Irqiy kamsitishni tugatish qo'mitasi

Irqiy kamsitishni tugatish qo‘mitasi ishtirokchi davlatlar tomonidan “Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risida”gi Konvensiyaning bajarilishini nazorat qiluvchi 18 ta mustaqil ekspertlardan tuzilgan BMTning shartnomaviy organi hisoblanadi.

Barcha ishtirokchi davlatlar qo‘mitaga tegishli huquqlarni amalga oshirish yuzasidan muntazam ravishda hisobotlar taqdim etib boradi. Ishtirokchi-davlatlar Konvensiyaga qo‘shilganidan keyin bir yil o‘tgach, dastlabki hisobotlarni, so‘ngra har ikki yilda bir marta davriy hisobotlarni taqdim etishlari shart. Qo‘mita taqdim etilgan har bir hisobotni o‘rganib chiqib, ishtirokchi-davlatga “yakuniy mulohazalar” shaklida o‘z fikr va tavsiyalarini beradi. Hisobotlarni taqdim etish va ko‘rib chiqish prosedurasidan tashqari, Konvensiya uchta qo‘shimcha mexanizmni joriy etdi: erta javob berish tartibi, davlatlararo shikoyatlarni ko‘rib chiqish va yakka tartibdagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish, bu tartiblar orqali qo‘mita monitoring vazifalarini amalga oshiradi.

Qo‘mita har yili Jenevada uchta sessiyadan iborat majlis o‘tkazadi, sessiya odatda uch-to‘rt hafta davom etadi. Qo‘mita shuningdek, inson huquqlari qoidalarining mazmuni sharhlarini, tematik masalalar bo‘yicha umumiy tavsiyalar (yoki umumiy sharhlar)ni nashr qiladi hamda ma'lum mavzu doirasida muhokamalarni tashkillashtiradi.

2021 yil dekabr holatiga ko‘ra Konvensiyada 182 ta davlat ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning 1995 yil 31 avgustdagi “Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi xalqaro Konvensiyaga qo‘shilish to‘g‘risida”gi 129-I-sonli qaroriga muvofiq ushbu Konvensiyaga qo‘shildi. O‘zbekiston Respublikasi uchun 1995 yil 28 sentyabrdan kuchga kirdi.

“Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi konvensiya” qoidalari bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining 1999 yilda dastlabki va ikkinchi davriy hisoboti, 2005 yilda uchinchi va beshinchi davriy, 2008 yilda oltinchi va yettinchi davriy,

2012 yilda sakkizinchi va to‘qqizinchi davriy, 2018 yilda o‘ninchi-o‘n ikkinchi davriy hisobotlari BMTning Irqiy kamsitishni tugatish qo‘mitasiga topshirilgan.

2022 yil oktyabr “Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi konvensiya” qoidalarining bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining o‘n uchinchi-o‘n to‘rtinchi davriy hisobotini Ko‘mitaga topshirish rejalashtirilgan.

Powered by GSpeech