Samarqandda Osiyo xotin-qizlari forumi bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 13-14-may kunlari Samarqand shahrida “Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv” mavzusida Osiyo xotin-qizlari forumi o‘tkaziladi.

Forumni o‘tkazish tashabbusi mamlakatimiz Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida mintaqa mamlakatlari yetakchi ayollarining bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning davlat va jamiyat boshqaruvi hamda iqtisodiyotdagi ishtirokini yana-da kengaytirish borasida tajriba almashish maqsadida ilgari surilgan edi.

 “BMT-ayollar” tuzilmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan Forumda ellikka yaqin xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Ishtirokchi davlatlar parlamentlarining ayol aʼzolari, hukumat aʼzolari, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ishbilarmon ayollar, siyosatshunoslar, ijtimoiy faollar, olimlar, iqtisodiyot tarmoqlari va turli soha vakillari 10 ta parallel sessiya doirasida muhim mavzular yuzasidan fikr almashadilar.

Xususan, xotin-qizlarning fan, taʼlim va innovatsion faoliyatdagi ishtiroki hamda raqamli texnologiyalardan foydalanishi, hozirgi global iqtisodiyotda ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish orqali kambag‘allikni kamaytirish, tadbirkorlik, yetakchilik va innovatsiyalarga jalb etish masalalari muhokama qilinadi.

Shu bilan birga, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda xotin-qizlarning ishtiroki masalasi ko‘rib chiqiladi. Xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, biznes va jamiyatda ularning ishtirokini rag‘batlantirishda parlamentlarning o‘rni, genderga yo‘naltirilgan budjetlashtirish, moliyaviy imkoniyatlardan foydalanishda gender tafovutni bartaraf etish, xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllariga barham berish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.

 “Yashil” iqtisodiyotni targ‘ib qilish, iqlim o‘zgarishining mintaqadagi gender muammolarga taʼsiri masalasida hamda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda nodavlat notijorat tashkilotlarining ilg‘or tajribasi va innovatsion yondashuvlari ham ko‘rib chiqiladi.

Forum yakuni bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasining qabul qilinishi nazarda tutilgan.

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI SENATI

Powered by GSpeech