Joriy yil 22-23-fevral kunlari Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi R.Alimov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi delegatsiyasi Vena shahri (Avstriya)da bo‘lib o‘tgan YEXHT Parlament assambleyasining qishgi sessiyasida ishtirok etdi.
Tadbirda YEXHTning 52 ta ishtirokchi davlatidan 330 dan ortiq parlament aʼzolari va hamkorlik bo‘yicha sheriklar ishtirok etdi. Sessiya doirasida assambleyalarning uchta Doimiy qo‘mitasining majlisi hamda “Yevropa xavsizligi bugun va ertaga: YEXHT kelajagi bo‘yicha parlament qarashlari” mavzusida yalpi sessiya bo‘lib o‘tdi.
Qishki sessiyada O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolarining maʼruzalari tinglandi, ular xorijiy parlamentariylar va YEXHT tuzilmalari vakillariga YEXHT saylov standartlarini O‘zbekiston qonunchilik amaliyotiga joriy etish, shuningdek mamlakatimizdagi iqtisodiy o‘sishning yashil omili to‘g‘risida maʼlumot berdi.
Bundan tashqari, Oliy Majlis vakillari YEXHT PA Terrorizmga qarshi kurash maxsus qo‘mitasining navbatdagi majlisida ishtirok etdi. Unda terrorizm va ekstremizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish, ushbu chaqiriq va tahdidlardan jabrlanganlarni reabilitatsiya qilish borasida atroflicha fikr va tajriba almashildi.
O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi davomida YEXHT PA maxsus vakillari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi. Ularda mamlakatimizning YEXHT doirasidagi o‘zaro hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Institut vakillari O‘zbekistondagi islohotlarni yuqori baholab, ularni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI SENATI
- Qo'shildi: 27.02.2024
- Ko'rishlar: 1905
- Chop etish