Osiyo mamlakatlari yalpi ichki mahsuloti o‘sish sur’ati 2024-yil 4,5 foizni tashkil etishi haqidagi prognoz shu kunlarda Xitoy janubidagi Xaynan provinsiyasida boshlangan Boao Osiyo forumi (BOF) yillik konferensiyasi uchun tayyorlangan “Osiyoda iqtisodiy istiqbol va integratsiya jarayoni – 2024” hisoboti mualliflari tomonidan berilgan.
– Yirik Osiyo davlatlarining talab va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan makroiqtisodiy siyosati samaradorligini inobatga olgan holda, Osiyo mamlakatlarida 2024-yil yalpi ichki mahsulot vaznli o‘sishi 4,5 foizga yaqinlashishi kutilmoqda, – deyilgan hisobotda.
Osiyo global iqtisodiy o‘sishga eng ko‘p hissa qo‘shadigan mintaqa bo‘lib qolmoqda. Masalan, iqtisodiy o‘sish Sharqiy Osiyoda 2023-yildan boshlab 4,3 foiz darajasida o‘zgarishsiz qolishi kutilyapti. Janubiy Osiyo esa rivojlanishni 5,4 foizdan 5,8 foizgacha oshirib, qit’adagi eng tez rivojlanayotgan subregion sifatidagi mavqeini saqlab qoladi. G‘arbiy Osiyoda bu ko‘rsatkich 2,5 foizdan 3,5 foizgacha ko‘tarilishi aytilmoqda.
Ishsizlik darajasi bo‘yicha Osiyodagi umumiy vaziyat bu yil boshqa qit’alarga qaraganda yaxshi bo‘lishi, ya’ni 4,71 foizni tashkil etishi taxmin qilinmoqda. Bu prognoz qilingan global ishsizlik darajasi – 5,16 foizdan ancha past.
2001-yil tashkil etilgan, “Sharq Davosi” deb hamnomlanadigan Boao Osiyo forumi 29 a’zo davlat tomonidan birgalikda tuzilgan nodavlat xalqaro tashkilotdir. BOFni tashkil etishdan maqsad Osiyoda iqtisodiy integratsiyani rivojlantirish. Forum Osiyo va boshqa qit’alar siyosiy, biznes va akademik yetakchilari ishtirokida global muammolarni muhokama qilish uchun yuqori darajadagi muloqot maydoniga aylangan.
G.Sattorova, O‘zA
- Qo'shildi: 01.04.2024
- Ko'rishlar: 1785
- Chop etish