AQSH Prezidenti Jo Bayden o‘tgan hafta qamaldagi anklavga ko‘proq gumanitar yordam kirishiga imkon berish uchun G‘azo qirg‘og‘i yaqinida vaqtincha port qurilishini tasdiqladi. Bu qadam besh oy davomida vayron bo‘lgan hududda ocharchilik avj olgan bir paytda tashlanmoqda.
Yordam agentliklari ta’kidlashicha, inqiroz ko‘lami tufayli havodan yuboriladigan gumanitar yordam yetarli bo‘lmayapti. Qurilishi 60 kun davom etishi taxmin qilinayotgan majmua G‘azodagi shoshilinch yordam inqiroziga samarali yechim bo‘lmasligi mumkin, deyishmoqda siyosiy tahlilchilar.
– Agar AQSH yordam yetkazib berish masalasiga jiddiy yondashganida, Isroilga quruqlikdagi o‘tish yo‘llarini ochdirib, yordam berishga ruxsat berish uchun bosim o‘tkazgan bo‘lardi, – dedi Arab tadqiqot va siyosatshunoslik markazi eksperti Muhammad Al-Masriy “Al Jazeera” telekanaliga bergan intervyusida.
AQSH harbiylari markaziy qo‘mondonligi ma’lumotiga ko‘ra, inshootdagi dastlabki qurilish uchun zarur jihozlar bilan to‘la harbiy kema allaqachon G‘azoga jo‘nab ketgan.
Hisob-kitobga ko‘ra, shu kungacha G‘azoda 31 mingdan ziyod odam halok bo‘lgan, mahalliy aholi vakillari 70 foizining uyi vayron bo‘lgan yoki jiddiy shikastlangan.
Baydenga bu g‘oya nima uchun kerak?
Baydenning Kongressdagi murojaatida aytilishicha, oziq-ovqat, suv, dori-darmon va vaqtincha boshpana ko‘rinishidagi katta yuklarni qabul qiladigan mazkur port barpo etilishidan ko‘zlangan maqsad har kuni G‘azoga kelayotgan insonparvarlik yordami miqdorini ko‘paytirishga ko‘maklashish.
Isroil ikki quruqlik chegarasi – Misr bilan Rafoh va Isroil bilan Karim Abu Salim orqali oziq-ovqat, tibbiy buyum va boshqa buyumlar yetkazib berilishiga to‘sqinlik qilgani uchun kamida 25 kishi ochlik yoki suvsizlikdan halok bo‘ldi.
Yordam olib ketayotgan yuk mashinalari G‘azo janubiy chetida joylashgan hududlarga borishi uchun mojaro zonasi orqali harakatlanishi kerak.
Bayden noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovida qayta saylanish uchun kurashmoqda. Binobarin, uning navbatdagi g‘oyasi begunoh aholini o‘ldirish, kasalxona, turar-joy binolarini vayron qilishda ayblanayotgan Isroilni tinimsiz qo‘llab-quvvatlashi ortidan kuchaygan g‘azabni bosishga urinish sifatida baholanmoqda.
2023-yil 7-oktyabrdan beri Isroilni qo‘llab kelayotgan AQSH yillik 3,8 milliard dollarlik harbiy yordamga qo‘shimcha yana 14 milliard dollar ajratmoqchi. Bu masala o‘tgan oy Kongressda Senatdan o‘tdi, ammo Vakillar palatasida tasdiqlanmay turibdi.
Prezidentlik praymerizlarida davom etayotgan kurashda ba’zi demokratlar Baydenga ovoz berishdan bosh tortmoqda, bu esa sobiq Prezident Donald Tramp foydasiga ishlayapti.
G‘azodagi suzuvchi iskala qanday ishlaydi?
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron ushbu loyihada ishtirok etishini aytdi, ammo majmuani qurish uchun muayyan vaqt kerakligini ham qo‘shimcha qildi.
Pentagon juma kuni muvaqqat port qurish ishlariga mingdan ortiq amerikalik askar jalb qilinishi mumkinligini tasdiqladi. Rasmiylar ta’kidlashicha, Virjiniya shtatidagi “Langley-Eustis” qo‘shma bazasida joylashgan 7-transport brigadasi “Joint Logistics Over The Shore” uskunalari va suv kemalarini birlashtira boshlaydi. U katta Lego tizimida 12 metr po‘lat bo‘laklar majmuasi bilan birlashtirilib, iskala va yo‘lak hosil qiladi.
Suzuvchi port tizimi qo‘nish joyi turli tahdiddan qanday himoyalanishi hali noma’lum. Bu borada Isroil bilan muzokara olib borilyapti.
Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayder fikricha, portga XAMAS hujum qilishi xavfi bor, qurilish yakunlangach, hech qanday AQSH qo‘shini, vaqtincha bo‘lsa ham, G‘azoga kirmaydi.
Ular o‘rniga ittifoqchi, pudratchi va yordam agentliklari xodimlari faoliyat ko‘rsatadi.
Loyiha ikki bosqichdan iborat: yordamni qabul qila oladigan ko‘chma port va keyin yordamni 550 metrli suzuvchi yo‘lga ko‘chirish.
Ishga tushgach, iskala har kuni G‘azoga 2 million hissa taom yetkazib berish imkonini yaratadi, dedi Rayder.
AQSH so‘nggi hafta to‘rt marta havodan tashkil etilgan yordam payti jami 124 ming kishilik oziq-ovqat yetkazib berdi. G‘azoning Remal tumani yaqinidagi kichik port 2007-yildan beri dengiz qamali ostida. Isroil 1967-yildan beri G‘azoning qirg‘oq chizig‘i va hududiy suvini to‘liq nazorat qilishini da’vo qilib, begona kemalar kirib borishiga to‘sqinlik qilib keladi.
Loyiha G‘azoga yordam yetkazishni qanchalik yengillashtiradi?
– G‘azodagi umidsiz qolgan odamlarga yordam olib kelish yo‘lidagi har qanday sa’y-harakat mamnuniyat bilan qabul qilinadi, – dedi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Falastinlik qochqinlarga yordam va ishlar agentligi (UNRWA) xodimi Juletta Touma “Al Jazeera” muxbiri bilan suhbatda. – G‘azodagi Falastin fuqarolari ehtiyojini qondirish uchun kuniga kamida 500 ta yuk mashinasi zarur. Urushdan oldin G‘azoga aynan shuncha yuk mashinasi qatnagan. Fevral oyida anklavga kuniga o‘rtacha 90 ta yuk mashinasi kirdi. G‘azodagi bozorlar yopilgani sababli, anklavning jami aholisi yordamga muhtojligicha qolmoqda. Hududga ko‘proq gumanitar yordam kelishi kerak. Isroil yuk mashinalarining anklavga muammosiz kirishini ta’minlash chorasini ko‘rish zarur.
Uning aytishicha, AQSH tomonidan G‘azo inqirozini yumshatish uchun eng samarali yordam yo‘li Isroil – G‘azo o‘rtasidagi yagona ochiq manzil – Karim Abu Salim o‘tish joyi ish vaqtini oshirish uchun Isroil hukumatiga ko‘proq bosim o‘tkazishdir.
Isroil cheklovi tufayli Misrdan ko‘mak tarzida ortilgan yuzlab yuk mashinalari harakatlanishni kutib turibdi.
Xalqaro qochoqlar gumanitar guruhining payshanba kungi hisobotida Isroil G‘azo sektorida “gumanitar yordamga to‘sqinlik qilgani va ocharchilikka yaqin sharoit yaratgani” qayd etilgan. G‘azodagi vaziyat “apokaliptik” deya baholangan.
Kampaniyachilar aytishicha, yordam ko‘rsatish uchun vaqtni behuda sarf qilmaslik kerak, chunki falastinliklarning ko‘pchiligi ocharchilik tufayli ancha holdan toygan.
–Dengiz porti qurish uchun qancha vaqt ketadi? Odamlar hozir ochlikdan o‘lmoqda, – dedi “Ground Truth Solutions” xalqaro nodavlat tashkiloti bosh direktori Meg Sattler.
G‘azoda ham islomiy muqaddas Ramazon oyi boshlandi
Falastinliklar dushanba kuni musulmonlarning muqaddas Ramazon oyi uchun ro‘za tutishni boshladilar. Buzilgan binolar vayronasi oldida namoz o‘qildi.
Binobarin, o‘ttiz mingdan ko‘p falastinlikning o‘limiga sabab bo‘lgan va G‘azoning aksar qismini vayronaga aylantirgan ziddiyatdan so‘ng bayram qilish uchun hech nima qolmagan.
Yakshanba kuni janubiy Rafoh shahrida oziq-ovqat sotib olayotgan Saboh Al-Hindiy shunday deydi: Bu yerlarda ko‘zlarida quvonchi bor odamni uchratmaysiz, har bir oila qayg‘uli. Har bir oilaning shahidi bor.
Qo‘shma Shtatlar, Qatar va Misr garovga olingan o‘nlab isroillik va falastinlik asirlar ozod etilishi, katta miqdordagi insonparvarlik yordami kiritilishi, quvonchli bayram oldidan o‘t ochish to‘xtatilishidan umidvor edi. Afsuski, muzokara natija bermadi.
XAMAS kelishuv uchun kafolat talab qilmoqda. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa bu talabni rad etib, “jangari guruhga ustidan “to‘liq g‘alaba” va G‘azoda garovga olinganlarning hammasi ozod etilmaguncha hujumni davom ettirish va’dasini berdi.
Shuningdek, “XAMASning to‘rtinchi raqamli yetakchisi” yo‘q qilingani va harbiy harakat yana davom etishini qo‘shimcha qildi.
Netanyaxu yanvar oyida Bayrutdagi portlashda halok bo‘lgan XAMAS siyosiy rahbari o‘rinbosari va guruhning harbiy qanoti yetakchisi Solih Aruriy o‘ldirilishini nazarda tutgandir, ehtimol. O‘shanda portlash ortida Isroil turgani keng tarqalgan edi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroil va XAMASga otashkesinni to‘xtatish, barcha garovga olinganlarni ozod qilish orqali Ramazon ruhini hurmat qilishga chaqirdi.
Isroil zarbasiga javoban, Livan tomonidan raketa uchirildi
Isroil rasmiylari Livandan otilgan raketalar birinchi navbatda ochiq joylarga tushganini bildirgan. Vayronagarchilik va qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.
Kecha Isroil armiyasi chegaradan 70 km shimolda joylashgan Balbek shahri va shu atrofga zarba bergani ma’lum qilindi.
Mahalliy aholi aytishicha, to‘rt inson halok bo‘lgan, olti kishi jarohatlangan.
Isroil harbiylari hujum Hizbullohning havo bo‘linmasiga qaratilganini ta’kidlamoqda.
Xayriya kemasi Kiprdan G‘azoga jo‘nadi
Oziq-ovqat ortilgan “Open Arms” xayriya kemasi Kiprdan G‘azoga yo‘l oldi. Missiya ochlikdan azob chekayotgan aholiga yordam berish uchun dengiz yo‘lini ochishga qaratilgan loyihaning bir qismi bo‘lib, AQSHning “World Central Kitchen (WCK)” notijorat tashkiloti tomonidan BAA moliyaviy ko‘magi asosida uyushtirilmoqda.
– Bir necha haftalik tayyorgarlikdan so‘ng Kiprdagi jamoamiz juda zarur yordamni yetkazadigan kemaga qariyb 200 tonna yuk ortdi, – dedi seshanba kuni WCK o‘z bayonotida.
Kemaga guruch, un, loviya, go‘sht konservasi kabi mahsulotlar ortilgan.
O‘tkir ALIMOV, O‘zA
- Qo'shildi: 13.03.2024
- Ko'rishlar: 1803
- Chop etish