Senat Raisi: “Liftlarda inson vafot etishiga toqatsiz munosabatda bo‘lish kerak”

Oliy Majlis Senati yalpi majlisida senatorlar ijtimoiy hayotimizda uchrayotgan dolzarb masalalarga e’tibor qaratdi. Aniqrog‘i, senatorlarning aholi duch kelayotgan muammolar yechimiga qanday e’tibor qaratayotgani ko‘rib chiqildi.

Majlisda so‘z olgan Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarning uchrab turgani, mas’ullarning ular yechimiga yetarli e’tibor qaratmayotgani jiddiy muammolar yuzaga chiqishiga olib kelayotganini qayd etdi.  

– Eng tashvishlisi, hatto maishiy xarakterdagi muammolar ta’sirida odamlarning qonunlarga, mas’ul davlat tuzilmalariga bo‘lgan ishonchiga putur yetmoqda, – dedi Q.Burxonov. – Xususan, joriy yil iyun oyida Toshkent shahar Yangihayot tumani Yangi Darxon mahallasidagi ko‘p qavatli uyning liftida yuzaga kelgan nosozlik oqibatida 11 nafar fuqaro jabr ko‘rdi. Shundan so‘ng qo‘mitamiz tomonidan mamlakatimizdagi liftlarning holati hamda ulardan foydalanishda qonunchilikka rioya qilinishi ahvoli o‘rganildi. Shunda bu borada qator tizimli muammo hamda kamchiliklar mavjudligi aniqlandi.  

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi zimmasiga ko‘p kvartirali uylardagi liftlarning texnik holati belgilangan talablarga muvofiqligini ta’minlash, ularning davlat ekspertizasidan o‘tkazilgan holda o‘rnatilishini nazorat qilish, nosoz liftlardan foydalanishni taqiqlash choralarini ko‘rish kabi qator vazifalar yuklatilgan. Biroq, ajablanarli jihati shundaki, bu vazifalarni amalga oshirish uchun inspeksiya zarur vakolatlarga va yetarli mutaxassislarga ega emas. Misol uchun, yangi qurilgan ko‘p xonadonli uy-joylarni davlat hay’ati qabul qilish komissiyasi tarkibiga inspeksiya kiritilmagan.  

Oqibatda mutaxassislarning tegishli xulosasi olinmasdan, ya’ni lift qurilmalari belgilangan tartibda davlat ro‘yxatiga olinmasdan hamda xavfsizlik tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilmagan tarzda foydalanishga topshirilmoqda.  

Mamlakatimizdagi yangi qurilgan ko‘p xonadonli uylardagi qariyb 400 ga yaqin lift uskunalarida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmagan, lekin foydalanib kelinmoqda.  

Eng yomon tomoni shundaki, odamlarning xavfsizligi to‘liq kafolatlanmayapti. Yaqinda Mirzo Ulug‘bek tumani Parkent ko‘chasidagi ko‘p qavatli ulardan birida lift nosozligi tufayli unda uch kun qolib ketib, 32 yoshli ayol vafot etgani juda qayg‘uli ish bo‘ldi...  

Bu masala bo‘yicha fikrlari so‘ralgan mutasaddilar - Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Baxtiyor Xolmatov, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov muammolar mavjudligi, lekin me’yoriy hujjatlarda chalkashliklar borligini qayd etdi. Hujjatlarni takomillashtirish, liftlarning bojxona orqali kirib kelishidan tortib o‘rnatilishi va foydalanilishi bo‘yicha nazorat o‘rnatish ishlari yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi.  

Bu masala bo‘yicha munosabat bildirgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva ko‘p qavatli uylarni foydalanishga topshirishda liftlar bo‘yicha mutaxassislar ishtirok etmayotgani juda achinarli holat ekanini qayd etdi.  

–Muammo bo‘yicha fikr bildirgan mutasaddilardan aniq taklif eshitmadik, – dedi Tanzila Norboyeva. – Nega oldin muammolar ko‘tarilmadi? Hukumatga taklif kiritilmadi?  Liftlarda inson vafot etishiga toqatsiz munosabatda bo‘lish kerak. Qarindoshlaringiz shu ahvolga tushsa, nima qilar edingiz? Amaliy ishga o‘tish kerak. Sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarni puxta tayyorlash kerak. Mutaxassislarning funksional vazifalari, mas’uliyati  aniq belgilab qo‘yilishi kerak. Javobgarlik bo‘lishi shart. Axir nimaga odamlar liftlar ichida o‘lib ketishi kerak? Bunaqa sansalorlik bo‘lishi kerak emas. Bu borada qattiq nazorat bo‘lishi shart. Keyingi yalpi majlisda buning natijasi ko‘rib chiqiladi.  

 

Norgul Abduraimova,  

Nosir Haydarov (surat), O‘zA

Powered by GSpeech