Buyuk Britaniya o‘quv muassasalarida tartib-intizomni kuchaytirish maqsadida endi mobil telefonlardan foydalanish to‘liq taqiqlanadi, xususan o‘quvchilarning ryukzaklarida tintuv o‘tkazishga ruxsat etiladi. Bu haqida Times nashri xabar beradi.
Gazeta tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Angliya maktablarida tartibsizliklarni kamaytirish va sinfda intizomni yaxshilash maqsadida direktorlar uyali aloqa vositalarini taqiqlash to‘g‘risidagi yo‘riqnomani qo‘llaydi. Qoidani buzgan o‘quvchilar darsdan so‘ng olib qolinadi, ularning mobil telefoni esa direktor zarur deb topgan taqdirda, ma’lum muddatga olib qo‘yiladi.
Qayd etilishicha, o‘qituvchilar o‘quvchilarning ryukzak va sumkalarini tekshirishlari mumkin hamda ota-onalarning musodara qilingan mobil telefonlar yo‘qolishi yoki shikastlanishi bo‘yicha bildiriladigan da’volaridan yuridik himoyaga ega bo‘ladi. Yo‘riqnomaga ko‘ra, bu qoidalarga amal qilishning to‘rtta yondashuvi taklif qilinadi. Birinchisi – gadjetlarni uyda qoldirib kelish. Ikkinchi va uchinchisi telefonlarni o‘quv muassasa xodimlariga topshirish yoki maxsus shkafchalarda qoldirish. To‘rtinchisi – hech kim “sezmaslik” sharti bilan telefon o‘quvchida turishi mumkin.
Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA
- Qo'shildi: 20.02.2024
- Ko'rishlar: 1868
- Chop etish