So‘nggi yillarda mamlakatimizda “Inson sha’ni va qadr-qimmati yo‘lida” g‘oyasini amalga oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar bajarilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan 2020-yil 22-iyunda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya qabul qilinib, natijada inson huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yanada faollashdi, inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro standartlar milliy qonunchilikka implementatsiya qilindi hamda davlat organlarining huquqni muhofaza qilish faoliyatiga tatbiq etildi.
O‘zbekistonda inson huquqlarini rag‘batlantirish, himoya qilish va ularga rioya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni ta’minlash sohasida aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Harakatlar strategiyasining mantiqiy davomi bo‘lgan 2022 – 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasining qabul qilindi. Ushbu hujjatda yaqin va o‘rta istiqbolda O‘zbekistonning taraqqiyot tendensiyalari, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarini kompleks rivojlantirish yo‘nalishlari aniq belgilab berilgan.
Taraqqiyot strategiyasining ahamiyati shundaki, uning ishlab chiqilishida mavjud muammolar e’tiborga olingan va еchimini kutayotgan dolzarb vazifalar aks ettirilgan. Eng muhimi, ushbu dasturiy hujjatning ishlab chiqilishida xalqimiz faol ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, «Inson qadri uchun» tamoyilini barcha islohotlarimizning bosh mezoni sifatida belgiladik. «Davlat – inson uchun» degan ezgu g‘oyani hayotga tatbiq etish maqsadida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasini bevosita xalqimiz bilan maslahatlashib, odamlarimizning fikr va takliflari asosida ishlab chiqdik».
O‘zbekiston tarixida 2023-yil aprel oyida ilk bor konstitutsiyaviy referendum o‘tkazildi, uning tamal toshi inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, inson qadr-qimmatini himoya qilishdan iborat bo‘ldi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya O‘zbekistonning suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatidagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquqlariga taalluqli konstitutsiyaviy normalar 3 baravardan ortiq ko‘paydi va 50 dan ortiq moddani tashkil etdi. Konstitutsiyada inson huquqlari, so‘z va vijdon erkinligi, millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning teng huquqliligi tamoyillariga sodiqlik mustahkamlangan. O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida xalqaro miqyosda tan olingan huquqshunoslik institutlari – Miranda qoidalari, Xabeas korpus, Pro bone.
Mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash masalasi xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berishga qaratilgan demokratik islohotlarning bosh mezoniga aylanib bormoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga tizimli hamda bosqichma-bosqich implementatsiya qilinmoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan 80 dan ortiq inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro hujjatlar normalari milliy qonunchilikda o‘z aksini topmoqda.
Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar insonlar hayotini, dunyoqarashini hamda turmush tarzini o‘zgartirmoqda. Jamiyatda «Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etamiz» degan ulug‘vor maqsad shakllandi va «Jamiyat — islohotlar tashabbuskori» degan yangi g‘oya kundalik faoliyatimizga faol kirib bormoqda.
O‘zbekiston xalqaro maydonda amalga oshirayotgan barcha chora-tadbirlar doirasida inson huquqlarini amalga oshirishga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Mamlakatimiz xalqaro huquqning sub’ekti sifatida o‘z rivojlanishining yangi bosqichiga ko‘tarildi va xalqaro shartnomalar tuzish tashabbuskori sifatida xalqaro normalarni ishlab chiqishda faol ishtirok etib kelmoqda.
O‘zbekistondagi inson huquqlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni sarhisob qilib, quyidagicha xulosa qilishimiz mumkin:
Inson huquqlari bo‘yicha qonunchilik shakllantirildi;
Mamlakatda inson huquqlarini ta’minlashning institutsional mexanizmlari yaratildi;
Davlat inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirmoqda;
Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va ma’rifat amalga oshirilmoqda.