Inson huquqlari – bu insonning tug‘ilishidan to vafot etguniga qadar butun umri davomida unga hamrohlik qiladigan huquq va erkinliklardir. Ushbu universal huquqlar millati, jinsi, irqi yoki etnik kelib chiqishi, rangi, dini, tili yoki boshqa huquqiy maqomidan qat’i nazar, hech qanday kamsitishlarsiz barcha uchun xosdir. Inson huquqlari yashash huquqi kabi eng asosiy huquqlardan tortib, munosib turmush tarzini ta’minlashga xizmat qiladigan ta’lim olish, mehnat qilish yoki ijtimoiy ta’minot olish kabi huquqlariga qadar barcha huquqlarni qamrab oladi.
Inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi. Inson huquqlari munosib hayot kechirish va insoniy salohiyatimizni rivojlantirishga imkon berish uchun zarur bo‘lgan barcha insoniy fazilatlar uchun muhimdir. Inson huquqlarini ta’minlash qo‘rquv, ta’qib yoki kamsitishsiz jamiyatda yashash uchun katta ahamiyatga ega.
Inson huquqlari quyidagi asosiy xususiyatlarga ega:
- Universallik – barcha bir xil darajada inson huquqlariga ega;
- Ajralmaslik – ularni hech qachon tortib olish mumkin emas, lekin ba’zida ularni cheklash mumkin — masalan, agar shaxs qonunni buzsa yoki davlat xavfsizligi masalalari uchun;
- Bo‘linmaslik – ma’lum bir huquqlar to‘plamidan ikkinchisisiz to‘liq foydalanish mumkin emas;
- O‘zaro bog‘liqlik – ma’lum bir huquqni berish yoki uni buzish boshqa huquqlarga ta’sir qilishi mumkin;
- Tenglik – barcha insonlar o‘zlarining qadr-qimmati va huquqlarida tengdir;
- Kamsitmaslik – har bir inson irqi, tanasining rangi, jinsi, tili va boshqa xususiyatlaridan qat’i nazar inson huquqlariga ega.
1948-yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi ommaviy himoya qilinadigan asosiy inson huquqlarini belgilaydigan birinchi yuridik hujjat bo‘ldi. Deklaratsiya va ikkita pakt — Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt (1966) va Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt (1966) bilan birgalikda Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro billni tashkil etadi.
Insonning asosiy huquq va erkinliklari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining Ikkinchi bo‘limida bayon etilgan. Yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ikkinchi bo‘limi V-XI- boblarida inson huquqlari, fuqarolik, shaxsiy huquq va erkinliklar, siyosiy huquqlar, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va ekologik huquqlari, inson hamda fuqaroning huquq va erkinliklari kafolatlari va fuqarolarning burchlari belgilab qo‘yilgan. Konstitutsiyasining
19-moddasida aytilishicha O‘zbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitutsiyaga muvofiq e’tirof etiladi va kafolatlanadi.