Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar – bu inson huquqlarining bir turi bo‘lib, u bizga munosib hayot kechirish, jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirok etish uchun zarur shart-sharoitlarni kafolatlaydi, bunda har bir kishi farovonlikka erishishi, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi hamda baxtli bo‘lishi va o‘z hayotidan rozi bo‘lishini ta’minlash nazarda tutiladi.
Shu ma’noda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar insonning asosiy ehtiyojlarini va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlaydi.
Iqtisodiy huquqlarga mehnat huquqi, majburiy mehnatdan ozod bo‘lish huquqi, adolatli ish haqi olish huquqi, xavfsiz ish muhiti, kasaba uyushmalarini tashkil etish va birlashtirish va boshqalar kiradi.
Ijtimoiy huquqlar sog‘liqni saqlash huquqi, uy-joy huquqi, ta’lim olish huquqi, ijtimoiy ta’minot olish huquqi va boshqalarni o‘z ichiga oladi.
Madaniy huquqlarga madaniyat va urf-odatlarni himoya qilish huquqi, jamiyatning madaniy hayotda ishtirok etish, shuningdek, ilmiy yutuqlardan foydalanish va undan foyda olish huquqi kiradi.
So‘nggi paytlarda sog‘lom atrof muhitga bo‘lgan huquq ham ushbu huquqlar doirasiga kiritilmoqda. Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida ham mazkur huquqlar iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlar sifatida bayon etilgan. Jumladan, Konstitutsiyaning 49-moddasida xar kim qulay atrof muhitga ega bo‘lish huquqiga ega ekanligi, davlat esa atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora tadbirlarni amalga oshirishi belgilangan.
Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar ikkinchi avlod huquqlari hisoblanadi. Ushbu huquqlar turli xalqaro va mintaqaviy hujjatlar, shuningdek davlatlarning konstitutsiyalari bilan himoyalangan. Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt ushbu huquqlarni xalqaro darajada kafolatlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi mazkur Xalqaro paktga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995 yil 31 avgustdagi 126-I-sonli «1966 yil 16 dekabrdagi Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga qo‘shilish haqida»gi qaroriga asosan qo‘shilgan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining IX bobi bilan ushbu huquqlar milliy darajada muhofaza qilingan.