Advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga doir litsenziyani olish tartibi soddalashtirilmoqda

Senatning qirq uchinchi yalpi majlisida «Advokatura to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 31-moddasiga o‘zgartirish kiritish haqida»gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlashning samarali institutlaridan biri sifatida advokaturaning o‘rni va ahamiyatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.

Xususan, advokatura institutining va advokatlarning mustaqilligini taʼminlashga, sud ishini yuritishning barcha bosqichlarida taraflarning tortishuv prinsipi asosida ishlarni tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rildi, advokatlarning o‘z professional faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur qonunchilik bazasi yaratildi.

Shu bilan birga advokaturaga ishga qabul qilish tartib-taomilini yana-da soddalashtirish, shuningdek, advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga doir litsenziyani olish tartibini soddalashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.

Shu boisdan ushbu Qonun bilan advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga doir litsenziyani olish uchun imtihon topshirishga talabgor shaxsning yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lishi to‘g‘risidagi talab bekor qilinmoqda.

Senatorlarning fikricha, ushbu Qonunning qabul qilinishi advokatura sohasining jozibadorligini oshirishga hamda mazkur sohaga yosh kadrlarni va yuridik mutaxassislik bo‘yicha ikki yillik ish stajiga ega bo‘lmagan kadrlarni jalb etishning samarali tizimini yaratishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Powered by GSpeech