O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan ushbu rezolyutsiyaga 80 dan ortiq a’zo mamlakat hammualliflik qildi.
26 fevral kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan «2027 yil - Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili» rezolyutsiyasi bir ovozdan ma’qullandi.
O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan ushbu rezolyutsiyaga 80 dan ortiq a’zo mamlakat hammualliflik qildi.
Qayd qilinishicha, hujjat matnini muvofiqlashtirish bo‘yicha maslahatlashuvlarda Rossiya, Xitoy, AQSh, Turkiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi, Yaponiya, Janubiy Koreya, Misr, Braziliya, Argentina kabi davlatlarning ekspertlari ishtirok etgan.
Hujjatning bosh maqsadi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil oktyabrida Samarqandda bo‘lib o‘tgan BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida turizm sohasining yangi muammolar va zamonaviy xatarlar oldida barqarorligi va moslashuvchanligi borasida bildirilgan fikrlariga asoslangan.
O‘zbekiston rahbari tomonidan turizmning turli sivilizatsiyalar boy madaniy merosini asrashda, tinchlik va bag‘rikenglikni mustahkamlashda, xalqlarning qadriyatlarini hurmat qilishda muhim o‘rin tutishi to‘g‘risida bayon etilgan tamoyillar ushbu rezolyutsiyada mustahkamlangan.
Hujjatda ekologiya, bioxilma-xillikni asrash va atmosferaning ifloslanishini kamaytirish yo‘lida «yashil» turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Rezolyutsiya 2027 yilni «Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili» deb e’lon qilishni taklif etadi hamda BMTning Jahon sayyohlik tashkilotini hukumatlar, BMT tizimidagi tuzilmalar, mintaqaviy tashkilotlar bilan birgalikda yilni muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun kompleks choralar ko‘rishga chaqiradi.
Rezolyutsiyada barqaror turizmni, jumladan, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, iqtisodiy o‘sish, to‘liq bandlikni ta’minlash, qishloq hududlarini rivojlantirish va qishloq aholisining yashash sharoitlarini yaxshilashga xizmat qiluvchi ekoturizmni rivojlantirish muhimligi ta’kidlanadi.
Rezolyutsiya barcha manfaatdor tomonlarga barqaror va yashovchan turizmni kambag‘allikni bartaraf etish, ayollar, yoshlar, keksalar va nogironlarning ishtirokini rag‘batlantirish, iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish hamda munosib ish joylari va daromad manbalarini yaratishning muhim vositasi sifatida faol ilgari surishni tavsiya etadi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 28.02.2024
- Ko'rishlar: 2070
- Chop etish