2025 yilda mahallalarda “Soyali sayr ko‘chalari” tashkil etiladi

Global iqlim o‘zgarishi, atrof-muhit ifloslanishi, maishiy va sanoat chiqindilarining tobora ortib borishi, suv resurslari tanqisligi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi natijasida dunyoda ekologik vaziyat tobora keskinlashib bormoqda.

Bu kabi o‘zgarishlar nafaqat tabiiy tizim va inson turmushi, balki ijtimoiy-iqtisodiy sharoit va sog‘liqni saqlash tizimiga ham  salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois, mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida tabiiy resurslarni tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat va jamiyat hayoti uchun muhim ustuvor yo‘nalishga aylangan.

Kuni kecha e’lon qilingan  2025 yil – “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” Davlat dasturi loyihasida ham Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasining Kioto protokoli va Parij bitimi doirasida mamlakatning global hamjamiyat oldida olgan majburiyatlarini bajarishda tarmoq va sohalarning uyg‘un “yashil transformatsiya”sini amalga oshirish, ularning raqobatbardoshligi va resurs tejamkorligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishiga moslashish va oqibatlarini yumshatish hamda aholining yashash sifatini yaxshilash va iqtisodiy o‘sishning yangi “yashil rivojlanish” modeliga o‘tishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar taklif etilgan.

Jumladan, mahallalarning ekologik qiyofasini yaxshilash, ko‘chalarda yashillik darajasini oshirish, ekologik jihatdan qulay va farovon yashash muhitini shakllantirish maqsadida 2025 yilda 32 ta shaharda aholi punktlarida piyoda va velosipedda sayr qiladigan “Soyali sayr ko‘chalari” tarmog‘i yaratiladi va buning uchun 100 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Qolaversa, 130 milliard so‘m mablag‘ evaziga 64 ta mahallada tajriba tariqasida yomg‘ir va oqova suvlardan samarali foydalanish, mahallalardagi daraxtlarni zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar orqali sug‘orish tizimi joriy etiladi. Sohil va daryo bo‘ylarida 80 ta infratuzilma ob’ekti va 110 kilometrdan ortiq sog‘lomlashtirish yo‘laklari quriladi. 

Shuningdek, “Bir million yashil oila” harakati yo‘lga quyilib, yurish va yugurish, “yashil” transportda harakatlanish, oziq-ovqat isrofgarchiligining oldini olish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish targ‘ib qilinadi. 

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi hamda Raqamli texnologiyalar vazirliklari tomonidan 2025 yil 1 iyunga qadar “Bir million yashil oila” umummilliy harakati doirasida platforma ishga tushiriladi. Unga ko‘ra, bir sutka davomida kamida 10 ming qadam yurganlarga “Ekofaol fuqaro” maqomi hamda ular uchun davlat xizmatlaridan foydalanishda 10 foiz, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan banklardan iste’mol kreditini olishda chegirmalar taqdim etiladi.

Oilaning barcha voyaga yetgan a’zolari “Ekofaol fuqaro” maqomini olganda esa, ushbu oilaga “yashil oila” maqomi berilib, ularga har yili lotereya orqali 14 ta elektromobil berib borish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Aholisining yarmi “yashil oila” maqomini olgan mahallalarda “Eng toza mahalla” va “Eng yashil mahalla” tanlovlari o‘tkazilib, g‘olib bo‘lgan mahallalarga 500 million so‘m mablag‘ ajratiladi.

Davlat dasturi loyihasidagi 2025 yil 1 iyuldan boshlab ko‘p qavatli uylar massivlaridagi tuproq va yashil qoplamali umumiy foydalanishdagi hududlarni o‘zboshimchalik bilan betonlashtirgan, qurilma va konstruksiyalarni o‘rnatganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish taklifi, o‘ylaymanki, ko‘pchilik yurtdoshlarimiz tomonidan kutilgan tashabbus bo‘ldi.

Sababi, joylarda saylovchilar bilan o‘tkazilgan muloqotlarda ko‘p qavatli uylarda yashovchilardan ayrim qonun va tartibga amal qilmaydigan fuqarolar tomonidan yashil hududlar va bolalar maydonchalari noqonuniy egallab olinayotganligi, natijada ekologiya buzilishi, bolalar dam olish vaqtlarida o‘ynashlari uchun alohida yashil hududlar yo‘qligidan ko‘p shikoyatlar tushardi. Dastur loyihasidagi ushbu taklif yuqoridagi kabi salbiy holatlarning oldi olinishida yechim bo‘lib xizmat qiladi.

Albatta, qaysi soha va yo‘nalishda bo‘lmasin amalga oshirilishi belgilangan rejalarning o‘z vaqtida hayotga tatbiq etilishida iqtisodiy ko‘rsatkichlarning o‘rni muhim. Shu bois, Davlat dasturi loyihasida ekologik barqarorlikni ta’minlash bilan bir qatorda, “yashil qitisodiyot”ni rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Xususan, resurs tejamkor iqtisodiy rivojlanish modeliga o‘tish orqali 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sishini kamida 6 foiz va uning hajmini 200 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Inflyatsiyani 5 foizga tushirib, byudjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz darajasida saqlash orqali kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirish maqsad qilinmoqda.

Qolaversa, Parij bitimi talablaridan kelib chiqib, O‘zbekistonning uglerod neytralligiga erishishining uzoq muddatli strategiyasi ishlab chiqiladi. Iqlim o‘zgarishiga moslashish, “yashil texnologiya”lar transfertini inobatga olgan holda global miqyosda mamlakatimizning kelgusi besh yilda issiqxona gazlarini qisqartirish bo‘yicha Milliy miqyosda belgilangan hissasi (NDC) e’lon qilinadi.

Xulosa qilib aytganda, Davlat dasturi doirasida belgilangan chora-tadbirlarning hayotimizga tatbiq etilishi kelgusida mamlakatimiz va mintaqadagi dolzarb ekologik muammolarga hamjihatlikda yechim topishdek muhim vazifalarni hal etishga xizmat qiladi.

Mavluda ADHAMJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 

Ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi,

“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.

O‘zA

Powered by GSpeech