“Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 3-moddasiga ko‘ra: ijtimoiy yordam va himoyaga, jamiyat va davlatning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hayotida boshqalar bilan birga teng to‘liq va samarali ishtirok etish uchun shart-sharoitlar yaratilishiga muhtoj barqaror jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan shaxs – nogironligi bo‘lgan shaxs hisoblanadi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari – bu inson huquqlarining maxsus sohasi emas, balki uning aynan o‘zidir. Nogironligi bo‘lgan shaxslar boshqalar bilan bir xil huquqlardan foydalanishlari kerak. Ushbu huquqlar barcha nogironligi bo‘lgan shaxslarga hech qanday istisnosiz yoki kamsitishlarsiz beriladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari murakkab, chunki turli xil ijtimoiy-siyosiy, madaniy va huquqiy sharoitlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari buziladi. Masalan, Nogironligi bo‘lgan shaxslar duch keladigan umumiy to‘siq ishga joylashish bilan bog‘liq. Xususan, ish beruvchilar ko‘pincha nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat funksiyalarini samarali bajarishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishni xohlamaydilar yoki ta’minlay olmaydilar. Shu sababli ularni ishga olishni xohlamaydilar.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ular davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida to‘liq ishtirok etishi, shuningdek tirikchilik qilish imkoniyati, transport vositalaridan erkin foydalanish, ta’lim olish, ma’lumotlar olish, mustaqil erkin harakatlanish imkoniyati berilishi kerak. Nogironligi bo‘lgan shaxslar insonga xos bo‘lgan qadr-qimmatni, uning shaxsiy mustaqilligini hurmat qilish, kamsitmaslik, barcha imkoniyatlardan to‘sqinliksiz foydalanish, imkoniyatlarning tengligi, jamiyat hayotidada to‘liq ishtirok etish uchun barcha odamlar bilan bir xil huquqlarga ega. Bular Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning asosiy tamoyillaridir.
BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarining minimal standartlarini belgilaydigan majburiy ahamiyatga ega bo‘lgan birinchi xalqaro huquqiy hujjatdir. Mazkur Konvensiya O‘zbekiston Respublikasi tomonidan 2021 yil 7 iyunda ratifikatsiya qilingan.
Konvensiya ishtirokchilari nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan inson huquqlarining to‘liq amalga oshirilishini rag‘batlantirish, himoya qilish va ta’minlash, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar qonun oldida to‘liq tenglikdan bahramand bo‘lishlarini ta’minlashi shart. Konvensiya nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari uchun global harakatning asosiy katalizatori bo‘lib xizmat qiladi, bu nogironlarning xayriya, tibbiy davolanish va ijtimoiy himoya ob’ekti sifatida qarashlardan inson huquqlariga ega bo‘lgan jamiyatning to‘laqonli va teng huquqli a’zolari sifatida qabul qilishga o‘tishga imkon beradi.
2023 yil iyul oyida “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya” qoidalarining bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Dastlabki hisobotini Ko‘mitaga topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 57-moddasida Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar ob’ektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi, ularning ishga joylashishiga, ta’lim olishiga ko‘maklashadi, ularga zarur bo‘lgan axborotni to‘sqinliksiz olish imkoniyatini ta’minlashi belgilangan.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha milliy institutsional tuzilma tubdan isloh etildi. Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 apreldagi qarori bilan Hukumat huzurida doimiy faoliyat yurituvchi Nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlari bo‘yicha idoralararo kengash tashkil qilindi. Idoralararo kengashning asosiy vazifalari:
- nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
- nogironligi bo‘lgan shaxslarning sog‘lig‘ini tiklash, ularni reabilitatsiya qilish, ijtimoiy himoya qilish va huquqlarini ta’minlashga doir davlat dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etish;
- nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim olishi, ularni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish, mehnat qilishi va bandligiga ko‘maklashish;
- nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat va davlat hayotida to‘la huquqli tarzda ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishda ishtirok etishdan iborat.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil
1 iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi.
Mazkur farmon bilan agentlikning quyidagi asosiy faoliyat yo‘nalishlari belgilab berildi:
– aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida davlat siyosati va chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
– nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlash tizimini takomillashtirish;
– voyaga yetmagan bolalarni, ayollarni himoya qilish tizimini takomillashtirish;
– yoshlar, yakka yolg‘iz keksalar va og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilalar bilan ishlash;
– ijtimoiy ta’minot dasturlarini yuritish.
Agentlikning viloyat boshqarmalari, tuman va shaharlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari o‘z faoliyatini boshladi. Ushbu markazlarning aholiga professional ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatishi bevosita mahalla bilan bog‘liq bo‘ladi. Shu ma’noda, mahallalarda ijtimoiy xizmatlar xodimlari faoliyati ham yo‘lga qo‘yilmoqdaki, aholining muhtoj qatlamini to‘la qamrab olish, sifatli va professional xizmat ko‘rsatish orqali ularning og‘irini yengil qilish, muammolarini hal etishga yaqindan yordam beradi.
Bundan tashqari, 2024 yil 20 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi xizmatlar qamrovini yanada kengaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Ushbu yig‘ilishda nogironligi bo‘lgan shaxslar manfaatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni o‘qitish, ishga joylash va sportga jalb qilish bo‘yicha milliy tizim shakllanishi, ularga ishlash va kasb-hunarga o‘qishda to‘siqsiz muhit yaratish uchun ularning “mehnatga layoqatini belgilash” amaliyotidan voz kechilishi, shuningdek nogironlik kasallikka qarab emas, balki shaxsning mustaqil harakati, muloqot qobiliyati va ijtimoiy hayotdagi ishtirokiga qarab belgilanishi alohida ta’kidlandi.