Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Turkiyaning ko‘plab ilmiy muassasalari, ta’lim dargohlari bilan yaqindan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan bo‘lib, bir necha yildan buyon Turkiyada O‘zbek tili va madaniyati markazini tashkil etishni rejalashtirib kelayotgan edi.
Mazkur masala Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ham ilgari surilgan edi. Jumladan, davlatimiz rahbarining 2019 yil 21 oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, 2024 yil 12 yanvardagi “Xorijiy davlatlarda O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishni keng targ‘ib qilish orqali turistlar oqimini ko‘paytirish hamda mamlakatimiz nufuzini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida aniq vazifalar belgilab berilgan.
Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash, milliy tilimiz va adabiyotimizni xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish, O‘zbekiston tarixi, madaniyati, adabiyoti va tiliga qiziquvchi xorijlik tadqiqotchilar, ko‘ngillilar uchun imkoniyat yaratish maqsadida xorijiy davlatlarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashabbusi bilan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va madaniyati markazlari tashkil etilmoqda. Shu kungacha Xitoy, Rossiya, Hindiston Qirg‘iziston singari davlatlarda ana shunday markazlar ochilib, faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
2024 yilning 8 fevral kuni Turkiyaning qadimiy Bursa shahridagi Uludag‘ universitetida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va madaniyati markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov ushbu tadbir ishtirokchilarini tarixiy voqea bilan qutlab, mazkur markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an tashabbusi bilan ochilayotganini qayd etdi. U shuningdek, yaqin orada O‘zbekistonda ham Turkiyaning Yunus Emro fondi vakolatxonasi ochilishi kutilayotganini ham ma’lum qildi.
Bu markaz qadimiy va zamonaviy turkiy tillar, turkiy xalqlar adabiyoti bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boruvchi yosh olimlar, tarixchilar, etnograflar uchun kerakli zaruriy manbalar bilan ta’minlanadi. Qolaversa, markaz ikki universitet o‘rtasida o‘qituvchilar va talabalarning o‘zaro tajriba almashinuvi uchun ham xizmat qiladi.
Shuningdek, bu yerda turk qardoshlarimiz, Turkiya yoshlari O‘zbekiston haqida, uning tarixi, buguni va ertasi xususida keng ma’lumot olishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratiladi.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan ushbu markazga 200 dan ortiq ilmiy, badiiy va ommabop kitoblar, o‘zbek milliy amaliy san’at buyumlari, cholg‘u asboblari sovg‘a qilindi.
Mazkur markazda bundan buyon muntazam ravishda O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tishi, o‘zbek olimlari va shoirlari, yozuvchilari, san’at vakillarining uchrashuvlari o‘tkazilishi, shuningdek, Yangi O‘zbekistonning buguni va istiqboli haqida turli ma’ruzalar tashkil etilishiga kelishib olindi.
Markaz ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniyatlarni yaqinlashtirish, ta’lim muassasalarining o‘zaro tajriba almashishida ham muhim o‘rin tutishi har ikki mamlakat vakillari tomonidan ta’kidlanib, bunday ezgu tashabbuslar ma’qullandi.
N.Usmonova, O‘zA
- Qo'shildi: 09.02.2024
- Ko'rishlar: 2141
- Chop etish