Buyuk Britaniyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning mobil telefoni sotib olishi taqiqlanishi mumkin

Rishi Sunak hukumati ikki oy oldin ingliz maktablarida mobil telefonlaridan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar e’lon qilinganidan so‘ng keyingi chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqmoqda. Tavsiyalarda asosan, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga mobil qurilmalarni sotishni taqiqlash ko‘zda tutilgan.

Britaniyaning mashhur «The Guardian” gazetasi ma’lum qilishicha, «Parentkind” tomonidan mart oyida Angliyada maktab yoshidagi bolalarning 2496 nafar ota-onasi o‘rtasida so‘rov o‘tkazilgan. Ularning 58 foizi hukumat 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun smartfonlarni taqiqlashi kerak, deb hisoblaydi. Bundan tashqari, ota-onalarning 80 foizdan ortig‘i smartfonlar bolalar uchun zararli ekanligini aytishadi. 

«More in Common” tadqiqoti shuni ko‘rsatdiki, respondentlarning 64 foizi 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga smartfon sotishni taqiqlashni “yaxshi g‘oya” deb hisoblashadi. 

Britaniya matbuoti Rishi Sunak allaqachon reja tayyorlab qo‘yganini qayd etmoqda. Unga ko‘ra, Birlashgan Qirollikda kelajak avlodga sigaret sotib olish taqiqlanadi. 2009-yil 1-yanvardan boshlab tug‘ilgan, ya’ni, 14 yoshdan kichik bo‘lgan har bir kishi hayoti davomida Angliyada qonuniy ravishda sigaret sotib ololmaydi. Bosh vazir britaniyaliklarning sigaret sotib olish yoshini butun aholiga taalluqli bo‘lgunga qadar har yili bir yilga oshirishni taklif qildi, biroq bu tashabbus hali mamlakat parlamenti tomonidan ma’qullanganicha yo‘q. 

O‘zA

Powered by GSpeech