Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi (keyingi o‘rinlarda - Markaz) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996 yil 31 oktyabrdagi “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazini tuzish to‘g‘risida” Farmoniga asosan tashkil etilgan.
Markaz inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini, milliy ma’ruzalar tayyorlanishini, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishni ta’minlovchi davlat organi hisoblanadi.
Markaz o‘z vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi.
Markaz har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi holati to‘g‘risida axborot taqdim etadi.
Markaz davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ta’lim, ilmiy-tadqiqot va boshqa tashkilotlarning faoliyatiga inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish masalalari bo‘yicha ko‘maklashadi.
Markaz Milliy preventiv mexanizm ishtirokchisi sifatida jazoni ijro etish muassasalariga, qamoqda saqlash joylariga va maxsus qabulxonalarga qiynoqqa solish holatlarini aniqlash maqsadida monitoring tashriflarini amalga oshiradi.
Markaz noshirlik faoliyatini olib borib, «Demokratlashtirish va inson huquqlari» ilmiy-davriy nashrini hamda inson huquqlari bo‘yicha boshqa bosma mahsulotlarni chop etadi.
Bizning asosiy maqsadimiz mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirishga ko‘maklashish hamda aholining inson huquqlari madaniyati va savodxonligini oshirishdan iborat.