BMT Narkotiklarni nazorat qilish xalqaro kengashi kotibi (Avstriya) Mark Kolxon hamda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi direktor o‘rinbosari (Avstriya) Jan Lyuk Lemaye O‘zbekistonning 2024-2028-yillarga mo‘ljallangan Narkotiklarga qarshi milliy strategiyasi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishdi.
Ma’lumki, 6-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish orqali ularning aholi salomatligi va mamlakat genofondiga salbiy ta’sirini bartaraf etish strategik chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Farmon bilan giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2024 — 2028-yillarga mo‘ljallangan milliy strategiya qabul qilindi. Strategiyada ichki ishlar organlarini narkotesterlarbilan ta’minlash, jinoyatlarni aniqlashda dronlardan foydalanish, mutaxassislar tayyorlash hajmini 5 baravarga oshirish va boshqalar maqsad qilingan.
Shu kunlarda mazkur strategiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillari tomonidan e’tirof etilmoqda. Jumladan, BMT Narkotiklarni nazorat qilish xalqaro kengashi kotibi Mark Kolxon ushbu strategiya giyohvandlikka qarshi kurash sohasida «muhim qadam» deb atadi.
"Narkotiklarga qarshi kurash xalqaro kengashi O‘zbekistonning 2024-2028-yillar uchun qabul qilingan Narkotiklarga qarshi milliy strategiyasini giyohvandlikka qarshi kurash sohasida milliy, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tashabbuslarni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim qadam, deb hisoblaydi", — dedi Mark Kolxon.
Shuningdek, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi direktor o‘rinbosari Jan Lyuk Lemaye ham strategiyaning ahamiyati borasida so‘z yuritib, xalqaro miqyosda giyohvandlik bilan bog‘liq muammolarni hal etishga imkon berishini ta’kidladi.
"O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2024 – 2028-yillarga mo‘ljallangan milliy strategiyasi nafaqat, milliy, balki mintaqaviy va xalqaro miqyosda giyohvandlik bilan bog‘liq muammolarning hal etilishiga imkon beradigan dolzarb hujjatdir", — dedi Jan Lyuk Lemaye.
Umidjon Qurbonov, O‘zA
- Qo'shildi: 13.05.2024
- Ko'rishlar: 1564
- Chop etish