Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo'yicha qo'mita

Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mita (IIMHQ) ishtirokchi-davlatlar tomonidan Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktni bajarilishini nazorat qiluvchi mustaqil ekspertlar organi hisoblanadi. Qo‘mita Paktning IV qismida belgilangan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashiga (EKOSOS) yuklangan monitoring vazifalarini amalga oshirish uchun EKOSOSning 1985 yil 28 maydagi 1985/17-sonli rezolyusiyasiga muvofiq tashkil etilgan.

Barcha ishtirokchi davlatlar qo‘mitaga tegishli huquqlarning amalga oshirilishi to‘g‘risida muntazam ravishda hisobot berib turishlari shart. Davlatlar Paktga qo‘shilganidan keyin ikki yil ichida dastlabki hisobotni va undan keyin har besh yilda bir marta davriy hisobotni taqdim etishlari kerak. Qo‘mita har bir hisobotni o‘rganib chiqadi hamda o‘z fikr va tavsiyalarini ishtirokchi-davlatga “yakuniy tavsiyalar” shaklida taqdim etadi.

Hisobot taqdim qilish va ko‘rib chiqish tartibidan tashqari, 2013 yil 5 martda kuchga kirgan Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning Fakultativ protokoliga asosan Qo‘mita Paktda belgilangan huquqlari buzilgan deb hisoblagan shaxslarning xabarlarini qabul qilish va ko‘rib chiqish vakolatiga ega. Muayyan sharoitlarda Qo‘mita, shuningdek, Paktda mustahkamlangan iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarning qo‘pol yoki muntazam ravishda buzilishini tekshirishi va davlatlararo shikoyatlarni ko‘rib chiqishi mumkin.

Qo‘mita Jenevada yig‘iladi va odatda yiliga ikkita sessiya o‘tkazadi, ushbu sessiyalar uch haftalik yalpi majlislar va bir haftalik ishchi guruhning dastlabki sessiyasidan iborat bo‘ladi. Qo‘mita, shuningdek, Pakt qoidalari sharhini umumiy tavsiyalar ko‘rinishida nashr qiladi.

Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha Xalqaro pakt (Nyu-York, 1966 yil 16 dekabr) - O‘zbekiston Respublikasi mazkur Xalqaro paktga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining «1966 yil 16 dekabrdagi Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga qo‘shilish haqida»gi 1995 yil 31 avgustdagi 126-I-sonli qaroriga asosan qo‘shilgan. O‘zbekiston uchun 1995 yil 28 dekabrdan kuchga kirgan.

2019-yilda O‘zbekiston Respublikasi BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar qo‘mitasiga Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qoidalariga rioya etilishi to‘g‘risidagi Uchinchi davriy ma’ruzasini taqdim etdi va ushbu ma’ruza 2021-yilda ko‘rib chiqildi.

Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mita

https://www.ohchr.org/ru/treaty-bodies/cescr

BMT Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasining yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallagan Milliy harakatlar rejasi

https://lex.uz/ru/docs/-6354839

 

Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida xalqaro pakt

https://lex.uz/docs/-2686000

 

O‘zbekistonning Uchinchi davriy ma’ruzasi bo‘yicha yakuniy mulohazalar

https://www.lex.uz/en/docs/-4226771

Powered by GSpeech