Tadqiqot: Davlat xizmatchilarining yarmidan ko‘pi ish vaqtidan tashqari ishga jalb etiladi

“Yuksalish” harakati davlat ishida ishlaydigan 560 nafar xodim o‘rtasida so‘rov o‘tkazdi. Ularning 57 foizi har kuni ish vaqtidan tashqari ishlashini bildirgan. 82 foiz holatda ortiqcha ishlaganlik uchun qonunda yozilgan qo‘shimcha haq to‘lanmaydi. Respondentlarning uchdan biri dam olish kunlari ham ishga chiqadi, beshdan bir qismi esa umuman yillik mehnat ta’tiliga chiqmaydi.

“Yuksalish” umummilliy harakati davlat xizmatchilarining ish vaqtiga qanchalik rioya etilishi bo‘yicha anonim so‘rov o‘tkazdi. Eslatib o‘tamiz, Kun.uz bir hafta oldin shu mavzuda intervyu e’lon qilgan, unda ekspertlar hukumatni kadrlarning jismoniy va ruhiy salomatligini saqlashga chaqirgan edi.

Respondentlar haqida

 “Yuksalish” so‘rovnomasida jami 560 nafar davlat xizmatchisi ishtirok etgan. Ularning 21,4 foizi vazirlik va idoralar, 27 foizi mahalliy hokimiyat organlari, 12,1 foizi huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va 39,5 foizi boshqa davlat tashkilotlarida ishlovchi xodimlarni tashkil etgan.

Respondentlarining 376 nafari (67,6%) erkaklar va 180 nafari (32,4%) ayollarni tashkil etgan. So‘rovnomada 385 nafar (69,2%) oddiy mutaxassis xodimlar, 172 nafar (30,8%) rahbar xodimlar ishtirok etgan.

Umumiy natijalar

O‘rganish davomida ma’lum bo‘lishicha, respondentlarning yarmidan ko‘pi, ya’ni 57,3 foizi ish vaqtidan tashqari ishga jalb etiladi.

Jumladan 36,8 foizi har kuni qo‘shimcha 1-2 soat, 13,9 foizi har kuni kechki soat 22:00 ga qadar, 6,4 foizi kechki soat 24:00 ga qadar ishlashini bildirgan.

42,3 foiz ishtirokchi esa mehnat qonunchiligiga mos ravishda har kuni belgilangan 8 soat ishlashini ma’lum qilgan.

Qo‘shimcha haq

Mehnat kodeksining 262-moddasida xodimga ish vaqtidan tashqari ish uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanishi belgilab qo‘yilgan. So‘rovda qatnashgan va qo‘shimcha ishlaydiganlarning 13,3 foizi ish beruvchilar tomonidan qo‘shimcha ish uchun kamida 2 baravar haq to‘lab berilishini qayd etgan. Ular asosan davlat boshqaruv organlarining markaziy idoralari vakillariga to‘g‘ri keladi.

So‘rovnoma ishtirokchilaridan ish vaqtidan tashqari qo‘shimcha ishlaydiganlarning 81,7 foiziga qo‘shimcha ishlagan vaqti uchun ish beruvchi tomonidan qo‘shimcha haq to‘lab berilmaydi.

Sabablar

Davlat xizmati xodimlarining ish vaqtidan tashqari ishlashiga nima sabab bo‘layotganligi haqida tabiiy savol tug‘iladi. Ish vaqtidan tashqari qo‘shimcha ishlovchilarning 47,7 foizi bunga ish hajmining ortib ketgani, 22,8 foizi turli xildagi ortiqcha topshiriqlarning haddan ziyod ko‘pligi, 17,6 foizi o‘z vazifasidan tashqari ishlarning yuklatilishi va majlis va yig‘ilishlarning cho‘zilib ketishi tufayli, 12 foizi rahbari ketmaguncha ish joyidan ketmasligini bildirdi.

Majlisbozliklar

“Yuksalish” tadqiqotida, davlat xizmatida qo‘shimcha ishlanishining sabablaridan biri – majlis va yig‘ilishlarning ko‘pligi hamda majlislar vaqti cho‘zilib ketishi omili alohida o‘rganilgan.

Unga ko‘ra, respondentlarning 31,6 foizi yig‘ilishlarda ishtirok etmaydi, 41,3 foizi bir xaftada 4 soatgacha, 11,4 foizi 5-7 soat, 15,8 foizi 8 soatdan ko‘p vaqtini majlis va yig‘ilishlarga sarflaydi. Tadqiqotga ko‘ra, ortiqcha majlisbozlik Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida kuzatiladi.

Shanba va yakshanba

Qayd etilishicha, davlat fuqarolik xizmati xodimlari asosan 5 kunlik ish xaftasida mehnat qiladi. Shunga qaramay, ba’zida xaftaning dam olish kunlari (shanba va yakshanba) xodimlarning ish joyida bo‘lishi, shuningdek, dam olinadigan bayram kunlari ham ishga chaqirish holatlari bor.

Bu borada so‘rovnoma ishtirokchilarining 35,2 foizi dam olish kunlari ham ishga chiqishi, 29,5 foizi ba’zida ishga chiqishi va 35,4 foizi dam olish kunlarida ishga chiqmasligi ma’lum bo‘lgan.

Mehnat ta’tili

So‘rovnoma ishtirokchilarining 299 nafari (53,4%) belgilangan muddatlarda mehnat ta’tiliga chiqib, to‘liq dam olishini ma’lum qilgan. Biroq 26,2 foiz respondent mehnat ta’tiliga to‘liq chiqa olmasligi, ta’tildan chaqirib olishlari va 20,4 foizi ta’tilga chiqish hujjatlari rasmiylashtirilishi, ammo umuman dam olmasdan ishlashini ma’lum qilgan.

“Yuqoridagi raqamlar butun mamlakat hududidagi holatni to‘liq aks ettirishga yetarli bo‘lmasa-da, davlat xizmatida mehnat qonunchiligiga rioya etmaslik holatlari mavjudligini tasdiqlaydi”, – deya qayd etgan “Yuksalish” umummilliy harakati.

Xalqaro tadqiqotlar

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Xalqaro mehnat tashkiloti hamkorlikda o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari ish inson salomatligiga salbiy oqibatlarga ega ekani isbotlangan.

2016 yilda dunyo bo‘ylab haftasiga 55 soatdan ko‘p ishlovchi 745 ming nafar odam insult va yurakning ishemik kasalligidan vafot etgani qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich 2000 yilga nisbatan 29 foizga ko‘p hamda bu kabi o‘lim holatlarining qariyb 72 foizi erkaklar xissasiga to‘g‘ri kelgan.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, haftasiga 55 soat va undan ko‘p ishlash odamda insult bilan kasallanish xavfini 35 foizga, yurak ishemik kassaligi bilan xastalanish xavfini 17 foizga ortishiga sabab bo‘ladi degan xulosaga kelingan.

Mutaxassislarning fikricha, xodimlarning dam olishsiz ishlashi ularda stressni keltirib chiqaradi. Qolaversa, ishxonada ko‘p vaqtini o‘tkazuvchi insonlar bola tarbiyasiga yetarlicha vaqt ajrata olmasligi ham salbiy baholanadi. Buning natijasida oiladagi barqarorlikka putur yetadi. Bu kabi omillarning jamiyat uchun zarari hali baholanmagan bo‘lib, buning salbiy ta’siri yanada kengroq bo‘lishi ham mumkin.

JSST va XMT hukumatlarga ish vaqtidan tashqari ishlashni taqiqlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishni, ish beruvchilar va kasaba uyushmalariga esa jamoaviy bitimlarda ish haftasi 55 soatdan oshmasligi kerak bo‘lgan moslashuvchan ish vaqtini ko‘rsatishni tavsiya qiladi.

Bu borada rivojlangan mamlakatlarda xodimlarning salomatligini asrash, ular samarali mehnat qilishda davom etishlari uchun ish vaqtidan tashqari ishlash bir qator qonunlar bilan tartibga solinadi. Misol uchun, Shvetsiyada xodim bir oyda 50 soatdan ortiq yoki kalendar yilida 200 soatdan ortiq ish vaqtidan tashqari ishlashi mumkin emas. Bu borada Vengriyada ish yuklamasi nisbatan ko‘proqligini kuzatish mumkin. Mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, maksimal qo‘shimcha ish chegarasi yillik 250 soatni tashkil etadi. Agar jamoa shartnomasida nazarda tutilgan bo‘lsa, bu 300 soatgacha oshirilishi mumkin.

O‘zbekistonda Mehnat kodeksiga muvofiq ish vaqtidan tashqari ish soatlari yiliga 120 soatdan oshmasligi lozim.

“Yuksalish” e’lon qilgan reliz yakunida O‘zbekistonning bu boradagi kichik ijobiy tajribasi yo‘q emasligi eslab o‘tilgan: 2021 yilda Adliya vazirligi barcha xodimlarnining ish vaqti tugashi bilan ish kompyuterlarini avtomatik ravishda o‘chirish amaliyotini kiritgan edi.

Kun.uz

Powered by GSpeech