Bola huquqlari – har bir bola (18 yoshga to‘lmagan shaxs bola hisoblanadi) hech qanday cheklashlarsiz ega bo‘lishi lozim bo‘lgan huquq va erkinliklardir. Bolalar va yoshlar kattalar bilan bir xil inson huquqlariga ega va bu barcha tomonidan tan olinadi.
Bola huquqlarining ta’rifi mantiqan Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasining asosiy g‘oyalaridan kelib chiqadi. Uning alohida moddasi bolalarga bag‘ishlangan. Unda aytilishicha, "Onalik va bolalik alohida g‘amxo‘rlik va yordam olish huquqini beradi". Shunday qilib, deklaratsiyada e’lon qilingan barcha erkinliklarga bolalarning teng huquqliligini tan olgan holda, xalqaro hamjamiyat bolalarga qo‘shimcha yordam va qo‘llab-quvvatlash zarurligini tan oladi. Ya’ni, bolalar o‘zlarining maxsus ehtiyojlari, shuningdek ekspluatasiya va suiiste’molliklarga nisbatan zaifligi tufayli qo‘shimcha huquqlarga ega.
10 yil davomida (1979 yildan 1989 yilgacha) BMTning Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasida ishtirok etgan dunyoning ko‘plab mamlakatlari mutaxassislari bola huquqlari to‘g‘risidagi yangi hujjatning matnini ishlab chiqdilar, unda bolaning jamiyatdagi hayotining barcha jabhalari maksimal darajada hisobga olinadi. 1989 yil 20 noyabrdaBirlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilindi. Shu bilan barcha mamlakatlar butun dunyo bo‘ylab bolalar oldida tarixiy majburiyat oldilar. Bu tarixdagi eng ko‘p ratifikatsiya qilingan inson huquqlari bo‘yicha shartnomaga aylandi va butun dunyo bo‘ylab bolalar hayotining o‘zgartirishga yordam berdi. O‘zbekiston Respublikasi ushbu Konvensiyaga 1992 yil 9 dekabrda qo‘shilgan.
O‘zbekiston Respublikasi 2008 yil 11 dekabrda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga doir bolalar savdosi, bolalar fohishabozligi va bolalar pornografiyasiga taalluqli Fakultativ protokolni, 2008 yil 12-dekabrda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga doir, bolalarning qurolli mojarolarda ishtirokiga taalluqli Fakultativ protokolni ratifikatsiya qilgan.
“Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya” qoidalarining bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining 1999 yilda dastlabki, 2005 yilda ikkinchi davriy, 2010 yilda uchinchi va to‘rtinchi davriy, 2019 yilda beshinchi davriy hisobotlari BMTning bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga topshirilgan.
Konvensiya barcha bolalarning asosiy insoniy qadr-qimmatini va ularning farovonligi hamda rivojlanishini ta’minlashning dolzarbligini tan oladi. Konvensiyaga ko‘ra, bolalar huquqlarini himoya qilishning asosiy prinsipi – bolalar manfaatlarining ustuvorligini tan olishdir.
Har bir bola oziq-ovqat, birlamchi tibbiy yordam va rasmiy ta’lim, o‘yin va dam olish kabi asosiy ehtiyojlarga ega bo‘lgan g‘amxo‘r, mehribon hamda yetarli turmush darajasiga ega bo‘lgan oilada o‘sish huquqiga ega. Bundan tashqari, har bir bola e’tiborsizlik va zo‘ravonlikdan himoyalanish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XIV bobi “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlangan. Hususan, Konstitutsiyaning 78-moddasidan quyidagicha norma o‘rin olgan:
“Farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.
Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir.
Onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi”.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston bolalar manfaatlariga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirar ekan, “hech bir bola e’tibordan chetda qolmaydi” degan tamoyilga amal qilmoqda.
Shuningdek, “Inson qadri uchun” g‘oyasi hamda “hech kimni orqada qoldirmaslik” tamoyiliga muvofiq o‘tkazilgan konstitutsiyaviy islohotlar doirasida mamlakatimiz Asosiy qonuniga bolaning huquq va manfaatlarini ta’minlash kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan yangi ilg‘or normalar kiritildi, milliy qonunchilik bola huquqlariga doir xalqaro normalarga to‘la-to‘kis muvofiqlashtirilmoqda.
Xususan, O‘zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasida bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha kafolatlar kuchaytirildi, bu borada davlatning majburiyatlari kengaytirildi.
Mamlakatimizda bolalar huquqlarini ta’minlashga doir 40 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, mazkur normativ-huquqiy hujjatlar “Bolaning eng yaxshi manfaatlari” prinsipini hayotga joriy qilishga qaratilmoqda.
2021 yil 7 dekabrdagi “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, 13 yoshga to‘lgan shaxslarning jinoiy javobgarlikka tortilishi bekor qilindi. Jinoiy javobgarlikka tortish 14 yoshdan boshlanishi belgilandi. Voyaga yetmagan guvoh yoki jabrlanuvchini so‘roq qilishda pedagog bilan bir qatorda psixolog ham qatnashishi belgilandi.
2023 yil 12 aprelda qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilib, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari tatbiq etilmasligi belgilanib, bunday jinoyatlar uchun jazo choralari yanada og‘irlashtirildi.