Mehnat qonunchiligini buzgan shaxslarga qanday javobgarlik mavjud?

Huquqiy munosabat

Davlat mehnat inspeksiyasi qanday vakolatlarga ega?  

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 535-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi ish beruvchilar tomonidan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik, aholining bandligi, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilik, mehnat to‘g‘risidagi boshqa huquqiy hujjatlar, mehnatni muhofaza qilish qoidalari hamda mehnat standartlari talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini va tekshiruvini amalga oshiradi.  

Shu bilan birga, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik va unga to‘liq barham berishni monitoring qiladi. Mehnat munosabatlari doirasida xodimlar va ish beruvchilarga maslahat hamda uslubiy yordam beradi.  

Majburiy mehnat uchun qanday javobgarlik belgilangan?  

Xo‘sh, majburiy mehnat o‘zi nima? Majburiy mehnat – biror-bir jismoniy shaxsdan jazoni qo‘llash tahdidi ostida talab etiladigan, bajarilishi uchun ushbu shaxs ixtiyoriy ravishda o‘z xizmatlarini taklif qilmagan har qanday ishni yoki xizmatni anglatadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 5-moddasiga asosan majburiy mehnat taqiqlanadi.  

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasiga muvofiq majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 50 baravaridan 100 baravarigacha (16,5 mln so‘mdan 33 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi. 

Xuddi shu harakat takroran yoki voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan holatda jinoiy javobgarlik belgilangan.  

Shu bilan birga, yaqinda pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi qonun kuchga kirdi.Unga ko‘ra, pedagog xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilgan shaxsga ma’muriy va jinoiy javobgarlik kuchaytirildi.  

Mehnat munosabatlari buzilgan holatni kim aniqlaydi?  

Mehnat munosabatlari buzilgan holatlarni aniqlash va ma’muriy jazo choralarini qo‘llashga Davlat mehnat inspeksiyasining mehnat inspektorlari qo‘llashga haqlidir.  

Davlat mehnat huquq inspektori – mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish hamda majburiy mehnatga jalb qilish holatlarini aniqlaydi va belgilangan tartibda chora ko‘radi.  

Davlat texnik inspektori – mehnatni muhofaza qilish hamda mehnat sharoitlari yaratilmaganligi yuzasidan monitoring olib boradi va belgilangan tartibda chora ko‘radi.  

Jarimalar qay tartibda belgilanadi?  

Davlat mehnat inspeksiyasining inspektorlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 255-moddasiga asosan ma’muriy jarimalar qo‘llaydi.  

Birinchidan, ish beruvchilar tomonidan mehnat qonunchiligi buzish hollarida jarimalar miqdori BHMning besh baravardan o‘n baravarigacha, ya’ni 1 million 600 ming so‘mdan 3 million  300 ming so‘mgacha belgilangan.  

Takroran sodir etilganda BHMning o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, ya’ni 3 million 300 ming so‘mdan 4 million 900 ming so‘mgacha jarima qo‘llaniladi.  

Ikkinchidan, ish beruvchi vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini to‘lash bo‘yicha majburiyatdan bo‘yin tovlaganda ham unga nisbatan BHMning o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, ya’ni 3 million 300 ming so‘mdan 4 million 900 ming so‘mgacha jarima qo‘llaniladi.  

Huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilganda BHMning o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravarigacha, ya’ni 3 million 300 ming so‘mdan 9 million 900 ming so‘mgacha jarima belgilangan.  

Uchinchidan, ish beruvchi tomonidan vakant hisoblangan bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yashirish, o‘z vaqtida bandlik organlariga taqdim qilmaganda BHMning o‘n baravaridan yigirma besh baravarigacha, ya’ni 3 million 300 ming so‘mdan 8 million 200 ming so‘mgacha jarimaga tortiladi. 

Takroran sodir etilganda BHMning yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha, ya’ni 8 million 200 ming so‘mdan 16 million 500 ming so‘mgacha jarima qo‘llaniladi.

To‘rtinchidan, aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ish o‘rinlarni zaxiraga qo‘ymagan va mavjud ish o‘rinlariga ishga qabul qilmagan ish beruvchilarga nisbatan BHMning o‘n baravaridan yigirma baravarigacha, ya’ni  3 million 300 ming so‘mdan 6 million 600 ming so‘mgacha jarima, qayta sodir etilganda yigirma baravardan o‘ttiz baravargacha, ya’ni, 6 million 600 ming so‘mdan 9 million 900 ming so‘mgacha jarima qo‘llaniladi.

Beshinchidan, O‘zbekiston Respublikasi “Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasida xodim o‘z mehnat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq holda mehnatda mayib bo‘lishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki sog‘lig‘ining boshqacha tarzda shikastlanishi munosabati bilan uning hayoti yoki sog‘ligiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash bo‘yicha ish beruvchi o‘z fuqarolik javobgarligini ushbu qonunda belgilangan shartlar asosida va tartibda sug‘urtalashi shart ekani belgilangan.  

Ish beruvchi tomonidan mazkur talablarni bajarmaganlik uchun BHMning yetti baravaridan o‘n besh baravarigacha, ya’ni 2 million 300 ming so‘mdan 4 million 900 ming so‘mgacha jarima belgilangan. 

Takroran sodir etilganda o‘n baravaridan o‘ttiz baravarigacha, ya’ni 3 million 300 ming so‘mdan 9 million  900 ming so‘mgacha jarima qo‘llaniladi. 

Yurtdoshlarimiz mehnat huquqlarining buzilishi yoki majburiy tarzda mehnatga jalb etish holatlariga ro‘baro‘ kelsa, Davlat mehnat inspeksiyasiga murojaat qilishlari so‘raladi. Har bir ma’lumot va murojaat belgilangan tartibda tezkorlik bilan o‘rganib chiqiladi hamda zarur choralar ko‘riladi. Murojaatchining roziligisiz shaxsiga doir biron-bir ma’lumot oshkor etilmasligi kafolatlanadi. 

O‘zA

Powered by GSpeech