Parlament so‘rovidan maqsad - xotin-qizlarga munosib ish sharoiti yaratish

Senatning yigirma to‘qqizinchi yalpi majlisida yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilishning holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovining ijrosi ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, parlament so‘rovida ko‘rsatilgan muammoli masalalarni bartaraf etish maqsadida muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, “O‘ztuqimachiliksanoat” va “O‘zcharmsanoat” uyushmalari tomonidan muammoli masalalarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.

Hukumat tomonidan xotin-qizlar uchun sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, ish beruvchilar o‘rtasida mehnat va mehnatni muhofaza qilish sohasida tushuntirish ishlarini tashkil etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Mehnat va mehnatni muhofaza qilish, ish beruvchilar va xodimlarning huquqiy ongini oshirish maqsadida 800 dan ortiq seminar va davra suhbatlari o‘tkazilgan. Ish beruvchilarning mas’uliyatini oshirishga doir tavsiyalar ishlab chiqilgan.

 

Shu bilan birga, Senatning Xotin-qizlar va gender tengligi masalalari qo‘mitasi tahlili, qolaversa senatorlar, mahalliy Kengash deputatlari hamda tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislaridan iborat ishchi guruhining tarmoq korxonalarida o‘tkazilgan o‘rganishlari shuni ko‘rsatdiki, parlament so‘rovida ko‘tarilgan masalalarning ijrosi to‘liq ta’minlanmagan hamda sohada qator kamchilik va muammolar hanuzgacha o‘z yechimini topmagan.

Soha korxonalarida mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan vakolatli davlat organlari hisobotlarini tizimli ravishda eshitib borish yo‘lga qo‘yilmagan. To‘qimachilik korxonalarida ishlayotgan ayollarning 48 foizi, charm-sanoat korxonalarida ishlayotgan ayollarning 67 foizi iqtisodiyotning boshqa tarmoqlaridagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan 3-4 baravar kam oylik maosh olib ishlayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Tarmoq korxonalarida ish haqining kamligi kadrlar qo‘nimsizligini yuzaga keltirmoqda. Ayrim korxonalarda mehnatni muhofaza qilish, xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish ishlariga ham yetarli e’tibor qaratilmayapti. Shuningdek, tarmoqdagi aksariyat korxonalarda malakali ishchilarni qo‘shimcha rag‘batlantirish tizimi ham yo‘lga qo‘yilmagan.

 Korxonalarda ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari, mehnat jarayonining og‘irligi va tig‘izligi, asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish ishlari ham talab darajasida emas. Natijada baxtsiz hodisalar, ish joylarida jarohatlanish holatlari oshib borayotganligi kuzatilmoqda.

Parlament so‘rovida ko‘rsatilgan yengil sanoat va charm sanoati korxonalari bo‘yicha xavf-xatarlilik toifalari ko‘rsatkich va tavsiflarini qayta ko‘rib chiqish, xotin-qizlar mehnatini muhofaza qilish ishlarini doimiy monitoring qilib borishning onlayn tizimini yaratish bo‘yicha topshiriqlar ham bajarilmagan va bu borada biror-bir tizim shu kungacha yo‘lga qo‘yilmagan.

Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash yuzasidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha ham samarali choralar ko‘rilmagan.

Muhokamalar jarayonida senatorlar parlament so‘rovida qo‘yilgan masalalar puxta o‘rganilmaganligi, unda ko‘rsatilgan muammolar, jumladan xotin-qizlar uchun qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, ularga munosib ish haqi to‘lash, ish beruvchilarning mas’uliyatini oshirish yuzasidan ta’sirchan choralar ko‘rilmaganligiga tanqidiy munosabat bildirdilar.

Ushbu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

 

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati

 

Powered by GSpeech