Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi
O'zbekistonda inson huquqlarini rag'batlantirish, himoya qilish va ularga rioya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. 2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi doirasida shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni ta'minlash sohasida aniq maqsadga yo'naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash masalasi xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berishga qaratilgan demokratik islohotlarning bosh mezoniga aylanib bormoqda.
Inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlar milliy qonunchilikka va huquqni qo'llash amaliyotiga tizimli hamda bosqichma-bosqich implementatsiya qilinmoqda. Bugungi kunda O'zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan 80 dan ortiq inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro hujjatlar normalari milliy qonunchilikda o'z aksini topmoqda.
Amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar insonlar hayotini, dunyoqarashini hamda turmush tarzini o'zgartirmoqda. Jamiyatda «Yangi O'zbekistonni birgalikda barpo etamiz» degan ulug'vor maqsad shakllandi va «Jamiyat – islohotlar tashabbuskori» degan yangi g'oya kundalik faoliyatimizga faol kirib bormoqda.
I. Inson huquqlari sohasida taraqqiyot
Inson huquq va erkinliklarini ta'minlashda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq va Virtual qabulxonalari, shuningdek, Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko'rib chiqish bo'yicha qabulxonalari alohida o'rin egallamoqda.
Sud-huquq sohasini yanada demokratlashtirish, Konstitutsiya ustuvorligi, qonun oldida tenglik, insonparvarlik, adolatlilik, sud hokimiyatining mustaqilligini ta'minlash, sud jarayonida tortishuv tamoyillarini tatbiq etish, aholining odil sudlovga bo'lgan ishonchini oshirish, «Xabeas korpus» institutini kengaytirish, tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish bo'yicha chora-tadbirlar majmui qabul qilindi.
Inson huquq va erkinliklarini ta'minlashda, nizolarni sudgacha hal qilishda va taraflarni yarashtirishda advokatlarning vakolatlari sezilarli darajada kengaytirilmoqda.
Sudlarda ishlarni ko'rib chiqishda adolatni, ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash uchun «Elektron odil sudlov» tizimi joriy etildi. Aholiga bepul yuridik yordam ko'rsatish tizimi, shuningdek, Advice.uz huquqiy ma'lumotlar tizimining imkoniyatlarini kengaytirish hamda fuqarolarga bepul huquqiy maslahatlar xizmatini ko'rsatuvchi «Madad» nodavlat notijorat tashkilotini qo'llab-quvvatlash bo'yicha chora-tadbirlar qabul qilindi.
Ma'muriy, jinoiy, jinoyat-protsessual va jinoyat-ijroiya qonunchiligi takomillashtirib borilmoqda hamda insonparvarlik tamoyiliga yanada moslashtirilmoqda. Afv etish va jamoat birlashmalarining kafilligi ostida shaxslarni jazodan ozod qilishning mutlaqo yangi tizimi joriy etildi.
Qoraqalpog'iston Respublikasining Jasliq qo'rg'onida joylashgan ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasining yopilishi muhim insonparvar voqelik bo'ldi. Qabul qilinayotgan chora-tadbirlar natijasida ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotgan mahkumlarning soni 2,5 baravar kamaydi.
O'zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining (keyingi o'rinlarda – BMT) Inson huquqlari ta'limi sohasidagi butunjahon dasturida faol ishtirok etmoqda. «Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish kontseptsiyasi» va BMTning Inson huquqlari sohasida ta'lim va tarbiya to'g'risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo'yicha Milliy harakat dasturining ijrosi yuzasidan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, ta'lim muassasalari aholi orasida umuminsoniy qadriyatlar, inson huquqlarini hurmat qilish va rioya qilish tamoyillarini ommalashtirishga, shuningdek, fuqarolarning huquqiy axborotdan foydalanishini ta'minlash jarayoniga keng jalb etilgan.
Fuqarolarning siyosiy huquqlari va erkinliklari, fikr, so'z va vijdon erkinligini ta'minlashda jamiyat va davlat boshqaruvidagi keng qamrovli tub o'zgarishlar katta ahamiyatga ega. Parlament va jamoatchilik nazoratining samarali mexanizmlari mustahkamlanmoqda. Vazirlar Mahkamasining parlament oldidagi mas'uliyati sezilarli darajada kuchaytirildi. «Elektron parlament» va «Elektron hukumat» tizimi rivojlantirilmoqda, davlat xizmatlarining turlarini kengaytirish, ularning imkoniyatlari, sifati va tezkorligini oshirish bo'yicha chora-tadbirlar qabul qilinmoqda.
Parlament, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish, «Xalq qonunlarning tom ma'noda yagona manbai va muallifi hisoblanadi» hamda «Barcha muhim qarorlar bevosita xalq bilan muloqot asosida, jamoatchilikning fikrini hisobga olgan holda qabul qilinadi» tamoyillarini amalga oshirish bo'yicha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Oliy Majlis palatalari tomonidan inson huquqlarining holati to'g'risidagi ma'ruzalar, inson huquqlarini ta'minlashda xalqaro va mintaqaviy mexanizmlar bilan hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha milliy harakat rejalari («yo'l xaritalari»)ni tasdiqlash amaliyotining yo'lga qo'yilishi qonun ijodkorligida yangi muhim qadam bo'ldi.
O'zbekistonda inson huquqlariga rioya qilish va uni himoya qilishning milliy mexanizmlarini yanada mustahkamlash va rivojlantirish bo'yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) va Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyati tubdan takomillashtirildi. Bola huquqlari bo'yicha vakil va O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakil lavozimlari joriy qilindi.
Fuqarolarning ijtimoiy va madaniy huquqlarini ta'minlashning noyob tizimi yaratildi. «Obod qishloq», «Obod mahalla», «Yoshlar – kelajagimiz», «Besh tashabbus» kabi 20 dan ortiq davlat ijtimoiy dasturlari va kontseptsiyalari amalga oshirilmoqda. BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida milliy maqsadlarni ro'yobga chiqarish, inson taraqqiyoti bo'yicha yuqori indeksga ega bo'lgan (intellektual salohiyati, savodxonligi, insonning o'rtacha umr ko'rish davomiyligi) davlatlar darajasiga erishishga, ijtimoiy sohaga innovatsiyalarni keng joriy etishni ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlar qabul qilinmoqda.
Ta'lim va tarbiya sohasida keng ko'lamli tub o'zgarishlar amalga oshirilmoqda. 2025 yilga borib, 3–7 yoshdagi bolalarning 74,5 foizini maktabgacha ta'lim bilan qamrab olishni nazarda tutuvchi maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirish kontseptsiyasi hayotga joriy etilmoqda. 11 yillik maktab ta'limi tizimi qayta tiklandi. Bugungi kunda davlat, nodavlat va xorijiy oliy o'quv yurtlarining soni ortib bormoqda.
O'zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotidagi nufuzi oshirilmoqda hamda xalqaro darajada «Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari» tamoyili asosida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Sog'liqni saqlash sohasidagi islohotlar natijasida aholining sifatli tibbiy-sanitariya xizmatlaridan foydalanish imkoniyati oshdi. Eng asosiysi, mamlakatdagi o'rtacha umr ko'rish darajasi 1990 yildagi 67,2 yoshdan 2020 yilga kelib 74,6 yoshga yetdi, onalar o'limi bir yarim baravar hamda bolalar o'limi esa, to'rt baravarga kamaydi.
O'zbekiston iqlim o'zgarishlari bo'yicha Parij bitimiga qo'shildi, mamlakatda Ekologik ta'limni rivojlantirish kontseptsiyasi amalga oshirilmoqda.
Kam ta'minlangan oilalar, nogironligi bo'lgan shaxslar, mehnat migrantlari, bolalar, yoshlar, ayollar, katta yoshdagilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, oila institutini mustahkamlash bo'yicha ishlar tubdan qayta ko'rib chiqildi. Oila institutini mustahkamlash bo'yicha kontseptsiya qabul qilinib, uning mazmunida oilaviy mojarolarni hal etish mexanizmlari, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish masalalari o'rin oldi.
Gender tenglikni ta'minlash maqsadida bir qator qonun hujjatlari qabul qilindi. Xususan, 2019 yilda qabul qilingan «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida»gi, «Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida»gi qonunlar shular jumlasidan. Xotin-qizlar uchun 197 ta Zo'rlik ishlatishdan jabr ko'rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish, o'z joniga qasd qilishning oldini olish markazlari, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash bo'yicha 200 dan ortiq innovatsion maktablar tashkil etildi. Erkaklar va ayollar uchun nikoh tuzishning minimal yoshi o'n sakkiz yosh etib belgilandi.
Xalqaro saylov standartlarini amalga oshirish maqsadida O'zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi qabul qilinib, uning asosida 2019 yil 22 dekabrda «Yangi O'zbekiston – yangi saylovlar» shiori ostida bo'lib o'tgan saylovlarda ilk bor 5 ta siyosiy partiya ishtirok etdi. Saylovlarning ochiq-oydin, xalqaro standartlar asosida o'tkazilishini nazorat qilish uchun 50 ga yaqin davlat hamda 10 ta xalqaro tashkilotdan 825 nafar kuzatuvchi, jumladan, birinchi marta Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosining to'laqonli missiyasi ishtirok etdi.
Mamlakatda uzoq vaqtdan beri yashab kelib, O'zbekiston fuqarosi degan huquqiy maqomga ega bo'lmagan 50 mingga yaqin yurtdoshlarimizning ana shu muammosi hal etilib, ularni O'zbekiston fuqarolari sifatida tan olishning qonuniy choralari ko'rildi. Propiska qilish tizimidan xabar berish xususiyatidagi ro'yxatdan o'tkazish tizimiga o'tish bo'yicha ishlar amalga oshirildi.
Barcha iqtisodiy va ijtimoiy dasturlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo'yicha qabul qilinayotgan investitsion loyihalar yangi ish o'rinlarini yaratish, shuningdek, mehnat migrantlarining huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan. Bandlikka ko'maklashish jamg'armasi, Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo'llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg'armasi tashkil etildi.
«Inson manfaatlari hamma narsadan ustun» degan tamoyil asosida xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash bo'yicha olib borilayotgan keng ko'lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni davom ettirish, aholi farovonligini oshirish va uning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish davlat hokimiyati organlarining bosh vazifalaridan biri bo'lib qoladi.
O'zbekistonda vijdon erkinligi huquqini ta'minlash sohasida keng ko'lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda mamlakatda 16 ta konfessiyaning 2 277 ta diniy tashkilotlari o'z faoliyatini olib bormoqda. «Jaholatga qarshi ma'rifat» g'oyasini amalga oshirishga, diniy ta'lim va ma'rifat tizimini rivojlantirishga, diniy xodimlar tayyorlashga alohida e'tibor qaratilmoqda.
O'zbekiston xalqaro huquq sub'ekti sifatida o'z rivojlanishining yangi bosqichiga ko'tarilmoqda va xalqaro norma ijodkorligining faol ishtirokchisi va yangi xalqaro shartnomalarning tashabbuskori sifatida maydonga chiqmoqda.
Iqtisodiy, siyosiy-huquqiy reytinglar va indekslardagi pozitsiyani yaxshilash, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirish maqsadida xorijiy reyting agentliklari bilan tizimli ravishda yaqindan hamkorlik aloqalari amalga oshirilmoqda. Ustuvor xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashni muvofiqlashtirish bo'yicha respublika kengashi tashkil etildi.
BMT Bosh Assambleyasining 73-sessiyasida O'zbekistonning tashabbusi bilan «Ma'rifat va diniy bag'rikenglik» to'g'risidagi rezolyutsiya qabul qilindi. O'zbekiston BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.
BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo'mitalari, inson huquqlari bo'yicha maxsus ma'ruzachilar instituti bilan hamkorlik izchil ravishda rivojlanib bormoqda. Jumladan, mamlakatimizga tashrif buyurgan BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari, Inson huquqlari bo'yicha kengashining Din va e'tiqod erkinligi hamda Sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachilarining tavsiyalarini bajarish yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O'zbekistonning Xalqaro mehnat tashkiloti konventsiyalari doirasida xalqaro majburiyatlarini, shuningdek, ushbu tashkilot tomonidan taqdim etilgan paxta yig'im-terim kampaniyasi monitoringi yakunlari bo'yicha tavsiyalarni bajarishi, shu jumladan, 2017–2020 yillarda O'zbekistonda munosib mehnat bo'yicha dasturning amalga oshirilishi xalqaro hamkorlar tomonidan ijobiy baholandi.
BMT tashkil etilganidan buyon Osiyo mintaqasida birinchi marta tashkil etilgan Inson huquqlari bo'yicha Osiyo forumi Samarqand shahrida bo'lib o'tdi. Ushbu Forumda BMT Bosh Assambleyasi 73-sessiyasining asosiy hujjatlaridan biri sifatida tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi. O'zbekiston parlamenti inson huquqlarining «Samarqand ruhi»ni amalga oshirish bo'yicha «Yo'l xaritasi»ni tasdiqladi.
2019 yilda Toshkent shahrida Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha Mustaqil doimiy komissiyasining VI yillik seminari o'tkazildi va uning natijalari bo'yicha Yoshlar huquqlari to'g'risidagi Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.
II. Inson huquqlari sohasidagi kamchiliklar
Mamlakatda inson huquqlari sohasida amaldagi holatni o'rganish natijalari, shuningdek, BMTning shartnomaviy organlari, O'zbekistonga tashrif buyurgan BMTning maxsus ma'ruzachilari, Universal davriy hisobot va boshqa xalqaro mexanizmlar doirasida berilgan tavsiyalarning tizimli tahlili shuni ko'rsatmoqdaki, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishni ta'minlash maqsadida sohada demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va izchil davom ettirish talab etiladi.
Birinchidan, inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish faoliyatini ta'minlashning mexanizmlarini tartibga solishda hamda inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlarni qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotiga implementatsiya qilishdagi huquqiy bo'shliqlarni bartaraf etish zarur.
Ikkinchidan, davlat boshqaruvi organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining inson huquqlari sohasidagi faoliyatini o'zaro hamkorlikda amalga oshirishning aniq mexanizmlari ishlab chiqilmagan. Shuningdek, inson huquqlari sohasida O'zbekistonning xalqaro majburiyatlari lozim darajada bajarilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish zarur.
Uchinchidan, inson huquqlari sohasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatini huquqiy tartibga solish, bu sohada zarur dasturiy hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirishning aniq tartibini belgilash lozim.
To'rtinchidan, sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan inson huquqlari bo'yicha xalqaro shartnomalar normalarini qo'llash amaliyotini yanada kengaytirish, ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotgan shaxslar huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish tizimini takomillashtirish hamda shartnomaviy qo'mitalarning xabarlarini ko'rib chiqish yuzasidan qarorlarni bajarishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish lozim.
Beshinchidan, insonning shaxsiy, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, madaniy huquqlari va erkinliklarini ta'minlash kafolatlarini kuchaytirish, jumladan mazkur huquqlarni poymol qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish talab etiladi.
Oltinchidan, jamiyatda inson huquqlari va erkinliklariga hurmat hissining shakllanishi, xalqaro va mintaqaviy mexanizmlar tavsiyalarining to'liq bajarilishi uchun sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari xodimlarining inson huquqlari bo'yicha malakasini oshirish ishlarini tizimli yo'lga qo'yish zarur.
Shu munosabat bilan, quyidagi maqsad va vazifalar hamda asosiy yo'nalishlarni nazarda tutuvchi Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini (keyingi o'rinlarda – Milliy strategiya) amalga oshirish alohida ahamiyat kasb etmoqda.
III. Milliy strategiyaning maqsad va vazifalari
Milliy strategiyaning maqsadi – O'zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash bo'yicha izchil olib borilayotgan davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari va yo'nalishlarini belgilab olish hisoblanadi.
Milliy strategiyaning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
1) mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlarini, umume'tirof etilgan xalqaro standartlar hamda O'zbekistonning inson huquqlari sohasidagi majburiyatlarini, shuningdek, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo'mitalarining tavsiyalarini hisobga olgan holda qonunchilikni takomillashtirish;
2) 2030 yilgacha bo'lgan davrda O'zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishida parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish, qonun ustuvorligini mustahkamlash, milliy qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotini inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlarga muvofiqlashtirish;
3) O'zbekistonning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro reytinglar va indekslar (qonun ustuvorligi, norma ijodkorligi sifati, hukumat faoliyati samaradorligi, so'z va axborot erkinligi, jinoyatchilik va korruptsiyaga qarshi kurash, biznesni olib borish shart-sharoitlari, global raqobatbardoshlik, innovatsion rivojlanish va boshqalar) bo'yicha dunyodagi 50 ta yetakchi mamlakatlar qatoriga kirishini ta'minlash;
4) inson huquqlari buzilishlariga barham berish maqsadida sud hokimiyati mustaqilligini ta'minlash, prokuratura organlari faoliyatini takomillashtirish va odil sudlov tizimi vakolatlarini mustahkamlash, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha milliy institutlar faoliyati uchun keng sharoitlarni yaratish, inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatini monitoring qilish va baholashning milliy tizimini yanada rivojlantirish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda inson huquqlari madaniyatini shakllantirish;
5) shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni himoya qilishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari hamda xususiy sektor faoliyatining ochiqligi va o'zaro hamkorligi samaradorligini oshirish, shuningdek, qonun ijodkorligi jarayonida fuqarolik jamiyati institutlari bilan maslahatlashuvlarni o'tkazish amaliyotini takomillashtirish;
6) jinoyatchilikning, ayniqsa odam savdosi, korruptsiya, qiynoqqa solish, uyushgan va transmilliy jinoyatchilikning oldini olish va bu illatlarga qarshi kurashish, shuningdek, ushlab turilganlar, qamoqqa olinganlar va mahkumlarni saqlash joylari tizimida odil sudlovga va inson huquqlariga rioya etilishini ta'minlash;
7) aholining imkoniyati cheklangan, kam ta'minlangan guruhlar huquqlarini BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining «hech kimni orqada qoldirmaslik» tamoyiliga muvofiq himoya qilishni ta'minlash, davlat va jamiyatning alohida himoyasiga muhtoj bo'lgan shaxslar, shu jumladan O'zbekiston Respublikasi fuqarosi bo'lmagan shaxslarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash hamda ularga xizmatlar ko'rsatish sifatini oshirish;
8) din, so'z va fikr erkinligi, ma'lumot olish, kamsitishga yo'l qo'ymaslik, gender tenglikni ta'minlash, barchaning sifatli ta'lim va tibbiy xizmatlardan teng foydalanishi, keksa odamlarning ijtimoiy integratsiyasi, bolalar, yoshlar, ayollar, nogironligi bo'lgan shaxslar va migrantlar huquqlarini himoya qilish sohalarida huquqni qo'llash amaliyotini yanada takomillashtirish;
9) oila institutini, onalik, otalik va bolalikni himoya qilish, oilada zo'ravonlikning oldini olish va unga qarshi kurashishni huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa jihatlardan qo'llab-quvvatlash darajasini oshirish;
10) insonning iqtisodiy huquqlarini ta'minlash, xususiy mulkchilik va davlat-xususiy sheriklik aloqalarini rivojlantirish;
11) ta'limning sifati va barcha darajadagi qamrovini oshirish, uzluksiz ta'lim tizimini rivojlantirish, o'qitish tizimining inklyuzivligi va undan barchaning foydalana olishini ta'minlash;
12) inson huquqlari sohasida axborot-ma'rifiy faoliyatining sifati hamda manzilligini yaxshilash;
13) davlatlararo munosabatlarni, xalqaro tashkilotlar bilan o'zaro hamkorlik aloqalarini uyg'unlashtirish, inson huquqlari bo'yicha xalqaro shartnomaviy organlarning tavsiyalarini sifatli va o'z vaqtida bajarish maqsadida innovatsion tamoyillarni joriy etish;
14) BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga O'zbekiston Respublikasi saylanishini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish.
IV. Milliy strategiyani amalga oshirishning asosiy yo'nalishlari
Shaxsiy va siyosiy huquqlarni himoya qilish sohasidagi ustuvor yo'nalishlar:
shaxsiy va siyosiy huquqlariga oid xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarning bajarilishi yuzasidan davlat organlari va mansabdor shaxslarning mas'uliyatini oshirish;
xalqaro huquq printsiplari, normalari hamda O'zbekistonning xalqaro shartnomalari sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan keng qo'llanilishi, xalqaro huquq ustuvorligi printsipini amalga oshirishning samarali mexanizmini yaratish;
sudlarning mustaqilligini va xolisligini ta'minlash maqsadida sud`yalar hamjamiyati organlari faoliyatining huquqiy asoslarini shakllantirish hamda «Xabeas korpus» institutini yanada takomillashtirish yo'li bilan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlashda sud hokimiyatining rolini oshirish;
sud jarayonlarida tenglik va tortishuv tamoyillarini to'liq joriy qilish, advokaturani mustaqil, ishonchli huquqni himoya qiluvchi institutga aylantirish, malakaviy yuridik yordam sifatini hamda advokat kasbining nufuzini oshirish, inson huquqlari sohasida ixtisoslashgan huquqshunoslarni tayyorlash tizimini takomillashtirish;
jinoyat protsessida jabrlanuvchi va guvohlarning, shu jumladan voyaga yetmagan jabrlanuvchi va guvohlarning huquqlari va xavfsizligini ta'minlash mexanizmini takomillashtirish;
prokuratura organlari faoliyatining xalqaro standartlarga muvofiq shakllarini joriy etish, prokuratura faoliyati oshkoraligini va uning jamiyat oldida hisobdorligini ta'minlash, prokuratura tizimi boshqaruvida kollegial organlar rolini kuchaytirish;
fuqarolarni tengsizlikning har qanday ko'rinishlaridan hamda aholining zaif qatlam vakillarini kamsitishlardan himoya qilishni ta'minlash;
shaxsiy hayot daxlsizligi hamda shaxsga doir ma'lumotlarni himoyalash huquqini ta'minlash mexanizmini yanada takomillashtirish;
O'zbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tili va madaniyatini rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni ta'minlash mexanizmini takomillashtirish;
bepul yuridik yordam ko'rsatish tizimini takomillashtirish, voyaga yetmagan bolalarga nisbatan alohida munosabatni nazarda tutadigan odil sudlov institutlarini joriy etish, bolaning manfaatlarini birinchi navbatda ta'minlash printsipini qonunchilik va amaliyotga yanada samaraliroq joriy etish;
odam savdosiga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish, bolalar va ayollar fohishabozligi va pornografiyasining sabablari hamda sharoitlarini aniqlashga kompleks yondashuvni shakllantirish, shuningdek, odam savdosidan jabrlanganlarni xalqaro standartlarga muvofiq identifikatsiya qilish va reabilitatsiya qilish mexanizmini yanada takomillashtirish;
aholining ijtimoiy-siyosiy faolligini, saylov madaniyatini oshirish, demokratik, adolatli va erkin saylovlarga oid xalqaro standartlarni hisobga olgan holda saylovlarni tashkil etish va o'tkazish tizimini yanada takomillashtirish, saylov yoki referendum tashkil qilish, ularni o'tkazish to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;
inson huquqlari va erkinliklariga oid xalqaro standartlarni ta'minlashda, jismoniy va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy shikoyatlari institutini joriy etishda O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining roli va o'rnini oshirish;
davlat hokimiyati tizimida parlamentning rolini kuchaytirish, mamlakat ichki va tashqi siyosatining eng muhim masalalarini hal etishda, shuningdek, ijro hokimiyati faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirishda parlamentning vakolatlarini yanada kengaytirish, parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish, jumladan, havolaki qonun normalaridan voz kechib, to'g'ridan-to'g'ri tartibga soluvchi qonun normalarini qabul qilish amaliyotini kengaytirish;
inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarining rolini yanada kuchaytirish;
inson huquqlari sohasida fuqarolik jamiyati institutlarini faollashtirish va qo'llab-quvvatlash.
Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni himoya qilish hamda barqaror rivojlanish sohasidagi ustuvor yo'nalishlar:
iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarni ta'minlashning samarali omili sifatida Kambag'allikni qisqartirish dasturini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish;
xususiy mulk daxlsizligi kafolatlarini ta'minlashning samarali mexanizmlarini takomillashtirish, jismoniy va yuridik shaxslarning, ayniqsa tadbirkorlarning iqtisodiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, inson huquqlari sohasida tadbirkorlik tuzilmalari ishtirokini yanada kengaytirishga doir qonunchilikni takomillashtirish;
sog'liqni saqlash tizimining samaradorligi, hammabopligi va inklyuzivligi bo'yicha rivojlangan davlatlar darajasiga erishish, sog'liqni saqlash xizmatlari qamrovini kengaytirish, shuningdek, bemorlar huquqlarining xalqaro standartlarga muvofiq himoya qilinishini, xavfsiz, samarali, yuqori sifatli va arzon dori-darmonlar va vaktsinalardan foydalanish imkoniyatini ta'minlash;
reproduktiv huquqlarni himoya qilish va OITS tarqalishining oldini olish, oilani rejalashtirish bo'yicha xizmatlardan foydalanishda ayollar va erkaklarning imkoniyatlarini kengaytirish, reproduktiv sog'liq va jinsiy tarbiya masalalari bo'yicha o'quv kurslarini joriy qilish;
ishchi-xodimlar huquqlarini himoya qilishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini, shu jumladan davlat xizmatchilari, tibbiyot xodimlarini, pedagoglarni mehnat shartnomalarida nazarda tutilmagan ishlardan, majburiy mehnatning barcha shakllaridan himoya qilishni takomillashtirish;
mehnat migrantlari va ular oila a'zolarining huquqlarini himoya qilish, mehnat huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo'yicha BMT shartnomaviy organlari va Xalqaro mehnat tashkilotining tavsiyalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish;
davlat organlarida, nodavlat va xususiy tashkilotlarda, ayniqsa, qarorlar qabul qilish bilan bog'liq yuqori lavozimlarda ayollarning teng vakilligini ta'minlash siyosatini takomillashtirish, jamoatchilik ongida erkaklar va ayollarning o'rni haqidagi tushunchalarni o'zgartirishga qaratilgan sa'y-harakatlarni amalga oshirish;
Aholini ijtimoiy himoya qilish kontseptsiyasini ishlab chiqish, shuningdek, keksalar, yolg'iz keksalar bilan ishlash, ularni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash bo'yicha yaxlit tizimni yaratish, ijtimoiy sug'urtaga oid qonun hujjatlarini qabul qilish;
«Mehribonlik uylari»da tarbiyalangan yoshlarning ijtimoiy moslashuvi, xususan, ularni ish, uy-joy bilan ta'minlash bo'yicha alohida dastur ishlab chiqish, shuningdek, moddiy va ijtimoiy imtiyozlar berish orqali farzandlikka oluvchi ota-onalarni rag'batlantirishni nazarda tutuvchi tashkiliy-huquqiy tizimni takomillashtirish;
«O'zbekiston yoshlari – 2025» kontseptsiyasini ishlab chiqish, unda yoshlarni ijtimoiy-siyosiy hayotga jalb qilish, shuningdek, ma'naviy va jismoniy barkamol avlodni voyaga yetkazishning amaliy chora-tadbirlarini belgilash;
fuqarolarning pensiya olish huquqini ta'minlash mexanizmini takomillashtirish, shu jumladan, ushbu tizimning elektron shaklga o'tkazilishini ta'minlash;
maktabgacha ta'lim tizimini yanada rivojlantirish (2025 yilgacha 3–7 yoshdagi bolalarning 74,5 foizini maktabgacha ta'lim bilan, shuningdek, 6 yoshli bolalarning 100 foizini qamrab olishni ta'minlash), bolalarni intellektual rivojlantirish, parvarish qilish va sog'lomlashtirishni ta'minlovchi maktabgacha ta'lim-tarbiya tizimini rivojlantirish;
butun umr davomida o'qishga bo'lgan imkoniyatlarni rag'batlantirish, boshlang'ich va umumiy o'rta ta'limni yangi sifat darajasiga ko'tarish, o'rta maxsus, oliy, kasb-hunar va qo'shimcha ta'lim olish imkoniyatini barcha uchun ta'minlash, shuningdek, yoshlarning oliy ta'lim bilan qamrab olinishini kengaytirish, oliy o'quv yurtlarida davlat grantlari bo'yicha kvotalarni oshirish;
toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatini barcha uchun ta'minlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish bo'yicha targ'ibotni kuchaytirish, suv xo'jaligi va sanitariya holatini yaxshilashda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini kengaytirish;
urbanizatsiya ko'rsatkichlarining izchil o'sishini ta'minlash, respublika shaharlarini tarixiy qadriyatlari va takrorlanmasligini saqlab qolgan holda, dunyoning zamonaviy megapolislari modeli bo'yicha rivojlantirish, «aqlli va xavfsiz shaharlar» kontseptsiyasini hayotga tatbiq etish, madaniy va tabiiy meros ob'ektlarini muhofaza qilish bo'yicha sa'y-harakatlarni kuchaytirish;
aholining qulay tabiiy muhitda yashash huquqini ta'minlash maqsadida yer, suv, o'rmon, yer osti boyliklari, atmosfera havosini, o'simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish, ulardan samarali foydalanish hamda cho'llanishga qarshi kurashish, yerlarning degradatsiya jarayonlarini va biologik xilma-xillikning yo'qotilishini to'xtatish.
Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni qonunchilikka va huquqni qo'llash amaliyotiga implementatsiya qilish hamda monitoring qilish mexanizmlarini takomillashtirish bo'yicha ustuvor yo'nalishlar:
O'zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalarning mazmuni to'g'risida aholi hamda davlat organlari vakillarining xabardorligini oshirish;
ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi ishlarni ko'rishning protsessual tartibini takomillashtirish, ushbu tizimga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish;
davlat va jamiyat o'rtasida o'zaro yaqin hamkorlik o'rnatish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasining huquqiy asoslarini mustahkamlash;
inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar faoliyatining huquqiy asoslarini, qiynoqlarning oldini olish bo'yicha milliy preventiv mexanizmni yanada takomillashtirish, ozodlikdan mahrum qilish joylarida va boshqa yopiq muassasalarda inson huquqlari buzilishlarining oldini olish;
Bola huquqlari bo'yicha vakilning huquqiy maqomi va faoliyatini takomillashtirish;
vasiylik va homiylik tizimini isloh qilish yo'li bilan bolalarning oilada yashash va tarbiyalanish huquqini ta'minlash, yetim va ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish, bola huquqlariga oid xalqaro standartlar qoidalarini implementatsiya qilish va mazkur sohada huquqni qo'llash amaliyoti ustidan samarali parlament va jamoatchilik nazoratini ta'minlash;
nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish va ularga rioya etishni tizimli ravishda monitoring qilish.
Inson huquqlari sohasida huquqiy savodxonlikni oshirish, jumladan bu borada axborot tarqatish, ta'lim berish faoliyatini samarali tashkil etish bo'yicha ustuvor yo'nalishlar:
inson huquqlari va gender masalalari bo'yicha uzluksiz ta'lim tizimini rivojlantirish, jamiyatda qonunga hurmatni shakllantirishning zamonaviy usullarini joriy etish;
inson huquqlari bo'yicha professional jurnalistlarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, jurnalistik tekshiruvlarning huquqiy va tashkiliy asoslarini takomillashtirish;
oliy ta'lim muassasalari hamda kadrlarni, shu jumladan, sud`yalar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish o'quv markazlarida, shuningdek, maktabgacha ta'lim va umumta'lim muassasalarida, akademik litsey va kollejlarda «Inson huquqlari», «Ayollar huquqlari», «Bola huquqlari» o'quv kurslarini joriy etish;
inson huquqlari sohasidagi fundamental va innovatsion tadqiqotlarni kengaytirish, ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy salohiyati, ilmiy tadqiqotlari va ishlanmalarining samaradorligini oshirish, ularning ushbu sohadagi xalqaro tadqiqotlarga integratsiyalashuvini ta'minlash, tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy etish;
inson huquqlari sohasida axborot tarqatish bo'yicha ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada kuchaytirish, jurnalistlar va blogerlarning axborot olish va tarqatishga bo'lgan huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish.
Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari bo'yicha milliy institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha ustuvor yo'nalishlar:
inson huquqlarini himoya qilish va ularga rioya qilish, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo'yicha BMT, Yevropa Ittifoqi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Mustaqil davlatlar hamdo'stligi organlari va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan ikki tomonlama va ko'p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish;
O'zbekistonning inson huquqlari sohasidagi, jumladan, bolalar, ayollar, nogironligi bo'lgan shaxslar, keksalar, migrantlarning huquqlarini hurmat qilish va himoya qilish masalalari bo'yicha xalqaro hujjatlarga qo'shilishi masalalarini ko'rib chiqish;
Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyani qabul qilish bo'yicha O'zbekistonning tashabbuslarini, 2021–2023 yillarga bo'lgan muddatda Inson huquqlari bo'yicha kengashga a'zo etib saylanishi uchun O'zbekiston nomzodini, shuningdek, inson huquqlari bo'yicha BMT organlariga a'zo bo'lishi uchun milliy ekspertlarning nomzodlarini ilgari surish;
inson huquqlari masalalari bo'yicha xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, shu jumladan, inson huquqlari bo'yicha muloqotlarni muntazam ravishda o'tkazish;
BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari va inson huquqlari masalasi yuzasidan xalqaro hamkorlar bilan o'zaro manfaatli aloqalarni kuchaytirish.
V. Milliy strategiyani amalga oshirish, bajarilishini monitoring qilish hamda moliyalashtirish mexanizmi
Milliy strategiyani amalga oshirishda O'zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari ishtirok etadilar. Shuningdek, Milliy strategiyani amalga oshirishda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilinadi.
Milliy strategiyaning sifatli va samarali bajarilishini nazorat qilishning quyidagi tizimi yo'lga qo'yiladi:
1) Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo'yicha «Yo'l xaritasi»da belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi yuzasidan:
muntazam monitoring olib borib, chora-tadbirlar sifatli va o'z vaqtida ijro etilishi bo'yicha taklif va tavsiyalarni tegishli vazirlik va idoralarga kiritib boradi;
doimiy ravishda aniq ko'rsatkichlar va erishilgan natijalar aks ettirilgan batafsil axborotni o'z veb-saytida joylashtirib boradi;
har chorakda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga umumlashtirilgan ma'lumotni kiritib boradi;
axborot-tahliliy sharhlar tayyorlanishi, xorijiy tillarga tarjima qilinishi va e'lon qilinishini ta'minlaydi;
2) Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo'yicha «Yo'l xaritasi»da belgilangan mas'ul ijrochilar o'zlariga yuklatilgan vazifalar ijrosi to'g'risidagi ma'lumotlarni har oyning 5-sanasiga qadar Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markaziga taqdim etadi;
3) Milliy strategiyaning ijro holati yuzasidan har olti oyda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Rayosati majlislarida vazirlik va idoralarning axboroti tinglanadi;
4) Oliy Majlis palatalari vazirlik va idoralar rahbarlarining Milliy strategiya va uni amalga oshirish bo'yicha «Yo'l xaritasi»ning ijro holati yuzasidan axborotini har chorakda eshitib, tanqidiy muhokama qilib boradi;
5) Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari vazirlik va idoralar hududiy bo'linmalari rahbarlarining Milliy strategiya va uni amalga oshirish bo'yicha «Yo'l xaritasi»ning hududlar kesimida ijro holati yuzasidan axborotini har chorakda eshitib, tanqidiy muhokama qilib boradi.
Milliy strategiyaning to'liq va tizimli amalga oshirilishi seminarlar, konferentsiyalar va boshqa tadbirlar doirasida ommaviy axborot vositalarida keng yoritib boriladi.
Shuningdek, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish borasida O'zbekistonda qabul qilinayotgan chora-tadbirlar hamda ularning natijalari to'g'risida jamoatchilik hamda xalqaro hamjamiyat tizimli ravishda xabardor qilib boriladi.
Milliy strategiyaning barcha chora-tadbirlari O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Milliy strategiyani amalga oshirish bo'yicha hamkorlik doirasida xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining mablag'lari, grantlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag'lar ham jalb qilinishi mumkin.
VI. Milliy strategiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar
Milliy strategiya doirasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish orqali quyidagi natijalarga erishish nazarda tutiladi:
inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlarni qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotiga implementatsiya qilishning samaradorligi oshadi hamda milliy qonunchilik takomillashtiriladi;
inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlarni bajarish yuzasidan qonun hujjatlaridagi kamchiliklar bartaraf etiladi, xalqaro tashkilotlarning inson huquqlari sohasidagi tavsiyalarini bajarish samaradorligi oshiriladi;
inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni ta'minlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy va boshqa kompleks chora-tadbirlar tizimi yaratiladi, xalqaro majburiyatlarning lozim darajada bajarilishi ustidan parlament, hududiy vakillik organlari va jamoatchilikning samarali nazorati ta'minlanadi;
aholining inson huquqlari sohasidagi huquqiy savodxonligini oshirish, jumladan bu borada axborot tarqatish, ta'lim berishning faoliyati yanada takomillashtiriladi, jamiyatda inson huquqlari madaniyati yanada yuksaladi;
inson huquqlari sohasidagi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar bilan hamkorlikni yangi bosqichga ko'tarish orqali mamlakatning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro reytinglar va indekslar bo'yicha ko'rsatkichlari yaxshilanadi.