Tenglik va kamsitilmaslik – 1945-yilda qabul qilingan Birlashgan Millatlar tashkiloti Nizomining asosiy tamoyillaridandir. Ayollar huquqlari – inson huquqlari bo‘lganligi sababli, ayollar barcha inson huquqlariga ega va ulardan foydalanadi. Shu ma’noda, gender tengligi Birlashgan Millatlar Tashkilotining asosiy qadriyatlaridan biri bo‘lib, jinsiy kamsitish deyarli barcha inson huquqlari to‘g‘risidagi shartnomalarida taqiqlangan.
Zo‘ravonliklarsiz yashash huquqi, jismoniy va ruhiy salomatlikning eng yuqori darajasiga erishish huquqi, ta’lim olish huquqi, mulk huquqi, teng ish haqi olish huquqi va boshqa barcha inson huquqlari jinsidan qat’i nazar ayollar uchun ta’minlanishi kerak. Biroq, butun dunyo bo‘ylab millionlab ayollar ushbu huquqlardan foydalanishda kamsitishlarga duch kelishda davom etmoqdalar. Gender tengsizligi ayollar va qizlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan ko‘plab muammolarning sababchisi hisoblanadi. Bular maishiy va jinsiy zo‘ravonlik, ish haqining pastligi yoki ishga joylashishdagi muammolar, ta’lim olish va boshqalar bo‘lishi mumkin.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi shunchaki asosiy tamoyillarni belgilaydi, Ammo faqat shuning o‘zi bilan ayollar va qizlarning huquqlarini haqiqiy ta’minlashga erishib bo‘lmasdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan ushbu bo‘shliqni to‘ldirish uchun qilingan qadamlardan biri 1979-yil 18-dekabrda qabul qilingan Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi Konvensiya (CEDAW) edi. Ayollar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya sifatida tanilgan ushbu hujjat, uni ratifikatsiya qilgan davlatlarga madaniyat, jamiyat, ta’lim, siyosat va qonunchilik sohalarida ayollarning kamsitilishini bartaraf etish majburiyatini yuklaydi.
O‘zbekiston Respublikasi ayollar huquqlarini har doim ta’minlashga alohida e’tibor beradi. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchilardan bo‘lib, 1995-yil 6-mayda BMTning Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasiga qo‘shildi. Shuningdek, Onalikni himoya qilish to‘g‘risida, Mehnat va kasb sohasidagi kamsitish to‘g‘risidagi konvensiyalari va boshqa xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 58-moddasida Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligi, Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabr qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030 Strategiyasi”da ham 1.3 yo‘nalishi 25-maqsadida Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlash uchun 2030 yilgacha erishiladigan maqsadlarning samaradorlik ko‘rsatkichlari quyidagicha bo‘lishi kerak:
Gender tenglikni ta’minlash siyosatini davom ettirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish orqali boshqaruv lavozimlaridagi xotin-qizlar ulushini 30 foizga oshirish.
Jamiyatda xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash.
«Ayollar daftari» bilan manzilli ishlashning shaffof mexanizmini yaratish, mazkur ishlar bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatish.