To‘yxonalarda mehmonlarning zaharlanmasligiga kim mas’ul? — N.Otabekov (+video)

Bugungi kunda aksariyat to‘y va boshqa marosimlarni yoz mavsumida o‘tkazish odatga aylangan. Bir-biridan hashamatli to‘yxonalar turli ma’rakalar uchun asqatishi tayin. Biroq, negadir hech birimiz to‘yxona dasturxonida tortiq qilinayotgan taomlarning sifati, uning qanday sharoitda tayyorlangani, xususan, taomlar to‘yxona oshxonasida tayyorlanganmi yoki uy sharoitidami, bu bilan qiziqib ham ko‘rmaymiz. Qachonki, sifati buzilgan taomni bilmay iste’mol qilib qo‘ygachgina shifokorga murojaat qilishga, ushbu taomni dasturxonga tortgan oshpazning ustidan shikoyat qilishga o‘rganganmiz.

Joriy yilning  4 avgustida Samarqand viloyati Urgut tumanidagi to‘yxonalarning birida mehmon bo‘lgan 42 nafar fuqaroning bir kun avval tayyorlanib, sovitkichsiz saqlangan mayonezli salatni iste’mol qilishlari yoppasiga zaharlanishga olib keldi. Bu haqdagi xabarlar esa ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Yaxshiki, zaharlanganlarning hozirgi paytda umumiy ahvoli qoniqarli.  

Balki to‘ylar mavsumida bu kabi sifati buzilgan ko‘p duch kelinar, ammo ba’zi mehmonlar yaxshi kuni sabab to‘y egalarining dilini xira qilishni istamaydi va bilib-bilmay aynigan taomni totishadi, so‘ng esa pushaymon bo‘lib yotishadi.  

Achinarlisi esa bugun to‘yxona egalarining dasturxonga uzatayotgan taomlari qanday sharoitda tayyorlanayotganini risoladagidek nazorat qilib borish — go‘yoki ba’zilar uchun tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga asossiz aralashish yoki to‘sqinlik qilishdek tuyuladi. Fuqarolarning salomatligiga befarq bo‘lmagan tashkilotlarning vakillari ayni to‘y mavsumida to‘satdan istalgan to‘yxonalarning biriga kirib, hujjatlarini taqdim etgan holda oshxona sanitar holati va tayyorlanayotgan taomlarning sifatini tekshira olmaydi, o‘z xizmat vazifasini ochiqlik va shaffoflik mezonlari asosida olib bora olmaydi. Bu bo‘yicha alohida tartib bor va faqat shu tartib asosidagina ish tutiladi. Ya’ni tekshiruv o‘tkazishdan bir hafta o‘n kun avvalroq tadbirkor ogohlantiriladi, so‘ng unga tegishli oshxonaning sanitar holati tekshiriladi. Qizig‘i, tadbirkor tekshiruvchilar kelishi haqida xabardor bo‘lgach, aynan o‘sha vaqtda hamma yoqni risoladagi ko‘rinishga keltirib qo‘yishga ulguradi. Tekshiruvchilar ketgach, aniqlangan kamchiliklar to‘liq bartaraf etildimi-yo‘qmi, bu savol ham ochiq qoladi.  

Aynan to‘ydagi taomlarni yeb biror fuqaro zaharlansa, ovqatlarning sifatiga kafolat bera oladigan yoki yetkazilgan zararni qoplaydigan odam topilmay qoladi. Vaziyatdan esa uzr so‘rash orqali chiqib ketiladi, xolos. Buning oqibatida bugun joylarda nafaqat iste’molchilarning huquqi buzilmoqda, balki ularning salomatligi ham xavf ostida qolmoqda. Aksariyat to‘yxona egalari, ya’ni tadbirkorlar bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rmaydi yoki to‘yxona oshxonasining belgilangan talablar asosida yuritilishini ta’minlashga xafsala qilmaydi.  

Savol tug‘iladi: bugungi kunda tadbirkorlarning huquqi iste’molchilar huquqi va salomatligidan ustun bo‘lib qolmayaptimi?! Xo‘sh, yuqoridagi kabi kamchiliklarni bartaraf etish borasida joylarda qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Ayni yoz mavsumida  fuqarolar umumiy ovqatlanish joylarida  nimalarga e’tiborli bo‘lishi talab etiladi?  

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari — Nurmat Otabekovning ma’lumot berishicha, umumiy ovqatlanish korxonalariga qo‘yiladigan alohida sanitariya-gigiyenik talablar mavjud bo‘lib, shular asosidagi eslatmalar joylardagi ovqatlanish nuqtalariga ham tarqatilgan.  

Unga ko‘ra, bahor-yoz mavsumlarida respublikada mavjud epidemiologik barqarorlikni saqlash, aholi o‘rtasida turli yuqumli kasalliklarning tarqalishi, oziq-ovqat mahsulotlaridan o‘tkir zaharlanish holatlarining oldini olish bo‘yicha quyidagi sanitariya gigiyena talablar va qoidalarga rioya etilishi talab etiladi.  

Birinchidan, restoran, to‘yxona, umumiy ovqatlanish korxonalarida aholi iste’moli uchun taom tayyorlashda sanitariya gigiyena va texnologik talablarga to‘liq amal qilgan holda mahsulotlar tayyorlashni ta’minlash;

Ikkinchidan, sifati va xavfsizligi kafolatlanmagan, uy sharoitida tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlari va taomlarni aholi iste’moli uchun ishlatmaslik tavsiya etiladi. Shu bilan birgalikda, umumiy ovqatlanish korxonalarida ovqatlanish zali, mahsulotlarga ishlov berish, ovqat tayyorlash sexlari, mavjud ish qurollar va idish tovoqlarni yuvish xonasi, omborxona, maishiy xizmat xonalari va hojatxona bo‘lishi talab etiladi.  

Suhbatni video orqali ko‘rishingiz mumkin.  

 M.Eshmirzayeva, D.Yakubov, O‘zA

Powered by GSpeech