Inson huquqlari sohasidagi ta’lim har bir fuqaroning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag‘batlantirish va unga har tomonlama rioya etilishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etib, zo‘ravonlik va nizolarning oldini olishda katta ahamiyatga ega.
Inson huquqlari sohasidagi ta’lim aholining, ayniqsa, yoshlarning inson huquqlari sohasidagi huquqiy savodxonligini oshirishga, ularda inson huquqlari va erkinliklariga hurmat hissining shakllanishiga, davlat xizmatchilarining inson huquqlari va gender tenglik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarining oshishiga xizmat qiladi.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-fevralda “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida” PQ-46-son Qarori qabul qilindi.
Ushbu Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” qabul qilindi.
Shuningdek, ushbu Qarorda 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab professional va oliy ta’lim tizimida «Inson huquqlari», «Ayollar huquqlari», «Bola huquqlari» bo‘yicha tegishlicha o‘quv va maxsus kurslar joriy etish;
har yili «Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’lim va innovatsiyalar» milliy tanlovi o‘tkazib borish;
inson huquqlari sohasida ta’lim olish bo‘yicha elektron platformani yaratish;
tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar axborot-kutubxona markazlarida Inson huquqlari sohasidagi adabiyotlar yo‘nalishini tashkil etish va boshqa ko‘plab chora-tadbirlar nazarda tutildi.
Ta’kidlash joizki bunga qadar ham mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, 2019-yilda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi huzurida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari xodimlari uchun Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilish sohasida kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil qilindi.
Sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbar xodimlarining inson huquqlari sohasidagi malakasini oshirish bo‘yicha “Inson qadr-qimmati – eng oliy qadriyat” maxsus o‘quv moduli ishlab chiqildi. Mazkur modul asosida jami 400 nafardan ortiq rahbar xodimlar o‘qitildi.
Bosh prokuratura Akademiyasida “Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquq” magistratura yo‘nalishi ochildi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimida inson huquqlari bo‘yicha o‘qitish va tayyorlashni takomillashtirish maqsadida rahbar kadrlar fakulteti tinglovchilari uchun «Ichki ishlar organlarining inson huquqlarini himoya qilish va ta’minlash faoliyati» fani, sirtqi o‘qitish fakultetlarida «Inson huquqlari umumiy nazariyasi» fani bo‘yicha darslar joriy qilindi. Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida «Inson huquqlari» kafedrasi qayta tashkil etildi.
Milliy strategiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi qarori bilan “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ro‘yxati”ga 12.00.13 – “Inson huquqlari (yuridik fanlar, sotsiologiya fanlari)” ixtisosligi kiritildi, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz huzurida yuridik fanlar va sotsiologiya fanlari bo‘yicha fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini beruvchi Ilmiy kengash tuzildi.
Inson huquqlari sohasida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, shuningdek, ushbu yo‘nalishda fundamental tadqiqotlarni rivojlantirish maqsadida 12.00.13 – “Inson huquqlari” (yuridik fanlar, sotsiologiya fanlari) ixtisosliklari bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’lim instituti ochildi, doktorantlar va mustaqil tadqiqotchilarning qabuli tashkil qilindi.
Bugungi kunda Oliy Majlisning Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasi yig‘ilishlarida BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar dasturi va uning “Yo‘l xaritasi” ijrosi bo‘yicha axborot muntazam eshitib borilmoqda.
“Yo‘l xaritasi” 6 yo‘nalishdan iborat bo‘lib, 24 ta bandda belgilab berilgan vazifalarni o‘zida qamragan. O‘tgan davrda ushbu hujjat ijrosi doirasida, jumladan, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, ta’lim muassasalari aholi orasida umuminsoniy qadriyatlar, inson huquqlarini hurmat qilish va unga rioya qilish tamoyillarini ommalashtirishga, shuningdek, fuqarolarning huquqiy axborotdan foydalanishini ta’minlash jarayoniga keng jalb etildi.