YeXHT missiyasi Qozog‘istonda mustaqil nomzodlarning saylovda qatnashishi taqiqlangani, so‘z erkinligi va tinch yig‘ilishlar o‘tkazish imkoniyati cheklanganiga ishora qilgan.
YeXHT/DIIHBning navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarini kuzatuvchi missiyasi Qozog‘istonda o‘tkazilgan saylovoldi kampaniyasi va ovozlarni sanash jarayonini tanqid qildi. Bu haqda 21 noyabr, dushanba kuni Ostonadagi matbuot anjumanida missiya rahbari Ursula Gatsek ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarga qaramay, fuqarolarning mamlakat siyosiy hayotidagi ishtiroki cheklanganligicha qolmoqda. Bundan tashqari, Qozog‘istonda mustaqil nomzodlarning prezidentlikka saylanishini amalda taqiqlagani, bu xalqaro standartlarga zid ekanligi qayd etildi.
Umuman olganda, YeXHT missiyasida o‘tkazilgan prezidentlik saylovlari raqobatsiz deb nomlandi. «Plyuralizmning yo‘qligi bu saylovlarda raqobatga putur yetkazishda muhim rol o‘ynadi, so‘z erkinligi va tinch yig‘ilishlar o‘tkazish imkoniyatlarini cheklash tanqid uchun maydonni toraytirdi», dedi Gatsek. U, shuningdek, ovozlarni sanab chiqish jarayonining shaffof emasligiga e’tibor qaratdi, bu esa saylovchilar tanlovining halolligiga shubha uyg‘otadi.
Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti DIIHB missiyasi hisobotini «noxolis» deb atadi. «Bayonotdan YeXHT DIIHBga xos bo‘lgan bir qator qoliplashgan va noxolis xulosalar o‘rin olgan bo‘lib, ular mamlakatimizda qonun ustuvorligiga asoslangan rivojlangan jamiyat qurishga to‘liq ishonch yo‘qligini ko‘rsatadi», — deyiladi TIV xabarida.
Germaniya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Kristof Burger DW muxbirining Germaniya hukumati Qozog‘istonda o‘tkazilgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarini adolatli, erkin va demokratik standartlarga muvofiq o‘tgan deb hisoblaydimi, degan savoliga shunday javob berdi: «Men bilishimcha, YeXHTning kuzatuvchilar missiyasi faoliyat yuritmoqda. Menimcha, ular bu haqda gapirishganda, biz kutishimiz kerak».
Bir kun avval Qozog‘istonda muddatidan oldin prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. Mamlakatning amaldagi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 81,3 foiz ovoz to‘pladi. Mamlakat MSK rahbari Nurlan Abdirov saylovda ovoz beruvchilarning 70 foizi qatnashganini aytdi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 22.11.2022
- Ko'rishlar: 2022
- Chop etish