22-mart – Mahalla tizimi xodimlari kuni

Qadriyatlarning qadimiy va ishonchli qo‘rg‘oni

Har birimizning hayotimiz,  taqdirimiz, orzu-umidlarimiz mahalla bilan bog‘liq. O‘zini o‘zi boshqarishning noyob bu tuzilmasi betakrorligi, milliy an’nalarga asoslangani bilan ahamiyatlidir.

Bugun mahallalarning jamiyatda kechayotgan o‘zgarish jarayonlaridagi o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Navro‘z tantanalarida xalqimizga yo‘llagan tabrigida mahallalar faoliyati, ularning jamiyat va odamlar hayotidagi o‘rni, kelgusidagi vazifalari xususida  batafsil to‘xtaldi.

Keyingi yillarda mahallalar rivoji yo‘lida keng imkoniyatlar  safarbar  etilmoqda. Ularning moddiy-texnika bazasini yuksaltirish, yangi, zamonaviy binolar  barpo etish, mahalla tizimida mehnat qilayotgan mas’ullarning kasb malakasini oshirish va rag‘batlantirish, ilg‘or ish tajrimasini ommalashtirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.  

Mamlakatimizda hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mahallalar kesimida aholining yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush darajasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarga erishish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu maqsadda hududlarni sektorlarga bo‘lib ishni tashkil etish tizimining joriy etilganligi xalq bilan manzilli muloqotning yo‘lga qo‘yilishiga imkon yaratdi. Prezidentimiz  tashabbusi bilan joriy etilgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”dek ijtimoiy loyihalarning amaliyotga muvaffaqiyatli qo‘llanilishida, aholining ehtiyojmand qatlamlarini manfaatlarining himoyalashda mahallalar munosib hissa qo‘shmoqda.  

Bugun mahallalar ishini yanada yaxshi tashkil etish uchun yangi tashabbuslar ilgari surilmoqda. Mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlari, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va uning hududiy tuzilmalari tashkil etildi. Hamma soha va yo‘nalishlar bo‘yicha “mahalla yettiligi” tizimi samarali faoliyat olib bormoqda. Bularning bari aholi farovonligini oshirish, qambag‘allikni qisqartirish, olamlarni ish bilan ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.  

Ayni paytda yoshlarning oilaga bo‘lgan mas’uliyatini kuchaytirish, ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalaridagi ishlar samaradorligini oshirish, ajrimlar oldini olish, turli marosimlar, to‘y-tadbirlarni ortiqcha hashamsiz, ixcham tarzda o‘tkazish bo‘yicha hali mahallalarda qilinadigan ishlar ko‘pligini zamonning o‘zi ko‘rsatmoqda.  

22-mart – Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan joylarda bo‘lib o‘tayotgan tadbirlarda bu boradagi dolzarb vazifalar belgilab olinmoqda. Fuqarolar yig‘inlarining eng ilg‘or, faol, tashabbuskor, izlanuvchan, odamlar ko‘ngiliga yo‘l topa olayotgan vakillari rag‘batlantirilmoqda. Bu boradagi ishlar yurtimiz mahallalari faoliyatini yanada  rivojlantirishda yangi imkoniyatlarni ochmoqda.  

Nazokat Usmonova, O‘zA

Powered by GSpeech