Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida Konvensiya (CEDAW) — 1979 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan xalqaro shartnoma hisoblanadi. Mazkur konvensiya ayollar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro qonun sifatida ta’riflangan bo‘lib, 1981-yil 3-sentyabrda tuzilgan va 189 davlat tomonidan ratifikatsiya qilingan.
Xotin-qizlarni kamsitishlarga barham berish bo‘yicha qo‘mita Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyaning amalga oshirilishini nazorat etib borish maqsadida Konvensiyaning 17-moddasiga binoan ta’sis etilgan. Qo‘mita 23 ekspertdan tashkil topadi. Ular yuksak ahloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan, xotin-qizlarning huquqlari sohasida bilim va tajribasi bilan ajralib turadigan nomzodi Konvensiya qatnashchisi bo‘lgan davlatlar tomonidan ko‘rsatiladigan shaxslardan tarkib topgan ro‘yxatdagi nomzodlar orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi. Qo‘mita a’zolari to‘rt yillik muddatga saylanadilar va davlatlarining vakillari sifatida emas, balki mustaqil faoliyat yuritadilar. 1982-yilda tashkil etilganidan boshlab Qo‘mita a’zolari, bir nafar a’zosini (F. Kornelli, Niderlandiya) istisno qilmasa, butunlay ayollardan tashkil topgan. Ular turli kasb vakillaridir (gender masalari bo‘yicha yuristlar, muallimlar, diplomatlar, ekspertlar). Qo‘mita o‘zining majlislarini yilda bir marotaba Jenevada yoki Nyu-Yorkda o‘tkazadi. Har yili o‘z faoliyati to‘g‘risida EKOSOS orqali Bosh Assambleyaga ma’ruzalar taqdim etadi. Konvensiyaning 17-moddasiga binoan, Qo‘mitaning asosiy vazifasi Konvensiya qoidalari bajarilishi yuzasidan a’zo-davlatlarning qonunchilik, sud, ma’muriy yoki boshqa choralar to‘g‘risidagi ma’ruzalarini ko‘rib chiqishdir.
Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida Konvensiya O‘zbekiston Respublikasi tomonidan 1995-yilda 18-avgustda ratifikatsiya qilingan. https://lex.uz/docs/-2685528
Ishtirokchi-davlatlar quyidagi majburiyatlarni oladilar:
erkaklar bilan ayollar o‘rtasidagi tenglik tamoiylini, agarda bu xozirgacha qilingan bo‘lmasa, milliy Konstitutsiyaga va boshqa tegishli qonunlarga kiritish hamda qonun va boshqa tegishli vositalar yordamida ushbu tamoyilni amaliyotga joriy etishni ta’minlash;
xotin-qizlarning har qanday kamsitilishini ta’qiqlovchi tegishli qonunchilik va boshqa choralarni ko‘rish, zarur bo‘lganda sanksiyalarni qo‘llash;
erkaklar bilan tenglik asosida ayollarning huquqlari yuridik jihatdan himoyalanishni o‘rnatish, vakolatli milliy sudlar va davlat muassasalarining yordamida xotin-qizlarning har qanday kamsitilishiga qarshi ularning samarali himoya qilinishini ta’minlash;
xotin-qizlarning kamsitadigan biron-bir xatti-harakatlarni amalga oshirishdan tiyilish, davlat organlari va muassasalari ushbu majburiyatga muvofiq faoliyat ko‘rsatishlariga kafolat berish;
biron-bir shaxs, tashkilot yoki korxona tomonidan xotin-qizlar kamsitilishini bartaraf etish uchun barcha tegishli choralarni ko‘rish;
xotin-qizlarni kamsituvchi mavjud qonunlar, qarorlar, urf-odatlar va amaliyotni o‘zgartirish yoki bekor qilish uchun barcha tegishli choralarni, shu jumladan qonunchilik choralarini ko‘rish;
xotin-qizlarni kamsitishdan iborat bo‘lgan o‘zinig jinoyatchilikka oid qonunlarining barcha moddalarini bekor qilish.
Ishtirokchi-davlatlar xotin-qizlarning erkaklar bilan tenglik asosida va hech qanday kamsitishsiz xalqaro miqyosda o‘z hukumatlari nomidan vakillik qilish va xalqaro tashkilotlar ishida qatnashish imkoniyatlarini ta’minlash maqsadida barcha tegishli choralarni ko‘radilar.
Ishtirokchi-davlatlar xotin-qizlarga erkaklar bilan bir xil fuqarolik huquqlarini va ularni amalga oshirishning bir xil imkoniyatlarini beradilar, jumladan, ular mulkni boshqarish va shartnomalarni tuzish vaqtida xotin-qizlarning teng huquqlarini, shuningdek, tribunal va sud muhokamasining barcha bosqichlarida ularga nisbatan teng munosabatni ta’minlaydilar.
So‘nggi marta, 2022-yilda 15-16 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan BMT Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish qo‘mitasining 81-sessiyada O‘zbekiston Respublikasining Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaning bajarilishi yuzasidan Oltinchi davriy ma’ruzasi taqdim etilgan. Shu asosda BMT Qo‘mitasi O‘zbekistonning Oltinchi davriy ma’ruzasi borasidagi Yakuniy mulohazalarini taqdim etdi. O‘z mulohazalarida Qo‘mita O‘zbekistonning qonunchilik islohotlarini o‘tkazishda erishilgan ijobiy o‘zgarishlarni yuqori baholadi va gender tenglikka ko‘maklashishga qaratilgan sa’y-xarakatlarni e’tirof etdi.
Ushbu tavsiyalarni amalga oshirish maqsadida mamlakatimizda Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish belgilandi. Milliy harakatlar rejasi, ya’ni “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish uchun Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan vazirlik, idora va tashkilotlarning vakillaridan iborat tarkibda ishchi guruh shakllantirildi.
Ishchi guruh a’zolari va xalqaro tashkilotlar ekspertlari takliflari asosida Milliy harakatlar rejasi loyihasi ishlab chiqildi.
O‘z navbatida, 2022-yil 19-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qo‘shma qarori bilan “2023-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini bajarish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Oltinchi davriy ma’ruzasini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha BMT Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish qo‘mitasining yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi” tasdiqlandi. https://lex.uz/docs/-6353677
Milliy harakatlar rejasi 24 yo‘nalish, 69 (41 kichik band) banddan iborat bo‘lib, shundan (2024 yil aprel holatiga) 36 ta bandi yuzasidan ijro ishlari samarali yakunlangan. Milliy harakatlar rejasining qolgan bandlarini bajarish yuzasidan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.