko‘rgazmalar muntazam o‘tkazilishi, eng ko‘p qulaylik rejimi asosida savdo hamkorligi hamda savdo imtiyozi to‘g‘risidagi bitimlar ishlab chiqish ustida olib borilayotgan ishni nihoyasiga yetkazib, hujjatni imzolashga tayyorlash, ikki mamlakat xususiy korxonalari o‘rtasidagi aloqani yanada mustahkamlash, vizasiz rejim o‘rnatish va fuqarolarning o‘zaro bordi-keldisini osonlashtirish, kombinatsiyalashgan tashuvni rivojlantirish, erkin savdo tartibini o‘rnatish yo‘lida harakat qilish jarayonini doimiy ravishda monitoring qilib borish va ehtimoliy to‘siqlarni bartaraf etish ta’sirchan va samarali chora-tadbirlardir.

2022 yil 9-11 may kunlari Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazmalar majmuasida Eron ishlab chiqarish va sanoat yutuqlari birinchi ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. 20 iyul kuni esa Prezidentning ilm-fan va texnologiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Sureno Sattoriyning O‘zbekistonga tashrifi doirasida Eronning 30 innovatsion kompaniyasi ishtirokida “O‘zbekiston – Eron fan va innovatsiya forumi” o‘tkazildi. Ikki xalqning fan va texlogiyalar sohasidagi hamkorligi o‘rtadagi aloqani chuqurlashtirish, madaniy bog‘liqlikni kengaytirishga xizmat qiladi. Hozir Eron innovatsiya markazlarini ochish, bu sohada birgalikda samarali qadam tashlash uchun O‘zbekistonda barcha shart-sharoit muhayyo.

Baxtimizga ikki mamlakatning iqtisodiy salohiyati bir-birini to‘ldiradi. Eron yo‘nalishi O‘zbekistonning ochiq dengizga chiqishi uchun eng qulay yo‘l. Bir yuz yigirma million kishilik umumiy bozor, shuningdek, mavjud mahsulot va tovarlar xilma-xilligi tadbirkorlarimiz uchun nodir imkoniyat.

Eron va O‘zbekistonning xalqaro va mintaqaviy masalalardagi qarashi, pozitsiyasi bir-biriga juda yaqin. Ikki davlat rahbarlarining qat’iy xohish-irodasi o‘zaro aloqani har tomonlama chuqurlashtirishga qaratilgan. Bu omillarning bari ezgu maqsadimiz – yillik savdo ayriboshlash hajmini 2 milliard yevroga yetkazishga yordam beradi.

Ikki mamlakat siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda yorug‘ istiqbolga ega. Eron Islom Respublikasi Prezidenti joriy yil sentyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari sammitida ishtirok etish istagini bildirdi. Davlatlarimiz rahbarlarining yigirma yillik tanaffusdan keyin, rasmiy tashrif doirasida ikki tomonlama uchrashuvi, ushbu uchrashuv yakuni bo‘yicha turli sohalarga oid muhim hujjatlar imzolanishi har tomonlama munosabatda keskin ijobiy burilish nuqtasi bo‘lishi kutilmoqda.

Ishonchimiz komilki, O‘zbekiston va Eron dunyoda do‘stlik va birodarlikning munosib va ajoyib namunasini yaratadi.

Hamid NAYYIROBODIY,

Eron Islom Respublikasining

O‘zbekiston Respublikasidagi

Favqulodda va muxtor elchisi

O‘zA

Powered by GSpeech