Oila va xotin-qizlar qo‘mitasida “Siyosiy jarayonlarga befarq emasman!” shiori ostida targ‘ibot kampaniyasini tashkil etishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva, AOKA bo‘lim boshlig‘i Sadoqat Aslanova, Yoshlar ishlari agentligi vakili Nilufar Matkarimova va boshqa mutasaddilar, hududiy boshqarmalar boshliqlari, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari qatnashdi.
Qo‘mita raisi O.Parpiboyeva tomonidan ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda ayollar saylov jarayonlarining barcha bosqichlarida faol qatnashishi uchun erkaklar bilan teng sharoitlar yaratilganini hisobga olib, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish siyosatini kuchaytirish muhim masala sanaladi.
Shuningdek, Saylov qonunchiligimizda deputatlikka nomzodlarning kamida 40 foizi yoki har besh nafardan ikki nafari ayol kishi bo‘lishi zururligiga oid norma mustahkamlangani ham xotin-qizlarimizning siyosiy hayotida yangi bosqich boshlanganidan dalolatdir.
Joriy yilda bo‘lib o‘tadigan saylovlarga O‘zLiDeP ko‘rsatilgan nomzodlarning 43 foizi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan jami nomzodlarning 43,4 foizi, Ekologik partiyadan deputatlikka nomzodlarning 44,6 foizi, Xalq demokratik partiyasidan nomzodlarning 47,4 foizi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzodlarning 45 foizi ayollardan iborat.
Natijalardan ko‘rinib turibdiki, qonunchilikda belgilangan ayol nomzodlar bo‘yicha 40 foizlik talabga barcha siyosiy partiyalar tomonidan to‘la amal qilingan.
Saylovda ishtirok etadigan partiyalar nomzodlarining 43 foizdan 47,4 foizigacha bo‘lgan qismi ayollardan iborat.
Bu esa yurtimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, davlat hokimiyatida qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini kengaytirishga zamin bo‘ladi.
Shuningdek, hozirgi vaqtda umumiy saylovchilar soni 19 million 696 ming 344 nafar bo‘lsa, shundan erkaklar 9 million 12 ming 810 nafarni, ayol saylovchilar esa 10 million 683 ming 534 nafarni tashkil etmoqda.
Ya’ni, saylovchilar tarkibida ayollar ulushi 54 foiz.
Ma’lumki, islohotlar natijasida O‘zbekiston tarixida ilk marotaba milliy parlamentda xotin-qizlar tarkibi BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetib, mamlakatimiz parlamenti xotin-qizlar soni bo‘yicha dunyodagi 190 ta parlament orasida 52-o‘ringa ko‘tarilgan edi.
Yangi chaqiriqda parlamentimizda xotin-qizlar soni qanday bo‘lishi bu yilgi saylov natijalariga bog‘liq. Faol va tashabbuskor ayollarning parlamentga kelishi xotin-qizlar huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, saylov raqobatchi partiyalar, o‘z tashabbuslarini ilgari surayotgan kuchlar, xalq manfaatlarini ifoda etgan dasturlarini o‘z elektoratiga taqdim etayotgan nomzodlar kurashi ekani alohida ta’kidlandi.
Mamlakatimizda saylash huquqiga ega aholining 50 foizidan ortig‘ini ayollar tashkil qiladi. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi vakili Sadoqat Aslanova mazkur yo‘nalishda axborot kampaniyasini tashkil qilish va joylarda targ‘ibot ishlarini amalga oshirish, bunda madaniyat, sport, ta’lim, axborot texnologiyalari, to‘qimachilik va dizaynerlik, falsafa, psixologiya, adabiyot sohalarida yuqori natijalarga erishgan ayollarning siyosiy faolligini namuna sifatida ko‘rsatish, ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ibot ishlarini tizimli tashkil qilish o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsatishini alohida qayd etdi.
Saylovlarda faol ishtirok etish bo‘yicha yosh oilalar va xotin-qizlar, birinchi marotaba saylovda ishtirok etadigan yoshlar, xususan qizlar o‘rtasida targ‘ibot olib borish to‘g‘risida Yoshlar ishlari agentligi vakili Nilufar Matkarimova o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Ayollar ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda kuzatuvchi emas, faol ishtirokchi bo‘lishi borasida xotin-qizlar o‘rtasida olib boriladigan targ‘ibot ishlari to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi raisi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Maryam Ahmedova hamda Qashqadaryo viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Ziyoda Aminovalar ma’lumot berdi.
Tadbirda muhokama etilgan masalalar yuzasidan amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
N.Usmonova, O‘zA
- Qo'shildi: 30.09.2024
- Ko'rishlar: 369
- Chop etish